Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kimning oti zo‘r, kimning oshi zo‘r – Shahrisabzda turizm bo‘yicha xalqaro tadbir o‘tkazildi

Kimning oti zo‘r, kimning oshi zo‘r – Shahrisabzda turizm bo‘yicha xalqaro tadbir o‘tkazildi

Shu kunlarda Qashqadaryoda «Shahrisabz – Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizmi poytaxti» xalqaro tadbiri bo‘lib o‘tmoqda. Aslini olganda, yurtimizda bunaqa festivallar o‘tkazilishi yangilik bo‘lmay qolgan. Endi turli tadbirlar bilan birga soha ham rivojlanib borar ekan, bu ayniqsa ikki hissa yoqimli bo‘ladi.



Turizm esa baxtimizga ancha rivojlanyapti. Masalan, o‘tgan 2023 yilda O‘zbekistonga 7 milliondan oshiq sayyoh tashrif buyuribdi, sohadan tushayotgan pul esa ba’zi tabiiy qazilma boyliklari keltirayotgan daromaddan ko‘proqni tashkil qilgan.

Rosti, o‘n yillar oldin shunaqa natijaga erishish mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmagan edik. Paxta ekib zarar ko‘rib yurguncha, mehmon kutib pul ishlasak bo‘lmasmidi? Mayli, hechdan ko‘ra kech deydilar, festival masalasiga qaytsak.

Har qanday tadbirning o‘ziga hos jihatlari bo‘ladi. Shahrisabzda bunday misollardan bir emas, bir nechta ko‘rdik.

Gastronomik turizm
Avvalo gastronomiya yo‘nalishini olaylik. Tadbir davomida «Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti»ga a’zo davlatlardan kelgan mohir oshpazlarning taomlarini tatib ko‘rdik. Ular orasida Pokiston taomlari biz uchun ancha noodatiy bo‘lganini ta’kidlash lozim, o‘ta achchiq. Naq zahar deysiz. Ammo ozgina tanovul qilgandan keyin o‘ziga tortishni boshlaydi, yegan sari yegingiz keladi.



Yon qo‘shnilarimiz pishirgan taomlarga esa ko‘nikmamiz bor – beshbarmoq, qatlama, qurtova va albattaki palov. Shu o‘rinda aziz yurtdoshlarimizga yoqmaydigan bir gapni aytib ketsam – shaxsan menga o‘zimizning oshdan ko‘ra tojik qardoshlar tayyorlagani ko‘proq yoqdi. Yaxshi bilamiz, bizda har bir viloyatning o‘z oshi bor, azbaroyi toshbo‘ron qilib yubormasliklari uchun tojik palovi qaysi oshimizdan ustun kelganini aytmayman.

Ammo qo‘shnilarimiz tayyorlagan taomga haqiqatan mazza qildim. Albatta did va maza borasida bahs qilinmaydi, maslahatim – Tojikiston tomonlarga o‘tib qolsangiz, albatta palovidan ham tatib ko‘ring. O‘shanda balki fikrimga qo‘shilarsiz, balki yo‘q.

Etnosport
Haftalik davomida meni qoyil qoldirgan yana bir tanlov esa etnosport sohasida bo‘ldi. Polvonlar kurash tushdi, tosh ko‘tarishdi, ot ustida bellashishdi. Bir otlarimiz bor ekan, ko‘rsangiz havasingiz keladi...

Eng yoqqani esa baribir kamondan o‘q uzish bo‘ldi. Aniqrog‘i, Eron, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan kelgan professional sportchilar mehmonlarga kamondan o‘q uzishda dars berishgani rosa qiziqarli chiqdi.

Men ham uzoq ajdodlarimizdan qolgan genetik ko‘nikmani eslashga va imkon qadar aniqroq otishga harakat qilib ko‘rdim. Yomon chiqmadi shekilli, juda ham nishonni aniq ko‘zlamagan bo‘lsamda, menga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turgan kamonchidan maqtov eshitdim.

Keyin bilsam, o‘sha yo‘riqchi boshqalardan ham maqtovini ayamagan ekan. Ha, mayli...


Umuman olganda, haftalik yaxshi o‘tdi, menga yoqdi. Liboslar ko‘rgazmasi deysizmi, kuy-qo‘shiqlar, hammasi ajoyib. Istardimki, O‘zbekistonda tashkil qilinayotgan har qanday tadbir yakunda turizm sohasida bo‘lgani singari samara va natija keltira olsin.

Zafar QOSIMOV, Shahrisabz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring