Bankka ishga kirmoqchi bo‘lgan nomzodlar o‘rganilmoqda
«Mikrokreditbank» ATB komplayens nazorati xodimlari tomonidan 2024 yilda bankka ishga kirmoqchi bo‘lgan 1200 nafarga yaqin nomzod o‘rganilib, 225 ta holatda manfaatlar to‘qnashuvi vujudga kelish xavfi borligi va boshqa sabablarga ko‘ra rad javobi berilgan.
Shuningdek, bankka yangi ishga qabul qilingan 564 nafar xodimga maxsus qo‘llanma asosida korrupsiyaning oldini olish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning huquqiy oqibatlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilgan.
Bu haqda bank Axborot xizmati rahbari Sarvar Ochilov ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2024 yilda bank tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini joriy etish maqsadida ISO 37001:2016 «Korrupsiyaga qarshi kurashni boshqarish tizimi — talablar va qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar» xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 iyundagi «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi Qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida, bank Boshqaruvi tomonidan chora-tadbir ishlab chiqildi va vazifalar amalga oshirildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish doirasida barcha viloyat hududiy boshqarmalarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda «Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish» va «Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi» mavzularida o‘quv seminarlari o‘tkazildi.
Bundan tashqari, muntazam ravishda bankning Bosh ofisi va barcha tarkibiy bo‘linmalarning xodimlari ishtirokida, komplayens nazorati xodimlari tomonidan offlayn va onlayn shaklda «Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari», O‘zbekiston Respublikasining «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi va O‘zbekiston Respublikasi «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunlarining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida davra suhbatlari va o‘quv seminarlari tashkil qilinmoqda.
Shuningdek, xodimlarda manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini shakillantirish uchun bankning onlayn MKB TRAINING ACADEMY o‘quv platformasida «Korrupsioner kim?» va «Manfaatlar to‘qnashuvi» to‘g‘risida o‘quv kursi joylashtirildi.
Bundan tashqari, bank tomonidan ISO 37001:2016 Xalqaro standarti asosida «Pora olish-berish bilan kurashish menejmenti tizimlari» mavzusida tayyorlangan va 2000 nusxada chop etilgan o‘quv qo‘llanma hamda manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish mavzusida 3600 nusxada chop etilgan buklet bankning barcha hududiy boshqarmalariga yetkazildi.
Xodimlarning huquqiy ongini oshirish hamda bilim darajasini xalqaro tajribaga moslashtirish maqsadida 16 nafar bank xodimi xalqaro ISO 37301:2021 menejment tizimi bo‘yicha malaka oshirdi va sertifikatga ega bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter