O‘zbekiston Turkiyadan harbiy dronlar sotib oladi – OAV
Turkiyaning harbiy sanoat yangiliklariga ixtisoslashgan SavunmaSanayiST nashri O‘zbekiston Turkiya davlat aerokosmik kompaniyasi (TUSAŞ) tomonidan ishlab chiqariladigan bir dvigatelli ANKA SIHA uchuvchisiz uchish apparati (dron)ga xaridor bo‘layotganini ma’lum qildi.
Nashrga ko‘ra, harbiy dronlarni O‘zbekistonga yetkazib berish tez orada boshlanishi kutilmoqda.
«Turkiya harbiy uchuvchisiz havo vositalari sohasida bozor yetakchisiga aylanishda davom etmoqda. Turkiya davlat aerokosmik kompaniyasi nihoyat, O‘zbekiston bilan ANKA SIHA droni eksporti bo‘yicha shartnoma imzoladi. Shartnoma bo‘yicha yetkazib berishni yaqin vaqt ichida boshlash rejalashtirilgan.
Shunday qilib, kompaniya hozirgacha ANKA’ni 7 davlatga, AKSUNGUR SİHA dronini esa 4 davlatga eksport qildi. ANKA harbiy droni xaridorlari orasida, jumladan, Jazoir, Qozog‘iston, Tunis, Malayziya, Indoneziya va Chad davlatlari uchraydi», – deb yozadi nashr.
Bir dvigatelli ANKA SIHA havoda 30 soatgacha qolishi mumkin va 350 kilogramm yuk ko‘tarish quvvatiga ega. Ushbu dron turbodizel aviatsiya dvigatellari bilan jihozlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter