O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasida Anqara deklaratsiyasi imzolandi
Turkiyaning Anqara shahrida O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjonning tashqi ishlar, savdo, iqtisodiyot va transportga mas’ul vazirlarining 2-uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv doirasida vazirlar Turkiya prezidenti Rejep Toyyib Erdo‘g‘on qabulida ham bo‘lishgan.
Qabulda O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiya rahbariga Prezident Shavkat Mirziyoyevning salomi va maktubini yetkazgan.
«Mas’ul vazirlar bilan birgalikda 2-uch tomonlama uchrashuvni muvaffaqiyatli o‘tkazdik. Samarali diplomatiya, dinamik sarmoyaviy hamkorlik, savdo hajmini oshirish va aloqalarni kengaytirish orqali uch qardosh xalqlar nafaqat o‘zlari, balki vakillik qilayotgan mintaqalar uchun ham foyda keltiradi», – deb yozadi O‘zbekiston TIV rahbari B.Saidov.
Ta’kidlanishicha, muhokamalarda dolzarb masalalarni hal etish va mamlakatlar uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish bilan birga turli to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha ham aniq qadamlar belgilab olingan. Uchrashuvning asosiy natijasi esa xalqlarning barqaror rivojlanishi uchun do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lgan Anqara deklaratsiyasining imzolanishi bo‘ldi.
Ushbu deklaratsiyaning imzolanishi Ozarbayjon matbuotida «o‘zaro ishonch va hurmat tamoyiliga asoslangan yaqin strategik sheriklik va hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida keyingi qadamlar» deya e’tirof etildi.
Deklaratsiyada, jumladan, Turkiya, Ozarbayjon va O‘zbekistonning tranzit salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadigan O‘rta koridor masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Turkiya, Ozarbayjon va O‘zbekistonning «katta tranzit salohiyati»ni ochib berish nuqtai nazaridan muhim bo‘lgan TRASEKA (Yevropa-Kavkaz-Osiyo transport koridori) dasturi doirasida hamkorlikni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.
Anqara deklaratsiyasida uch davlatning umumiy manfaatlar va ustuvorliklarga muvofiq mintaqaviy va xalqaro darajadagi hamkorligini yanada mustahkamlash, shuningdek, ushbu uch davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga zarar yetkazish bo‘yicha urinishlarning oldini olish bo‘yicha qo‘shma choralar ko‘rish qat’iyatini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
O‘rta koridor salohiyati va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladigan yangi loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan Boku-Tbilisi-Kars temir yo‘li va Boku xalqaro dengiz savdo porti kabi loyihalarni yanada rivojlantirish har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi.
Transport sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish, mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash va transport tizimlari barqarorligini ta’minlashga qaratilgan Harakatlar dasturi qabul qilinganidan mamnunlik bildirildi.
Anqara deklaratsiyasida Ozarbayjonning Qorabog‘ va Sharqiy Zangezur iqtisodiy rayonlarini qayta tiklashga alohida e’tibor berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter