Atrof-muhitni baholashda shaffoflik va oshkoralikni ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida «Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi.
Dolzarbligi
So‘nggi yillarda respublikada barcha tarmoqlardagi keng ko‘lamli modernizatsiya jarayonlari, shuningdek, kun sayin ortib borayotgan sanoat korxonalari atrof-muhitga sezilarli darajada ta’sir etmoqda. Ekologik ekspertiza faoliyati atrof-muhit muhofazasining eng muhim tadbiri hisoblanib, bunda faoliyat samaradorligi ob’yektlarga berilayotgan davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining sifati, shaffofligi va natijadorligiga uzviy bog‘liqdir.
Ekologik ekspertiza o‘tkazishning huquqiy asosi 2000 yilda qabul qilingan «Ekologik ekspertiza to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tartibga solinadi. Amaldagi Qonunda asosiy tushunchalarga huquqiy ta’rif berilmaganligi, xalqaro talablar mavjud emasligi, ekologik ekspertiza jarayonlarida ishtirok etuvchilarning huquq va majburiyatlari aniq ko‘rsatilmaganligi soha samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ahamiyati
Sohada shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashmaqsadida AQSh, Yaponiya, Singapur, Turkiya, Rossiya, Gruziya va Belarus Respublikasining ekologik ekspertiza tizimlari o‘rganib chiqildi. Shuningdek, Jahon banki, BMT, YeIK, YXHT, xususiy sektorning ekspert-konsultantlari tavsiyalari, shuningdek, Strategik ekologik baholash bayonnomasi, Orxus va Espo konvensiyalari talablari asosida «Ekologik ekspertiza to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali yangi tahrirda ishlab chiqildi.
Yangi tahrirdagi Qonunda quyidagilar o‘z aksini topmoqda:
1. «Elektron hukumat» prinsiplariga asosan atrof-muhitga ta’sirni baholash bo‘yicha yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining huquqiy asoslari belgilab berilmoqda. Ushbu mexanizm tadbirkorlik sub’yektlari uchun ekologik ekspertizaga oid materiallarni onlayn tarzda taqdim etish va ekologik ekspertizasi xulosalarini olish imkoniyatini beradi.
2. Yangi tahrirdagi Qonun xalqaro amaliyotdan kelib chiqqan holda strategik ekologik baholash institutini amalda joriy etishning huquqiy normalari bilan to‘ldirilmoqda. Bu o‘z navbatida bugungi kunga qadar ekologik ekspertizasi ob’yekti sifatida ro‘yobga chiqarilmagan davlat dasturlari, konsepsiyalari, shaharsozlik hujjatlari kabi strategik hujjatlarini ekologik baholash orqali faoliyatning ekologik oqibatlarini oldindan aniqlash, baholash va oldini olish imkoniyatini yaratadi.
3. Davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining xolisligi va asoslanganligini ta’minlash, ekspertiza bo‘linmalariga kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish, shuningdek, ekspertizani o‘tkazish bilan bog‘liq muammoli va bahsli masalalarni hal etish uchun doimiy faoliyat yurituvchi Ekspertlar kengashi tashkil etilmoqda.
Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishga ekspert va mutaxassislarni jalb etish o‘rniga ushbu masalalarni Kollegial ravishda ko‘rib chiqish va hal etish imkoniyatlarini yaratadi hamda ekologik ekspertiza xulosalarining shaffofligini ta’minlaydi.
4. Ekologik ekspertiza ob’yektlari atrof muhitga ta’sir darajasi bo‘yicha uchta toifaga ajratilishi natijasida atrof muhitga lokal ta’sir ko‘rsatuvchi to‘rtinchi toifa ob’yektlari ro‘yxatdan chiqarilmoqda. Bu esa minglab kichik tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga noqulayliklarni, byurokratik to‘siqlarni kamaytiradi, vaqt va xarajatlarni qisqartiradi.
5. Ekologik ekspertizadan o‘tkazish muddatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda, bu esa o‘z navbatida tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati uchun qulayliklar yaratadi.
6. Loyiha ishlab chiquvchi tashkilotlarga nisbatan malaka sertifikatini joriy etish va tashkilotlarning reytingini shakllantirishning huquqiy asoslari belgilanmoqda.
Bu o‘z navbatida sifatsiz, ekologik normalarga zid bo‘lgan hujjatlarni tayyorlashning oldini oladi va tadbirkorlik sub’yektlarining ortiqcha vaqtini hamda moliyaviy xarajatlarining kamayishiga, loyiha ishlab chiquvchi tashkilotlarning mas’uliyatini va javobgarligini oshirishga xizmat qiladi.
7. Atrof-muhitga ta’sirni baholash jarayonlariga jamoatchilikni keng jalb etish, xususan, jamoatchilik ekologik ekspertizasi hamda jamoatchilik eshituvini o‘tkazish tartiblarini belgilash bo‘yicha alohida normalar kiritilmoqda.
Qonun fuqarolarning qulay atrof-muhitga hamda uning holati to‘g‘risida ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqlarini ta’minlab, shaharsozlik hujjatlari loyihalarini jamoatchilik muhohamasidan o‘tkazishning huquqiy asoslarini yaratadi. Shuningdek, davlat ekologik ekspertizasi instituti ishtirokchilarining, xususan, ekolog-ekspertlarning mas’uliyatini oshirishga hamda davlat ekologik ekspertizaga taqdim etilayotgan atrof-muhitga ta’sirni baholash hujjatlari va ekologik normativlar loyihalari sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter