O‘zbekistonda sement zavodlariga qanday ekologik talablar qo‘yiladi?

Vazirlar Mahkamasining «Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorida O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan har qanday sanoat korxonasi, xususan, sement zavodlari davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olish lozimligi alohida belgilab qo‘yilgan.
Sement zavodlari uchun bir qancha talablar mavjud. Xususan, aholiga yaqin hududlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va o‘rmon xo‘jaligi hududlari hamda ularga yaqin joylarda sement zavodlari qurish taqiqlanadi. Bunda zavodlar aholi turar joylaridan kamida 500 metr masofa uzoqlikda bo‘lishi lozim.
Shuningdek, unumliligi 99,5 foizdan kam bo‘lmagan zamonaviy filtrli chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatish talab qilinadi.
Zavod aholi turar joy binolariga yaqin joylashgan hollarda hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlaridan sanitariya-me’yoriy hujjatlarida belgilangan tartiblarga binoan ruxsatnomalar olish kerak bo‘ladi.
Shuningdek, ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasini olish uchun I toifaga kiruvchi xo‘jalik sub’yektlarida atmosfera havosiga ustuvor turg‘un (tashkillashtirilgan) ifloslantiruvchi manbalardan chiqadigan tashlanmalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalari o‘rnatilishi talab qilinadi. Qolaversa, respublikada faoliyat yurituvchi barcha sement ishlab chiqarish tashkilotlarining atmosfera havosini ifloslantirish manbalarida namunalarni olish va tahlil qilish bo‘yicha avtomatik stansiyalar, shuningdek, ularga tutash hududlarda statsionar kuzatish punktlari (postlar) o‘rnatilishi kerak.
Shu bilan birga, sement zavodlari hududida atmosfera havosiga ko‘tariladigan changlarni bostirish maqsadida suv sepish tizimini uzluksiz olib borish, mazkur ob’yekt atrof-muhitni, yer usti va yer osti suvlarini neft mahsulotlari va chiqindilar bilan ifloslantirmasligi lozim.
Bundan tashqari, sement zavodlari hududida daraxtlar ekilishi, hududning kamida 25 foizi ko‘kalamzorlashtirilishi talab qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2025 yil 30 yanvardagi 16-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturiga muvofiq, joriy yilning 1 mayidan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida sement ishlab chiqarishni tashkil etish taqiqlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter