Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Egasining jasadi oldidan keta olmayotgan it...

Egasining jasadi oldidan keta olmayotgan it...

Ijtimoiy tarmoqlarda bir foto tarqaldi va uning ostiga shunday izoh qoldirildi: «Buchadan (Ukraina) fojiali fotosurat. Vafodor it otib ketilgan egasini tark eta olmayapti...»

Bu it haqiqatda urush qurboni bo‘lgan shu insonnikimi, yo‘qmi biz aniq isbotlab bera olmaymiz. Buning uchun «Ukrainaga borib, vaziyatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib kelishimiz» kerak. Lekin u yerda urush bo‘layotgani, begunoh odamlar qurbon bo‘layotgani haqiqat. Ayrim shaharlarda jasadlar bir necha haftalab ko‘chalarda qolib ketayotgani yoki to‘g‘ri kelgan yerga, yo‘llar chetiga, ko‘pqavatli uylar oldilariga ko‘milayotganiyam haqiqat.

BMT tomonidan tasdiqlangan ma’lumotga ko‘ra, Ukrainada urush boshlanganidan buyon tinch aholi orasida 1430 kishi, jumladan 121 nafar bola halok bo‘lgan. 2097 nafari, xususan 178 nafar bola yaralangan.

«Haqiqiy yo‘qotishlar soni ancha yuqori» — deyiladi BMT ma’lumotida.

Ukrainaning Bucha shahridagi qirg‘in urushning haqiqiy yuzini, dahshatini ochib berdi.

Aslida yollanma qotillargacha jangga tashlangach, «tinch aholi vakillarini o‘ldirmaganmiz», deb aytishga zarracha haqlari qolmagandi ularning. Shunday bo‘lsa-da, «bu feyk, bu sahnalashtirilgan, haqiqiy ahvolni bilmaysizlar» deyotganlar uchun yangi faktlar taqdim etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Maxar sun’iy yo‘ldoshlari Bucha shahridagi jasadlarni 19 mart kunidayoq tasvirga tushirgan ekan. O‘sha tasvirlar rus harbiylari shaharni tashlab chiqib ketganidan so‘ng olingan va aprel boshida tarqatilgan dahshatli videolar bilan taqqoslangan. «Sahnalashtirilgan, qimirlagan» deyilgan jasadlar ikki haftacha ko‘chalarda yotgani ayon bo‘lmoqda xullas.

Urushda feyk axborotlar, yasama ma’lumotlar ko‘p tarqalishi tabiiy. Urushda to‘kis xolislik bo‘lmaydi, lekin asosiy sababchisi aniq — bir mustaqil mamlakatga bostirib kirgan, shaharlar kulini ko‘kka sovurgan, minglab begunohlarni qurbon qilgan, millionlab (!) oilalarning o‘z boshpanasini tashlab ketishiga, hayoti izdan chiqishiga sababchi bo‘lgan tomon. U tomonning qilmishini, harakatini, vajlarini eshitib  bo‘lmaydi. Uning qonli qo‘llaridan xolislik qidirib bo‘lmaydi. Ular boshlagan urushni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Tamom.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети