Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Temir o‘pka»li oxirgi odam 78 yoshida vafot etdi

«Temir o‘pka»li  oxirgi odam 78 yoshida vafot etdi

Foto: mir24.tv

70 yildan ortiq umrini «temir o‘pka»da o‘tkazgan amerikalik yozuvchi va huquqshunos Pol Aleksandr Dallasda vafot etdi. 78 yoshli erkakning o‘limi haqida The Independent gazetasi GoFundMe nashriga tayangan holda xabar berdi.

Pol Aleksandr 1952 yilda olti yoshida poliomiyelit bilan kasallangan. Kasallik tufayli u deyarli butunlay falaj bo‘lib, o‘z-o‘zidan nafas olish qobiliyatini yo‘qotdi. Shifokorlar bolaga traxeostomiya – bo‘yin qismida sun’iy teshik yaratish bo‘yicha jarrohlik operatsiyasi o‘tkazib, uni «temir o‘pka» deb nomlangan maxsus nafas olish apparatiga yotqizishdi. Bu qurilma odamning o‘pkasiga havo so‘rilishi va chiqishiga imkon bergan. 

Bolaligini eslab u bir intervyusida shunday deydi: «Men gapira olmadim. Men qichqira olmadim. Men yig‘lay olmadim. Men hech narsa qila olmadim».

Bola 18 oy kasalxonada yotdi. So‘ngra u fizioterapevt bilan reabilitatsiya bo‘limiga o‘tkazildi. Shifokor bolaga nafas olish texnikasini o‘zlashtirishga yordam berdi: u og‘ziga havo olib, uni o‘pkaga surish uchun til harakatlaridan foydalangan.

Bir yillik mashg‘ulotdan so‘ng, Aleksandr uch daqiqa temir qurilmadan tashqarida qolishni o‘rgandi va uch yil o‘tgach, glossofaringeal nafas olish qobiliyatini rivojlantirib, ketma-ket bir necha soat davomida «temir o‘pka»siz ishlay oldi. Bundan tashqari, vaqt o‘tishi bilan amerikalik gapirish qobiliyatini tikladi.

21 yoshida u Dallasdagi o‘rta maktabni hech qachon shaxsan qatnashmagan holda tamomlagan birinchi odam bo‘ldi. 1978-yilda Texas universitetida bakalavr darajasini oldi. U 1984-yilda huquqshunoslik fakultetida o‘qidi va o‘nlab yillar davomida shu kasbda ishladi. Bir necha yil davomida u ko‘pincha kunning ko‘p qismini temir o‘pkadan tashqarida o‘tkazdi, ammo kapsulani hech qachon butunlay tark eta olmadi.

«Texas universitetiga o‘tganimda, ular temir o‘pkam to‘xtab qoladi deb o‘ylab dahshatga tushishdi, lekin men buni uddaladim va yotoqxonaga olib keldim, yotoqxonada temir o‘pkam bilan yashadim», deydi u o‘zi haqidagi biografiyasida.

Kasalligiga qaramay, Aleksandr kasbida muvaffaqiyatlarga erishdi. O‘nlab yillar davomida u o‘z mijozlarining huquqlarini himoya qildi –  sudda advokat bo‘lish orzusini amalga oshirdi, uch qismli kostyum va falaj bo‘lgan tanasini tik ushlab turadigan moslashtirilgan nogironlar aravachasida mijozlarni himoya qildi.

Kasalxonada shifokorlar Polni o‘z-o‘zidan nafas olishga harakat qilishga undashdi, mashinani o‘chirib, uni majburan tashqariga chiqarishdi, lekin ko‘p vaqt o‘tmay, u ko‘karib, hushidan ketdi.

U holatiga qaramay samolyotda uchgan, mustaqil o‘zini eplagan, sevib qolgan, cherkovda ibodat qilgan, okeanni ko‘rgan.

U, shuningdek «It uchun uch daqiqa: temir o‘pkadagi hayotim» nomli shaxsiy xotirasini nashr etdi. 155 betlik memuar puxta ishlab chiqilgan va uni to‘ldirishga besh yil vaqt ketgan – Aleksandr har bir so‘zni og‘zidagi tayoqqa mahkamlangan qalam bilan yozgan.

Pol Aleksandrning 2015-yilda  temir o‘pkasida nosozlik boshlangan. Ya’ni apparat uchun maxsus qismlar topilishi muammoga aylangan. Lekin xayriyatki, YouTube videosi yordamida ventilyator tuzatildi.

Eng hayratlanarlisi u virusga juda zaif deb tasniflanganiga qaramay, Covid-19 pandemiyasidan o‘tib omon qoldi.

2020-yilda rejissyor Mitch Summersga bergan intervyusida Pol sharoitlariga qaramay, hech qachon o‘zidan voz kechmaganini aytdi: «Qayerda bo‘lishingizdan, o‘tmishingiz qanday bo‘lishidan yoki qanday qiyinchiliklarga duch kelishingizdan qat’i nazar, siz haqiqatan ham hamma narsani qila olasiz. Shunchaki, o‘z maqsadingizni aniqlab ko‘p mehnat qilishingiz kerak».

So‘nggi yillarda Aleksandr sog‘lig‘i yomonlashgani sababli kapsulada ko‘proq vaqt o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

2023-yilda Aleksandr bir nashrga bergan intervyusida barcha zamonaviy texnologiyalardan ko‘ra «eski yorqin nafas olish apparati»ni afzal ko‘rishini aytdi. U hayotini o‘tkazishga majbur bo‘lgan apparatni  mehr bilan o‘zining «eski lokomotivi» deb atadi.

2020-yilda Aleksandr temir o‘pkada eng uzoq umr ko‘rgan shaxs sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring