Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiyaning Ukrainadan keyingi nishoni ochiqlandi

Rossiyaning Ukrainadan keyingi nishoni ochiqlandi

Foto: AFP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin harb maydonida Ukrainani mag‘lub etgudek bo‘lsa, NATOga qarshi urush ochadi, deb hisoblaydi xavfsizlik bo‘yicha Myunxen xalqaro konferensiyasi rahbari Kristof Hoysgen.

«Putin bir necha bor Covet Ittifoqining parchalanishi va ruslar Rossiyadan chetda qolib ketganini XX asrning katta fojiasi deb atagan. Agar Putin Ukrainada mag‘lub etilmasa, u Moldovaga qadar yoki Boltiq mamlakatlariga qadar kelishini kutishimiz kerak», – deydi Kristof Hoysgen «Rheinische Post» gazetasiga bergan intervyusida.

Siyosatchiga ko‘ra, Putin sobiq SSSR chegaralaridagi katta davlatni tiklashga urinmoqda. Shunga muvofiq u G‘arb davlatlarini Ukrainaga kerakli qurol-aslaha va harbiy ko‘mak berish uchun barcha imkoniyatni ishga solishga undagan.

16-18 fevral kunlari Myunxenda o‘tadigan an’anaviy anjumanda ham Ukrainaga ko‘mak masalasi diqqat markazda bo‘ladi.

Keyingi vaqtlarda Rossiyaning NATOga ehtimoliy hujumi haqida ochiq bayonotlar yangramoqda.

Bir oycha avval Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius mamlakat Rossiya bilan harbiy mojaroga tayyorlanishi kerakligini aytgandi.

Germaniya federal razvedka xizmati rahbari Bruno Kal ham G‘arb davlatlari o‘z mudofaa qobiliyatini oshirish borasida qat’iyat ko‘rsatmasa, Moskva NATOga hujum qiladi deb hisoblaydi. Josuslik idorasi rahbari fikricha, rus qo‘shinining Ukrainadagi g‘alabasi Putinning NATO davlatlariga hamlasi ehtimolini oshiradi.

Avvalroq Amerikadagi Urushni tadqiq qilish instituti (ISW) Boltiqbo‘yi mamlakatlari Kremlning Ukrainadan keyingi nishoni bo‘ladi degan taxminni ilgari surgan.

Faraz va taxminlar amaliy harakatga ham undamoqda. Germaniya NATO va Rossiya o‘rtasidagi urush rejasini ishlab chiqmoqda. Berlin ssenariysiga ko‘ra, qurolli ziddiyat 2025 yilning yozida boshlanishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring