Toshkent ko‘chalarida tashkil etiladigan pulli avtoturargohlarning yangi egasi ma’lum qilindi
Kecha, 17-dekabr kuni E-auksion platformasida Toshkent shahri ko‘chalari bo‘ylab pulli avtoturargohlarni tashkil etish huquqi uchun takroriy savdo yakunlandi.
Auksionda 62,93 milliard so‘m (boshlang‘ich 57,2 mlrd so‘m) taklif qilgan «Streetpark Systems» kompaniyasi g‘olib deb topilgan.
Mazkur lot joriy yil 25 noyabr kuni ham savdoga qo‘yilgan va «Balcomuz» 120,15 mlrd so‘m taklifi bilan g‘olib chiqqan edi. Biroq ayni paytda E-auksion platformasida shartnoma tasdiqlanmagani sababli «mol-mulk sotilmagan»i ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrida avtotransport vositalarining pulli yo‘l chetida avtomobil to‘xtab turish joylarini tashkil etish bo‘yicha jami 262,8 ming kvadrat metr maydon (uzunligi 111,6 kilometr bo‘lgan 86 uchastka)ni ijaraga berish rejalashtirilgan.
Shuningdek, auksion g‘olibi ijara shartnomasi tuzilgan kundan boshlab ushbu ob’yektlarga 2 yil mobaynida 5 million AQSh dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda investitsiyalar kiritishi kerak.
Ma’lumot uchun, auksion shartlariga ko‘ra, g‘olib 5 ish kuni ichida operator xizmat haqiga yetarli mablag‘ni to‘lamagan yoki ijara shartnomasini imzolashni rad etgan taqdirda, auksionning salohiyatli g‘olibiga operator xizmat haqiga yetarli mablag‘ni to‘lash uchun 5 ish kunlik muddat beriladi. Ushbu muddat davomida salohiyatli g‘olib to‘lovni amalga oshirsa, auksion g‘olibi deb e’tirof etiladi va unga tegishli Nizomda belgilangan tartibda bayonnoma rasmiylashtiriladi. Salohiyatli g‘olib to‘lamaganda yohud mavjud bo‘lmaganda, lot takroriy auksion savdolariga chiqariladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter