Janubiy Koreyada yana bir samolyotda muammo chiqdi
Jeju Air aviakompaniyasining Boeing 737-800 samolyoti qo‘nish moslamasidagi muammo tufayli aeroportga qaytdi.
7C101 reysi Seuldagi Gimpo aeroportidan Jeju oroliga dushanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 6:37 da uchdi, deb xabar berdi Yonhap agentligi aviakompaniyaga tayanib.
Samolyot havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay, ekipaj qo‘nish moslamasi bilan bog‘liq muammolarni aniqladi va bir soatdan kamroq vaqt o‘tgach, samolyot Gimpoga qaytib qo‘ndi.
Samolyotda 161 yo‘lovchi bo‘lgan, hech kim jabrlanmagan.
Yakshanba kuni Jeju Air aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokatga uchragan va 179 kishi halok bo‘lganida ham uchala qo‘nish moslamasida nosozlik chiqqani aytilgandi.
Janubiy Koreya prezidenti vazifasini bajaruvchi Choy Sang Mok dushanba kuni mamlakatning butun aviakompaniya tizimini favqulodda xavfsizlik tekshiruvidan o‘tkazishni buyurdi.
Transport vazirligi Janubiy Koreya havo yo‘llarida foydalaniladigan barcha Boeing 737-800 samolyotlari ko‘rikdan o‘tkazilishini ma’lum qildi. Mamlakat havo tizimida jami 101 ta shunday samolyot bor, ulardan 39 tasi Jeju Air aviakompaniyasiga tegishli.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter