Isroil va «Hizbulloh» kelishuvga erishdi — Bayden
Livan va Isroil hukumatlari AQShning «halokatli mojaro»ga barham berish taklifiga rozi bo‘ldi. Bu haqda 26 noyabr kuni prezident Jo Bayden ma’lum qildi.
«Kelishuv 27 noyabr kuni ertalab soat 4:00 da kuchga kirdi va Livan qurolli kuchlari keyingi 60 kun ichida Livan janubini o‘z nazoratiga oladi. Bu vaqt ichida Isroil o‘zining qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqib ketadi», — dedi Bayden telemurojaatida.
AQSh, Fransiya va boshqa ittifoqchilar ushbu kelishuvning to‘liq bajarilishini ta’minlashga ko‘maklashishga va’da berishgan.
Baydenning qo‘shimcha qilishicha, Livan janubida Amerika qo‘shinlari bo‘lmaydi: «Biz Fransiya va boshqa davlatlar bilan birgalikda ushbu kelishuvning to‘liq va samarali bajarilishini ta’minlash uchun zarur yordamni ko‘rsatamiz».
Isroilning 25 noyabr kuni Livanga qilgan hujumlarida kamida 55 kishi halok bo‘ldi. Livan sog‘liqni saqlash vazirligi seshanba kuni ma’lum qilishicha, 2023 yil oktyabr oyidan beri halok bo‘lganlar soni 3,823 kishiga yetgan. Oxirgi 24 soat ichida yana 160 kishi jarohat oldi, yaradorlar soni esa 15 859 nafarga yetdi.
«Bu Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi so‘nggi o‘n yilliklardagi eng qonli to‘qnashuvdir. Tashkilotning qanchadan-qancha yuqori martabali yetakchilari, jumladan uning uzoq yillik rahbari Nasrulloh halok bo‘ldi», deya qayd etgan AQSh prezidenti.
«Hizbulloh» Falastinning HAMAS guruhi Isroilga hujum uyushtirganidan ko‘p o‘tmay, Isroilga ballistik raketa va uchuvchisiz samolyotlar bilan hujumlar uyushtirdi. Livan guruhi yetakchilarining aytishicha, ularning hujumlari HAMASga birdamlik ko‘rsatish va qamal ostidagi G‘azoga o‘t ochishni to‘xtatish uchun Isroilga bosim o‘tkazish bo‘lgan.
Bunga javoban Isroil «Hizbulloh»ga tegishli deb aytilgan nishonlarga yirik havo hujumlarini uyushtirdi. Oktyabr oyida hujumni kengaytirib, Livanga quruqlikdan bostirib kirishni boshladi.
Baydenning ta’kidlashicha, «yaqin kunlarda» AQSh Turkiya, Misr, Qatar va boshqalar bilan birgalikda G‘azoda Isroil hujumini va o‘t ochishni to‘xtatish yo‘lida «yana bir qadam tashlaydi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter