HAMAS ma’lum shart evaziga garovdagi barcha isroilliklarni ozod qilishga tayyor

Falastinning HAMAS harakati, agar doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va Isroil qo‘shinlari G‘azo sektoridan to‘liq chiqib ketishga olib keladigan kelishuvga erishilsa, ikkinchi bosqichda qolgan barcha isroillik garovga olinganlarni ozod qilishga tayyorligini bildirdi.
Bu haqda harakat matbuot kotibi Hazim Qosimga tayanib, Al Jazeera xabar qilmoqda.
«Agar doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azo sektoridan qo‘shinlarni to‘liq olib chiqishga olib keladigan kelishuvga erishilsa, bunda mahbuslar bir yo‘la almashtiriladi. Biz ushbu shartlari bo‘lgan ikkinchi bosqichga tayyormiz», – deydi Hazim Qosim.
Avvalroq, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu idorasi Qohiradagi muvaffaqiyatli muzokaralardan so‘ng Isroil 22-fevral kuni G‘azodan olti nafar garovga olingan kishi ozod etilishini, shuningdek, kelasi payshanba kuni to‘rt nafar halok bo‘lgan garovga olinganlarning jasadlarini topshirishni kutayotganini tasdiqlagan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15-yanvar kuni Misr, Qatar va AQSh vositachiligida Isroil va HAMAS G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va anklavda garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Uch bosqichni o‘z ichiga olgan kelishuv 19-yanvar kuni kuchga kirdi. Kelishuvning 42 kunlik birinchi bosqichida HAMAS Isroil qamoqxonasidagi falastinlik mahbuslar evaziga 33 nafar garovdagilarni ozod qilishi kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter