AQSh vitse-prezidentining nutqi Yevropada vahima uyg‘otdi

Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen anjumani G‘arbda parokandalik boshlanganini ko‘rsatdi. Bu haqda britaniyalik tarixchi, London Universitet kolleji faxriy professori Mark Galeotti DWga bergan intervyusida gapirdi.
Ekspert, xususan, AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vensning Myunxen anjumanidagi nutqi Yevropa siyosiy yetakchilarida vahima uyg‘otganini ta’kidladi.
«Gap Vens demokratiyaga yevropacha yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlamasligida emas. Gap shundaki, u Ukrainani esga olmagan holda, tariflar, savdo bitimlari va boshqa masalalarda Yevropani so‘kishga tushib ketdi. Trampning avvalgi bayonotlari hamda Amerika mudofaa vaziri Pit Hegsetning izohlarini qo‘shganda Yevropa shokka tushib qoldi deyish mumkin», — dedi Galeotti.
Yana boshqa tahlilchilar prezident Trampning muovini Yevropa yetakchilariga yosh boladek dars o‘tishga uringani ularni darg‘azab qilganini aytmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 14-fevral kuni xavfsizlik bo‘yicha Myunxen anjumanida nutq so‘zlagan AQSh vitse-prezidenti Yevropa davlatlarining migratsiya, so‘z erkinligi va xavfsizlik bo‘yicha siyosatini tanqid qildi.
«Yevropaga nisbatan tahdid borasida Rossiya, Xitoy yoki boshqa tashqi kuchlardan xavotirim yo‘q. Meni xavotirga solayotgan jihat, ichki tahdidlar — Yevropaning AQSh bilan uni mushtarak etgan ayrim muhim qadriyatlardan chekinishidir», — dedi AQSh siyosatchisi.
U migratsiya siyosatini qattiqlashtirish lozimligini uqtirgan.
Jey Di Vens o‘z chiqishida kelajakdan qo‘rqmaslik va Germaniyadagi «Germaniya uchun muqobil» partiyasi faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslikka ham ishora qilgan.
O‘ta o‘ng qanotga mansub «Germaniya uchun muqobil» partiyasi migratsiyaga qarshi keskin pozitsiyasi bilan ajralib turadi. Xatarli jihati, ushbu siyosiy harakat millatchilik ruhidagi qarashlarni ham dastaklaydi. Shunga ko‘ra Germaniyadagi boshqa siyosiy partiyalar «Germaniya uchun muqobil» partiyasini hukumat koalitsiyasiga yaqinlashtirmaslikka urinib kelmoqda. AQSh vitse-prezidenti esa ushbu partiyaning hukumat ishida qatnashishiga to‘sqinlik qilmaslik lozimligiga shama qilgan. Boz ustiga, Jey Di Vens Myunxen anjumani doirasida «Germaniya uchun muqobil» partiyasi yetakchilaridan biri Alisa Vaydel bilan ham uchrashgan.
23-fevral kuni Germaniyada parlament saylovi bo‘lib o‘tadi. Saylov arafasida AQSh vitse-prezidentining bahsli partiyani dastaklashi rasmiy Berlin tomonidan mamlakat ichki ishlariga aralashuv deb tanqid qilinmoqda. Xususan, kansler Olaf Shols AQSh vitse-prezidentidan Germaniyadagi saylov kampaniyasiga aralashmaslikni talab qilar ekan, do‘stlar va ittifoqchilar bunday yo‘l tutmasligini eslatgan.
«Germaniya — juda kuchli demokratiya qaror topgan mamlakat. Kuchli demokratiya egasi sifatida biz o‘ta o‘nglar siyosiy nazorat richaglaridan va siyosiy qaror qabul qilish jarayonidan chetda bo‘lishi lozimligi, ular bilan hamkorlik qilish mumkin emasligini yaxshi anglaymiz», — dedi Shols.
Tramp ma’muriyati hokimiyatga kelgach, Vashingtonning Yevropa davlatlari bilan Ukraina borasida ham yakdilligi yo‘qolmoqda. So‘nggi hodisalar Rossiya bilan muzokaralarga zo‘r berayotgan Oq uy bu jarayonga Yevropa Ittifoqini qo‘shishni istamayotganini ko‘rsatmoqda.
Avvalroq Bloomberg nashri prezident Donald Trampning rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashgani yevropalik yetakchilar uchun kutilmagan hodisa bo‘lgani haqida yozgandi. «Ko‘hna qit’a»dagi ayrim siyosatchilar Vashington Ukraina masalasida Moskvaga yon berishga urinayotganini xiyonat deb baholagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter