Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ishg‘ol davrida yoqib yuborilgan masjid qayta bunyod etildi — Ozarbayjon

Ishg‘ol davrida yoqib yuborilgan masjid qayta bunyod etildi — Ozarbayjon

25 aprel kuni Ozarbayjonning Ag‘dam shahrida yangidan bunyod etilgan qadimiy Juma masjidi foydalanishga topshirildi. Tarixiy masjid ochilish marosimida Ozarbayjon hamda Qirg‘iziston prezidentlari Ilhom Aliyev va Sadir Japarov ishtirok etdi.

Juma masjidi dastavval 1868-1870 yillarda atoqli me’mor Karbaloyi Safixon Qorabog‘iy tomonidan bunyod etilgan. Ag‘dam shahri arman okkupatsiyasiga o‘tgan davrda masjid yoqib yuborilgan.

Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘da 2020 yilning kuzida bo‘lib o‘tgan 44 kunlik urush davomida qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib oldi. Ag‘dam shahri ham o‘sha yilning 20 noyabrida ozod qilindi. Shundan keyin tarixiy masjidni qayta qurish ishlari boshlandi.

Ozarbayjon davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, masjidni restavratsiya qilish Haydar Aliyev jamg‘armasi tomonidan, avstriyalik mutaxassislar ishtirokida amalga oshirildi. Imoratning asl holatini tiklash maqsadida ilmiy tadqiqotlar, qazilma ishlari olib borildi. Shu tariqa ko‘hna masjid asliyatga yaqin holda qayta tiklandi. 

Ozarbayjon tomoni okkupatsiya davrida Qorabog‘ mintaqasidagi tarixiy-madaniy obidalar ayanchli holatga solingani haqida bong urib keladi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramovga ko‘ra, ishg‘ol yillari mintaqadagi 67 masjiddan 65 tasi yer bilan yakson qilingan, 2 tasi tahqirlangan.

Ayni paytda Qorabog‘da vayron etilgan tarixiy obida va yodgorliklarni tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda. Jumladan, Ag‘dam shahridagi «Imaret» majmuasi ziyoratgoh maskanga aylantirilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yil mart oyida Turkiy kengash sammitidagi nutqida O‘zbekiston Qorabog‘ zaminidagi ko‘hna obidalar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirgan.

O‘zbekiston qardoshlik va do‘stlik ramzi sifatida Fuzuliy shahriga 960 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy maktab sovg‘a qilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring