HAMAS G‘azo boshqaruvini Falastin ma’muriyatiga topshirishi mumkin

HAMAS G‘azodagi hokimiyatni Falastin milliy ma’muriyatiga topshirishga qaror qildi.
Sky News Arabia telekanali bu haqda harakat rasmiylarining Falastin ozodlik tashkilotiga murojaat qilgani haqida xabar tarqatmoqda.
Ma’lum qilinishicha, HAMASning bu qarorga kelishida Misr muhim rol o‘ynagan.
«HAMAS Qohiraga tashrif buyurgan delegatsiyasiga Misr tomonidan kuchli bosim o‘tkazilganidan so‘ng G‘azo ustidan nazoratni Falastin ma’muriyatiga topshirishga rozi bo‘ldi. Bunga javoban HAMAS G‘azo amaldorlarini yangi ma’muriyatda ish bilan ta’minlashni va agar ular ishdan bo‘shatilsa, maoshlarini olishda davom etishni talab qilmoqda», – deydi manbalar telekanalga.
Sektordagi Isroil-HAMAS kelishuvining ikkinchi bosqichi bo‘yicha muzokaralarni yaqin kunlarda davom ettirish rejalashtirilgan.
Hozirda 73 nafar isroillik HAMAS tomonidan garovda bo‘lib, ularning aksariyati erkaklar, jumladan, Isroil askarlaridir. O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulh kuchga kirgan 19 yanvardan buyon 5 marta mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Natijada 21 isroillik evaziga 730 dan ortiq falastinlik mahbus ozod etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter