Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bolalar o‘limi bo‘yicha aksilrekord

Bolalar o‘limi bo‘yicha aksilrekord

Yil boshidan buyon o‘ldirilgan bolalar orasida ona qornidagi chaqaloq ham bor.

Foto: Al-Jazira

So‘nggi ikki yil ichida Isroil harbiylari tomonidan Falastinning ishg‘ol ostidagi hududi — G‘arbiy Sohilda bolalarni o‘ldirish ko‘rsatkichi keskin ortdi.

Buyuk Britaniyada joylashgan «Save the Children» tashkiloti tahlillariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida o‘ldirilgan bolalar soni 18 yil davomida o‘ldirilganlar soniga tengdir.

2005-yildan buyon G‘arbiy Sohilda 468 nafar, 2023-yil yanvardan buyon esa 224 nafar bola o‘ldirilgan.

Xatarli tendensiya joriy yilda ham davom etmoqda. 2025-yil boshidan buyon kamida 10 nafar falastinlik bola Isroil askarlari o‘qidan halok bo‘ldi. 

«So‘nggi 16 oy, balki o‘nyilliklar kabi G‘arbiy Sohilda bolalarni o‘ldirish davom etmoqda. G‘azo sektoridagi jangovar harakatlarda e’lon qilingan tanaffus (G‘arbiy Sohilda) bolalarga zo‘ravonliklarni kuchaytirdi», — dedi «Save the Children» tashkilotining Yaqin Sharq bo‘yicha direktori  Ahmad Al-Hendaviy.

Bir necha kun avval BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ham G‘arbiy Sohilda bolalar o‘limi keskin ortib ketgani yuzasidan chuqur xavotir bildirib, Isroilni harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi.   

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, o‘tgan hafta Isroil askarlari hujumi oqibatida 10 yashar falastinlik bola halok bo‘lgan. Hatto onasi qornidagi sakkiz oylik chaqaloq ham nobud bo‘lgan.

Avval xabar berganimizdek, Isroil armiyasi HAMAS harakati bilan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish haqida bitimga kelishganidan ikki kun keyin, 21-yanvar kuni Falastinning boshqa hududi – G‘arbiy Sohilda keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshladi.  Hujum «aksilterror operatsiyasi» deya niqoblangan.

Isroil armiyasi G‘arbiy Sohildagi o‘nlab binolarni portlatdi. Yahudiy davlati armiyasi ushbu binolardan terrorchilar foydalanganini iddao qilgan. BMT esa hududda zo‘ravonlik kuchayib ketganidan xavotir izhor etgan.

G‘arbiy Sohilda o‘nlab maktab shikastlangan va ta’lim izdan chiqqan.
Foto: UNICEF

Tahlilchilar G‘azo sektorini yashash uchun butkul yaroqsiz holga keltirgan Isroil armiyasi endilikda G‘arbiy Sohilda ana shunday vayronkor amaliyot o‘tkazayotganini aytmoqda.

UNICEFga ko‘ra, G‘arbiy Sohildagi jangovar harakatlarda turarjoylar, yo‘llar, maktablar vayron qilingan. Oqibatda ta’lim jarayoni izdan chiqqan. Hududda suv va elektr energiya ta’minoti uzilgan.

Eslatib o‘tamiz, Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023-yil 7-oktyabrdan keyin 46 mingdan ziyod falastinlik halok bo‘ldi. Ularning kamida 16 ming nafari bolalardir.

«Save the Children» tashkiloti yozishicha, 21 mingga yaqin falastinlik bola dom-daraksiz yo‘qolgan.

BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi bosh komissari Filipp Lazzariniga ko‘ra, olti oy ichida G‘azo sektorida dunyoda oxirgi to‘rt yilda kuzatilgan barcha mojarolardan ko‘proq bolalar halok bo‘lgan.

2024-yil iyun oyida BMT Isroilni bolalar huquqlarini poymol etuvchi va ularga zarar yetkazuvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. BMT bosh kotibining bolalar va qurolli ziddiyatlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Virjiniya Gamba tomonidan tuzilgan hisobotda G‘azo sektorida bolalarni o‘ldirish, o‘g‘irlash, kaltaklash, shuningdek, maktab va shifoxonalarga hujum haqida so‘z boradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring