Yevropa Trampga javob qaytardi

Yevropa Ittifoqi AQSh tomonidan joriy etilgan bojga maxsus soliqlar bilan javob qaytaradi. Bu haqda Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ma’lum qildi.
Ma’lumot o‘rnida, 12-martdan boshlab prezident Donald Tramp ma’muriyati Yevropa Ittifoqi hamda Kanadadan keltirilayotgan po‘lat va alyuminiyga 25 foizlik boj joriy etdi.
Yangi boj tizimi sabab YeI 26 mlrd yevro mablag‘ yo‘qotadi. Bryussel ushbu summani Amerika mahsulotlari, jumladan, qayiqlar, mototsikllar va spirtli ichimliklarni qo‘shimcha soliqqa tortish orqali qaytarib olmoqchi.
“Bojlar bu soliqlar demakdir. Ular tadbirkorlar uchun ham, iste’molchilar uchun ham zararli. Ular mahsulot yetkazish zanjirini izdan chiqaradi, iqtisodiyotga mavhumlik olib keladi. Ish o‘rinlari tahdid ostida qoladi, narx-navo oshadi. Bu esa na YeI va na AQShga zarur”, – degan Ursula fon der Lyayen.
Javob choralari haqida gapirgan siyosatchi Bryussel muammoni muzokaralar yo‘li bilan hal etishga tayyorligini ham ta’kidlagan.
YeIning AQShga nisbatan javob choralari ikki bosqichda – 1 hamda 13 apreldan kuchga kiradi.
Qayd etish joizki, Yevropa tomoni Oq uy boshlagan boj urushini to‘xtatish uchun urinib ko‘rdi. Fevral oyida YeIning savdo siyosati bo‘yicha mulozimi Marosh Shefchovich Vashingtonda muzokara o‘tkazib, mezbonlarga AQShdan suyultirilgan gaz va mudofaa mahsulotlari importini oshirishni taklif qildi.
“Aftidan, AQSh ma’muriyati kelishish niyatida emas. AQSh o‘z manfaatini o‘ylayotgan ekan, YeI ham shunday yo‘l tutadi. Biz hamisha Yevropa biznesi, ishchilari va iste’molchilarini nohaq bojlardan himoya qilamiz”, – degan M.Shefchovich muzokaralar yakunida.
YeI va AQSh o‘rtasida Trampning avvalgi prezidentlik davrida ham savdo ziddiyati yuzaga kelgan edi. 2018 yilda ham Tramp Yevropa metallariga qo‘shimcha boj joriy qilgandi. Tomonlar 2021 yildagina o‘zaro murosaga kelgandi.
AQSh ma’muriyati Yevropadagi ittifoqchilari bilan savdo-iqtisodiyotdan boshqa jabhalarda ham ixtilofga bormoqda.
Avval xabar berganimizdek, AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vensning joriy yil 14 fevral kuni xavfsizlik bo‘yicha Myunxen anjumanida Yevropa yetakchilariga yosh boladek dars o‘tishga uringani ularni darg‘azab qilgan edi.
Tramp ma’muriyati hokimiyatga kelgach, Vashingtonning Yevropa davlatlari bilan Ukraina borasida ham yakdilligi yo‘qolgan. So‘nggi hodisalar Rossiya bilan muzokaralarga zo‘r berayotgan Oq uy bu jarayonga Yevropa Ittifoqini qo‘shishni istamayotganini ko‘rsatmoqda.
“Ko‘hna qit’a”dagi ayrim siyosatchilar Vashington Ukraina masalasida Moskvaga yon berishga urinayotganini xiyonat deb baholagan.
Darvoqe, prezident Tramp yon qo‘shnisi va yaqin ittifoqchisi Kanadaga qarshi ham savdo urushi ochgan.
Tramp hozirga qadar bir necha marta Kanadaga Amerikaning 51-shtati bo‘lishni taklif etdi, ushbu davlat bosh vaziri Jastin Tryudoni hatto “gubernator” deb tahqirladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter