Blinkenning so‘nggi matbuot anjumanida mojaro ro‘y berdi
AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning so‘nggi matbuot anjumanida savol berishga uringan va tanqidiy fikr bildirgan ikki nafar OAV xodimi, xususan, jurnalit Sem Husayniy zaldan kuch bilan olib chiqib ketildi. Bu holatni «Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti qoraladi.
«Jurnalistlarga bunday munosabat har qanday hukumat uchun nomaqbul hol bo‘lmog‘i va boshqa takrorlanmasligi lozim. Husayniy o‘z kasbiy faoliyatini biror bir to‘sqinliksiz bajarishga haqli», – deyiladi xalqaro tashkilot bayonotida.
Vakolat muddati tugayotgan Bayden ma’muriyatining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Entoni Blinken o‘tkazgan so‘nggi matbuot anjumanida amerikalik jurnalist Sem Husayniy G‘azo sektorida genotsid ro‘y berayotgani va buning uchun Blinken sud qarshisida javob berishi kerakligini aytgan.
BBC chop etgan videolavhada jurnalist savol berishga urinar ekan, uch nafar politsiyani uni kuch bilan olib chiqib ketganini ko‘rish mumkin.
«Meni zo‘rlik bilan olib chiqib ketishyapti. Siz esa so‘z erkinligi haqida gapirasiz. Amnesty International ham, Xalqaro jinoyat sudi ham Isroil genotsid va xunrezlik jinoyatlarini sodir etayotgani haqida gapirmoqda. Buning uchun siz ham aybdorsiz. Nega Haagada (Xalqaro jinoyat sudi joylashgan shahar nazarda tutilmoqda – tahr.) emassiz?» – deb baqiradi jurnalist davlat kotibiga qarata.
Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlari mobaynida minglab tinch aholi vakillari o‘ldirilganidan darg‘azab bo‘lgan jurnalist Maks Blyumental ham may oyida tinchlik bitimi tashabbusidan keyin ham bomba yomg‘iri to‘xtamagani uchun Blinkenni ayblab fikr aytgan. U ham brifing zalidan majburan olib chiqib ketilgan.
Isroil 2023-yil 7-oktyabr kuni HAMAS hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirganidan keyin 46800 dan ziyod falastinlik (ularning katta qismi bolalar va ayollar) halok bo‘ldi, yana 110 mingdan ziyodi jarohatlandi.
19-yanvardan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga doir bitim kuchga kirdi.
Qayd etish joizki, AQSh Isroilni ham diplomatik, ham iqtisodiy, ham harbiy jabhada yaqindan qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Jumladan, Vashington Tel-Aviv katta miqdorda qurol-aslaha yetkazib bermoqda.
AQSh Xalqaro jinoyat sudi hibsga olish haqida order bergan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni himoya qilish uchun hatto o‘z qadriyatlariga qarshi bo‘lgan choralarga ham kirishgan.
Bayden ma’muriyatining Isroilni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlagani va qurollantirgani xalqaro hamjamiyatning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Tramp ma’muriyati kelishi ortidan iste’foga chiqqan Blinken bundan avval ham rasmiy va norasmiy majlislarda faollarning tanqidiy chiqishlariga nishon bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter