Shvetsiyada Qur’onni yoqqan shaxs o‘lik holda topildi
![Shvetsiyada Qur’onni yoqqan shaxs o‘lik holda topildi](https://static.xabaruz.com/crop/3/3/920__95_3332784668.jpg)
Shvetsiyada Qur’onni yoqish aksiyasini tashkillashtigan asli iroqlik Salvan Momika Stokgolm chekkasidagi uyida otib o‘ldirilgan.
Kecha, chorshanba kuni soat 23:00 dan so‘ng otishma haqidagi xabarlardan so‘ng hududga politsiya va tez yordam mashinalari chaqirilgan. Shvetsiya matbuotiga ko‘ra, Salvan Momika qotillik sodir bo‘lgan paytda TikTok’da jonli efirda chiqish qilayotgan bo‘lgan.
38 yoshli Salvan Momika 2023 yilda norozilik sifatida Qur’onni ommaviy ravishda yoqib yuborgach, tanilgan edi. Uning Shvetsiya rasmiylari homiyligida amalga oshirilgan harakatlari butun dunyoda aks-sado berdi va ba’zi mamlakatlarda norozilik namoyishlari shiddatli tus oldi.
Iroqda Salvan Momika tug‘ilgan shahar ma’murlari uni o‘ldirgan kishiga ikki million dollar mukofot e’lon qildi. Bag‘dod hukumati uni ekstraditsiya qilishni talab qildi.
Bularning barchasi Shvetsiyada diplomatik inqirozga olib keldi.
Salvan Momika Shvetsiyaga 2018 yilning bahorida kelgan. 2023 yilning kuzida uning vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomasi bekor qilindi va u Norvegiyadan boshpana so‘rab murojaat qildi. Biroq tez orada yana Shvetsiyaga qaytarildi va bir yil yashash uchun ruxsatnoma oldi. Shvetsiya migratsiya agentligi, agar u vatani Iroqqa qaytsa, qiynoqlarga duchor bo‘lishini bildirdi.
2024 yilning avgustida u Shvetsiyada etnik guruhlarni gijgijlashda ayblangandi. Ish bo‘yicha qaror bugun soat 11.00 da e’lon qilinishi kerak edi, biroq hukm kelasi haftaga, 3 fevralga qoldirildi.
«Salvan Momikaning o‘limi tasdiqlandi, endi hukm chiqarish uchun ko‘proq vaqt kerak», — deyiladi Stokgolm okrug sudi hujjatlarida.
Shvetsiya radiosining xabar berishicha, qotillikka aloqadorlikda ayblanib bir necha kishi hibsga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter