Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Armanistondan «Rossiyani xafa qiluvchi» yana bir qadam

Armanistondan «Rossiyani xafa qiluvchi» yana bir qadam

15-iyul kuni Armanistonda AQSh bilan hamkorlikda harbiy mashg‘ulotlarga start berildi. Bu haqda Armaniston mudofaa vazirligi xabar berdi. Eagle Partner 2024 deb nomlangan mashg‘ulotlar 24 iyulga qadar davom etadi. 

Tadbirning ochilish marosimida qatnashgan Armaniston mudofaa vaziri Suren Papikyan AQSh harbiylari bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan.

Mashg‘ulotlarda Armaniston qurolli  kuchlari harbiylari, AQShning Yevropa va Afrikadagi quruqlikdagi qo‘shini hamda Kanzas milliy gvardiyasi vakillari qatnashmoqda.

Mashg‘ulotlar davomida tinchlikparvarlik missiyalari doirasida nizolarni hal etishga doir topshiriqlar bajariladi. Ko‘zlangan maqsad xalqaro tinchlikparvar missiyalarda qatnashayotgan harbiy bo‘linmalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishdan iboratdir.

Tahlilchilar Yerevanning Vashington bilan hamkorlikdagi harbiy o‘quv tadbiri Moskva bilan munosabatlar sovuqlashgan davrga to‘g‘ri kelgani va bu Rossiyani xafa qiluvchi qadam bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratmoqda.

So‘nggi vaqtlarda Armaniston Rossiyani «ittifoqchilik majburiyatlarini to‘laqonli bajarmagani» sabab tanqid qilib keladi. Xususan, Yerevan Rossiya tinchlikparvar qo‘shini Qorabog‘da Ozarbayjon qurolli kuchlariga munosib qarshilik ko‘rsatmagan deb biladi.

Joriy yil iyun oyida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan chiqishini aytdi. Rossiya shamsiyasi ostidagi tuzilmadan chiqish istagi Kremlga keskin norozilik o‘laroq talqin qilindi. 

Mart oyida Armaniston xavfsizlik kengashi Kremlga rus chegarachilarini Yerevan aeroportidan olib chiqib ketish talabini yo‘lladi. Unga ko‘ra, Rossiya chegarachilari 1-avgustga qadar Armaniston poytaxtidagi «Zvartnots» xalqaro aeroportini tark etishi va nazoratni arman mutaxassislariga topshirishi kerak.

Nikol Pashinyanning yil boshidagi bayonotiga ko‘ra esa, Rossiya Federatsiyasi mudofaa va harbiy-texnika sohalarida Armanistonning asosiy hamkori bo‘la olmaydi.

Moskva bilan munosabatlar taranglashuvi fonida Yerevan G‘arb tomon yuz burmoqda.

Joriy yil 11-iyun kuni Armaniston AQSh bilan xavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirishga doir bitim imzoladi.

4-iyul kuni bosh vazir Pashinyan Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlarni strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarish istagini bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring