Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Litvaliklar lotin yozuviga qaytgan kun

Litvaliklar lotin yozuviga qaytgan kun

Bugun, 7-may Litvada matbuot tiklangan, kitob va til kuni sifatida nishonlanadi. Yanayam aniqroq aytganda, o‘z lotin yozuvidan salkam 40 yil mahrum etilgan (1865–1904-yillar) litvaliklar bu kun o‘z yozuviga qayta ega bo‘lishgan. 1904-yilning 7-may kuni Chor Rossiyasi hukumati  litva tilida lotin yozuvida kitob va gazetalarni chop etishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilgan.

Imperator Aleksandr II ning rus va litva (kirillcha) tillaridagi farmoni

Litvaliklarning lotin yozuviga taqiq Rossiya imperiyasi tarkibiga o‘tib ketgan yerlarni qaytarib berish talab qilingan 1863-1864-yillarda yuz bergan Polshadagi isyon (Yanvar qo‘zg‘oloni nomi bilan mashhur)dan so‘ng, o‘lkani ruslashtirish siyosati doirasida Shimoli-G‘arbiy o‘lka general-gubernatori tomonidan 6 (18)-sentyabrda joriy etilgan. General-gubernator litvaliklarga o‘z ona tilida kitob, gazeta chop etishda «polyak-lotin harflari»dan foydalanishni taqiqlagandi. Uning amriga bo‘ysunmaganlar tinmay ta’qib qilingan, ushlanganlar qamoqxonalarga jo‘natilgan, qo‘shni guberniyalarga, Sibirga surgun qilingan.

Shimoli-G‘arbiy o‘lkani nisbatan qisqa muddat (1865–1867-yillar) boshqarib, litvaliklarni yozuvsiz qoldirgan ham, keyinchalik Buxoro, Xiva, Qo‘qon xonliklariga qaqshatqich zarbalar bergan, Samarqand va Xivani zabt etgani uchun 2-darajali Avliyo Georgiy ordeni bilan taqdirlangan ham bitta odam — Konstantin Petrovich fon Kaufman — Turkiston general-gubernatori (1867–1882-yillar).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring