WBA rahbari Inouega Murodjon Ahmadaliyev bilan jang qilishni buyurdi
Birinchi yarimengil vazn toifasida vaqtinchalik WBA chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan Murodjon Ahmadaliyev keyingi jangidayoq o‘z orzusini amalga oshirishi mumkin.
Charm qo‘lqop ustamiz va uning jamoasi WBA rahbariyatidan ushbu vaznda mutlaq jahon chempioni Naoya Inouega qarshi jang berishlarini talab qilmoqda.
«Biz barcha kamarlar uchun jang o‘tkazishni istaymiz. WBA buning uchun o‘z tomonidan barcha zaruriy choralarni qo‘llashini so‘raymiz. Tushunamiz, tashkilot Inouening mashhurligidan kelib chiqib, uning kamarlarini olib qo‘ygisi kelmayapti. Lekin istak sabab qoidalarga qarshi bormaslik kerak», — dedi Murodjonning menejeri Vadim Kornilov BoxingScene nashriga bergan intervyusida.
WBA tashkiloti prezidenti Xilberto Mendosaning xabar berishicha, WBA Inoue 24 yanvar kuni avstraliyalik Sem Gudmanga qarshi jangini o‘tkazib olganidan keyin majburiy ravishda Murodjon Ahmadaliyevdan chempionlik kamarlarini himoya qiladi.
«Inoue va uning jamoasida Gudmanga qarshi jangdan keyin yakuniy qaror qabul qilish uchun 10 kun muhlat bo‘ladi. Shu muddat ichida Naoyaning jamoasi Ahmadaliyevning jamoasi bilan o‘zaro jang bo‘yicha kelishib olishlari lozim», — dedi Mendosa.
Ahmadaliyevning huquqshunos-advokati Pet Inglish bokschimiz nomidan WBA tashkilotiga maktub jo‘natgan.
«Bizga va’da berishgandi, lekin bu o‘z vaqtida bajarilmadi. Jang belgilash bo‘yicha rezolyasiya bor edi. Biz hurmat bilan, lekin qat’i ravishda WBA’dan imkon qadar tezroq Inouega qarshi jangni belgilashlarini talab qilamiz. Biz Naoyaning Gudmandan keyin yana bir ixtiyoriy himoya jangi o‘tkazishiga mutlaqo qarshimiz. Yaponiyalikning himoya jangi fursati allaqachon kelgan va u majburiyatlarni bajarishi shart», — deyiladi Inglish yozgan maktubda.
Eslatib o‘tamiz, Murodjon Ahmadaliyev 14 dekabr kuni tunda Monte-Karloda tashkil etilgan prof boks oqshomida meksikalik Rikardo Espinozani 3-raunddayoq nokautga uchratib, vaqtinchalik WBA chempioniga aylangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter