«Putinning tushlari ro‘yobga chiqyapti» – tahlilchilar Oq uydagi misli ko‘rilmagan mashmasha haqida

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning 28 fevral kuni Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi misli ko‘rilmagan diplomatik mojaro bilan yakunlandi. Ikki davlat rahbari ko‘pdan buyon muhokama etilayotgan AQShning Ukraina foydali qazilmalaridan foydalanishiga doir bitimni imzolashi rejalashtirilgan edi.
Prezidentlar Oq uyda rasmiy muzokaradan oldin jurnalistlar savollariga javob qaytargan. O‘zaro tortishuv AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Zelenskiyni Trampga hurmatsizlik va minnatdorlik bildirmaganlikda ayblaganidan keyin boshlangan.
Zelenskiy unga javoban minnatdor ekanini aytib, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning quruq va’dalariga ishonmaslik kerakligi, tinchlik kafolati bo‘lishi lozimligini ta’kidlagan.
Siyosatchilarning o‘zaro bahsi dahanaki tortishuvga aylanib ketgan. Tramp Zelenskiyni Uchinchi jahon urushini boshlashda ayblagan, uning qo‘lida ko‘zir qartalar yo‘qligini pisanda qilgan. Zelenskiy qarta o‘ynash uchun kelmaganini qayd etgan.
OAV vakillari qarshisidagi tortishuv ortidan rejalashtirilgan muzokara va bitim imzolash marosimi ham bekor qilingan. Tramp ma’muriyati Ukraina delegatsiyasidan zudlik bilan Oq uyni tark etishni talab qilgan. Darg‘azab mezbon mehmonni kuzatib qo‘yishga ham chiqmagan.

Bosqin qurboni bo‘lgan mamlakat rahbariga AQSh prezidenti hamda vitse-prezidenti tomonidan jamoatchilik guvohligida dakki berilishi, ko‘rsatilgan ko‘mak qayta-qayta minnat qilinishi ortidan yuzaga kelgan siyosiy mojaro butun dunyoda aks sado berdi. Jahon nashrlarida «Tramp Ukrainani Putinga sotdi», «Tramp va Vensning o‘zini tutishi qip-qizil sharmandalik», «Endi dunyo avvalgidek bo‘lmaydi», «Oq uy Kreml tegirmoniga suv qo‘ymoqda», «Yevropa endilikda AQShga ishonmasa ham bo‘ladi», «Diplomatiya tarixidagi eng sharmandali hodisa» kabi sarlavhalar bilan maqolalar chop etildi.
Yevropa siyosiy yetakchilari bir ovozdan «Siz yolg‘iz emassiz» deya Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlashdi.
Ushbu siyosiy mojaroga o‘zbekistonlik tahlilchi va ekspertlar ham munosabat bildirdi. Quyida ularning ayrimlarini e’tiboringizga havola etamiz.
«Zelenskiy va Tramp/Vens tortishuvini qisqacha ko‘rdim. Bu tarixdagi eng sharmandali uchrashuv bo‘libdi. Diplomatiyadan xabari yo‘q, xuddiki sovet davri «vorovskoy ponyatiye»dagi odamlar va Zelenskiy tortishuviga guvoh bo‘ldik. Nega Tramp/Vens komandasini bunday deyapman, chunki vaqtida amerikadagi italyan jentlmen mafiyalari ham o‘zini bunday tutishmagan. Xuddiki ishbilarmon, etiketga qat’iy rioya qiladigan shaxslardek muzokaralar o‘tkazishgan. Hozirgi Qo‘shma Shtatlarning mana bu rahbariyatida shu ham yo‘q.
Zelenskiy xalqining taqdiri, kelajagi deb muzokaraga kirishganda Tramp tomon bir xalq taqdiriga tupurib qo‘ygandek taassurot qoldirdi. Tramp tarixdagi eng yomon prezident sifatida eslanadigan ko‘rinadi. Impichment qilingan Nikson emas, impichmentga oz qolgan Klinton emas, jang maydonida ittifoqdoshini tashlab ketgan AQSh degan tamg‘aga sababchi bo‘lgan Tramp...», – deb yozdi huquqshunos Bahodir Ahmedov.
«Prezident Tramp va vitse-prezident Vens ikki kishilashib, mana uch yildirki o‘z vatani mustaqilligi va territorial daxlsizligini agressordan himoya qilib kelayotgan dovyurak ukrain prezidentiga ta’nalar otib, uning mamlakati va xalqini «zaif va ilojsiz», «o‘ynaydigan kartasi yo‘q», degancha uni majburlab, hech qanday kafolatsiz o‘zlari uchun «tinchlik» deb nomlab olgan, aslida esa tajovuzkorga yon beradigan otashkesim kelishuviga ko‘ndirmoqchi bo‘lishdi.
Uch yil oldin qurolli agressiyaga qanday jasurlik bilan qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa, bu gal ham ushbu og‘zaki tashlanishga prezident Zelenskiy mardlik va matonat ila qarshilik ko‘rsatdi...» – deb yozdi Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi, tadbirkor Zafar Hoshimov.

«Oq uyda bo‘lib o‘tgan o‘sha matbuot anjumani/uchrashuvni eng sharmandali, va xiyonatkor harakatlardan biri desa bo‘ladi. Oq uydagi ikki prezident uchrashuvida erkin, mard va sog‘lom fikrlovchi prezident bitta edi va u – Zelenskiy. AQShda ba’zilar Zelenskiy Oq uyga kelib behurmatlik qildi deb yozishibdi. Agar kimdir Oq uyga kelib behurmatlik qilgan bo‘lsa uning ismi J.D.Vensdir. AQSh tarixida bunchalik odobsiz va «xonani o‘qishni» bilmaydigan vitse-prezident bo‘lmagan bo‘lsa kerak», – deb yozdi AQShda faoliyat yuritib kelayotgan taniqli iqtisodchi, professor Botir Qobilov.
«Oq uyni egallab olgan guruh na siyosatga, na go‘yoki tajribasi bor biznesga to‘g‘ri keladigan ko‘chabezori ohangida muammoni «reshat» qilmoqchi bo‘ldi, Zelenskiyga bosim o‘tkazib, behurmatlik qilib, uni boshi berk ko‘chaga tiqib, kelishuvni majburlab imzolatmoqchi bo‘ldi. Muzokara ilmidan bexabar bu odamlar o‘zini ko‘cha odamlariday tutdi, Zelenskiy esa siyosiy ongga ega ekanini ko‘rsatdi, faqat oxirigacha bu spektaklga chiday olmadi. Milliy g‘ururini himoya qilgani to‘g‘ri bo‘ldi-yu, muzokara o‘yinini oxirigacha olib bora olmagani noto‘g‘ri bo‘ldi, deb hisoblayman-u, lekin to‘g‘ri-noto‘g‘rilik o‘z yo‘liga. Muhimi boshqa narsa.
Ukrainaga to‘rt-besh yil tinch yashash, buning evaziga hududlaridan, mustaqilligidan va tabiiy boyliklaridan voz kechish taklif qilinyapti. To‘rt-besh yildan so‘ng urush yana takrorlanishi mumkin – hech kim tinchlik kafolatini bermayapti. Bunaqa vaziyatda Ukrainaning yagona yo‘li qarshilikni davom ettirishdir. Eng kamida urush hech qachon takrorlanmasligining kafolatini olmay turib tuzilgan sulh sulh emas, dushmanga nafas rostlash fursatidir.
Bu voqeani, real siyosiy vaziyatni buzib talqin qilayotgan «tinchlikparvar»larning argumentlariga kelsak. Nima bo‘lgandayam urushni to‘xtatish kerak emish va bu Zelenskiyning qo‘lida emish, Zelenskiy injiqlik qilib odamlarini halokatga boshlayotgan emish.
Urushni to‘xtatish Zelenskiyning qo‘lida bo‘lsa, nega u hatto Saudiyadagi muzokaralarga taklif qilinmadi? Uni umuman tomon deb ko‘rmayotgan Tramp Zelenskiyni Uchinchi jahon urushini boshlashda ayblashi ikkiyuzlamachilik va siyosiy ko‘rlikdan boshqa narsamas.
AQSh–Ukraina–Rossiya uchligidagi eng kuchsiz o‘yinchi bo‘lgan Ukrainaga ikki tomondan og‘ir, ko‘tarib bo‘lmaydigan shartlar qo‘yilib, rozi bo‘lmagani uchun tinchlikni qadrlamaslikda ayblanmoqda. Birov Rossiyaga xuddi shu savolni berish kerakligini aytmayapti. Rossiya tinchlikni xohlamaydimi? Putin qaytarib bersin Donbassni, odamlarining qirilib ketishini to‘xtatish, tinchlik o‘rnatish uchun. Ëki unga mumkinmi? Nega Rossiya shartlari ostida tinchlik o‘rnatilishi kerak? Nega unga ko‘nmagan Ukraina aybdor? Qani bir mard «xolis tinchlikparvar» shu savollarni Rossiyaga ham bersin. Talafot pulini to‘lab, yerlarni qaytar, tinchlik xohlasang, bo‘lmasa sen aybdorsan, desin», – deb yozdi tadqiqotchi Eldor Asanov.
«Bunaqa mashmasha AQSh tarixida kuzatilmagan. Oq uyda xorijiy davlat rahbari bilan bunaqa tortishuv bo‘lishi kinolarda ham yuz bermagan, menimcha. Men Zelenskiyga achindim. U Rossiyaning bosqinchi ekanini qayta-qayta uqtirishga urindi, ammo bu mezbonlarga yoqmadi.
Zelenskiyning qiyofasida horg‘inlikni sezish qiyin emas edi. Axir, faol urush domida bo‘lgan davlatni uch yildan beri boshqarishning o‘zi bo‘lmaydi. Keyin, u o‘zini juda jaydari tutdi; go‘yoki prezident Trampni yaxshi tanimaydigan, u bilan birinchi marta gaplashayotgan odamdek. Oq uyga kelgan boshqa davlat rahbarlaridek, Trampga ko‘p xushomad qilmadi; har so‘zida bosh irg‘ab uni ma’qullab turmadi.
Qolaversa, tarjimonsiz o‘zi gaplashishi ham, menimcha, uning zarariga ishladi. Zelenskiy ingliz tilida erkin gapira olmaydi; shuning uchun ba’zi fikrlari qo‘pol chiqdi va mezbonlarning ensasini qotirdi. Balki ukrain tilida, tarjimon orqali gaplashganda, ehtimol, bugungi mojaro yuz bermagan bo‘lardi. Uchrashuvdan so‘ng Zelenskiydan va Ukraina delegatsiyasidan Oq uyni tark etish so‘ralgan; hatto tushlikka ham taklif qilishmagan. Kremlda bugun bayram emish», – deb yozdi Amerikada faoliyat yuritib kelayotgan dasturchi va jurnalist Behzod Mamadiyev.
«Agar ikkita odam urushib qolsa, kim ko‘proq aybdor bo‘ladi? Aqllirog‘i, sog‘lomrog‘i. Zelenskiy Trampni cheklangan odam ekanligini inobatga olib, mahorat bilan diplomatiya qilishi kerak edi.
Diplomatiyada bir urinishda barcha haqiqatlar aytilmaydi. Bir chiqishda barcha mantiqiy bosqichlar ifodalanmaydi. Tramp «Putin bilan diplomatiya qilmoqchiman» desa, Zelenskiy «Iltimos, urinib ko‘ring, u sizni aytganingizni qilishiga umid qilaman. Lekin, bu adolatli kelishuv bo‘lishi kerak!» deyishi kerak edi. Makron va Starmer aynan shu pozitsiyani aytishdi.
Biroq Zelenskiy «2014 yildan buyon Putin bosqchinchi, hatto sen o‘tgan safar hokimiyatda o‘tirganingda, o‘zing ham hech narsa qilmading!» qabilida gapirdi. Balki Zelenskiy Tramp bilan ataylab aytishgandir. Balki Trampni psixologiyasini o‘rgangandir, kuzatamiz. Lekin hozircha Zelenskiy Putin va Trampni yaqinlashtirdi, xolos. Endi Putin o‘zining yopiq kanallari orqali «Donald, men senga nima degandim?! Bu bola o‘zi nenormal» deyishi aniq. Ukrainaning vaziyati jiddiy og‘irlashadi. Bu aytishuvdan keyin Ukraina AQShni ancha o‘zidan uzoqlashtirdi. Putin yutdi», – deb yozdi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.
«Bunga ishonish qiyin, lekin Vashingtondagi Oq uyni Kremlning agentlari egallab olgandek. Bir vaqtlar Rossiyaning TNT telekanalidagi «Kamedi Klab»da ko‘rsatilgan hazil sahnalar – dunyoning deyarli barcha katta yetakchilari aslida Federal Xavfsizlik xizmatida ishlaydigan Sergeyu Ivanlar ekani haqidagi miniatyurani real hayotda ham ko‘ramiz, deb hech kim o‘ylamagan bo‘lsa kerak. Kecha aytgan gapini («Zelenskiy – diktator») ertasiga eslay olmaydigan («Zelenskiyni diktator deb men aytgan bo‘lishim mumkin emas») Tramp Ukraina prezidentidan «Putinni haqorat qilishni bas qil», deb turishi FXXning chin agenti ekaniga isbot emasmi? Vaholanki, Zelenskiy Putinni haqorat qilmagan edi – uni bor-yo‘g‘i «qotil va terrorchi» deb atagan edi. Bu haqorat emas, ayni haqiqat.
Tramp va uning jamoasi ko‘chaning yig‘loqi bolalariga o‘xshaydi. «O‘zi nega hammaning ko‘z oldida Zelenskiyga pand-nasihat qila boshladinglar?», deb so‘rashsa, bir manba orqali «Zelenskiy muhtaram prezidentimiz va vitse-prezidentimizning gaplariga o‘zicha yelka qisib, ko‘zlarini g‘alati ochib-yopib munosabat bildirayotganidan jahlimiz chiqib ketdi», deyishibdi. Yetarlicha hurmat qilmayapti, deb o‘ylagan bo‘lishsa kerak-da. Bo‘lsa bordir – har joyda ortidan har xil gapni gapirib, obro‘sizlantirib kelayotganing bir odam baribir hurmatingni qilib, meni bir zo‘ravondan himoya qila oladi deb oldingga umidvor bo‘lib kelganida, unga iljayib: «O‘sha zo‘ravonning aytganini qilaqol, boshqa ilojing yo‘q. Keyin, uni zo‘ravon ham dema», desang, bor hurmating ham bir pul bo‘ladi-da.
Ne baxtki, AQShda sog‘lom fikrli odamlar ko‘p. Masalan, Trampning birinchi ma’muriyati vaqtida unga maslahatchilik qilgan Jon Bolton shunday debdi «Tramp va (vitse-prezident) Vens Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tarafida ekanini e’lon qildi. Bu Amerika milliy xavfsizligi uchun fojiaviy xato». Demokratik partiyadan saylangan 14 ta shtat gubernatorlari (viloyat hokimlari desa ham bo‘ladi o‘zbekchasiga) esa qo‘shma bayonot berib, Tramp va Vensni «Zelenskiyni Putinning so‘zlariga ishonmayotgani uchungina koyib berish maqsadida muqaddas Oval kabinetdan oyooqosti qilgan»likda ayblabdi. O‘z navbatida, ular Ukraina prezidenti va uning Rossiya bosqiniga qarshi kurashini qo‘llab-quvvatlashini ham bildirgan.
Trampning o‘z jamoasi esa «Zelenskiy uzr so‘rasin», deb yurgan ekan endi. Xalqaro jamoatchilik tomonidan Zelenskiy kimsan AQShga gap qaytara olgan qahramondek kutib olingani alam qilayotgan bo‘lsa kerak-da. Ikki hissa alam qiladigani – Tramp 20 yanvarda tugatishga va’da bergan urushni Putin xohlagandek to‘xtatib (muzlatib) qo‘yishga shugina «aktyordan chiqqan prezident» xalal beryapti. Putinni emas, kelib-kelib Zelenskiyni ko‘ndira olishmayapti. Ko‘ndira olishmasa ham kerak – axir Zelenskiy o‘zining qorni g‘amida emas, balki Ukraina milliy manfaatlari uchun kurashyapti, Ukraina uchun uzoq muddatli kafolatlangan tinchlikka erishmoqchi», – deb yozdi jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev.
«Qiziq davr. Putinning eng yoqimli tushlari ro‘yobga chiqyapti», – deya diplomatik mojaroga ta’rif berdi Telegramdagi «Fayzbog‘» kanali.
Fotolarga izoh:
2. Tramp Zelenskiyni kutib olishdayoq «U hamisha shunday bashang kiyinib yuradi» degan kinoya bilan mehmonning kostyum-shimda kelmaganiga e’tiroz bildirgan. Foto: dpa
3. Diplomatik mojaro taniqli karikaturachi Marian Kamensky talqinida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter