Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zamonaviy tashqi siyosat bo‘yicha e’tiborli manba

Zamonaviy tashqi siyosat bo‘yicha e’tiborli manba

Shu kunlarda «Oltin meros press» nashriyotida atoqli olim, siyosiy fanlar doktori, professor Qodir Jo‘rayevning «O‘zbekiston Respublikasi va jahon hamjamiyati» nomli ilmiy-ommabop maqolalar to‘plami chop etildi.

U mamlakatimizning zamonaviy tashqi siyosati va xalqaro munosabatlari sohasida o‘ziga xos yangi manbadir. Kitobni 2016-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatidagi eng muhim voqealarning tahliliy solnomasi deyish ham mumkin. To‘plamda muallif O‘zbekistonning ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarini hamda zamonaviy xalqaro munosabatlarning dolzarb yo‘nalishlarini o‘zining 100 ga yaqin eng sara maqolalarida aks ettirishga harakat qilgan.

Bugungi kunda transformatsiya jarayonlarini boshidan kechirayotgan, barqaror taraqqiyot maqsadlari sari dalil intilayotgan, hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, nizolarni tinch-diplomatik yo‘llar bilan hal etish va milliy manfaatlar mutlaq ustuvorligi tamoyillariga asoslangan qat’iy tashqi siyosat olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi butun dunyo uchun hamkorlikka ochiq, ishonchli va mas’uliyatli sherikka aylandi.

Muallif uzoq yillar xalqaro munosabatlarda uncha faol bo‘lmagan davlatdan qisqa fursatda jadal rivojlanayotgan, hatto jahonning eng qudratli kuch markazlari bilan ham muvozanatli, teng huquqli va o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatishga qodir mamlakatga aylangan Yangi O‘zbekistonning asosiy yutuqlari sabablarini tizimli asosda ko‘rsatib beradi.

Ayniqsa, so‘nggi yetti yil ichida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi va mislsiz sa’y-harakatlari natijasida muqaddam bir qadar tarqoq va zaif, hatto, bir-biri bilan ancha ziddiyatli ichki munosabatlarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari endilikda xalqaro maydonda yagona va yaxlit, bahamjihat va ahil, integratsiyalashayotgan va konstruktiv jug‘rofiy-iqtisodiy makon sifatida gavdalana boshlagani tadrijiy misollarda bayon etiladi.

Darhaqiqat, yangi davrda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, yaqin do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib, bir-birini qo‘llab-quvvatlash ruhi tobora kengayib borayotgani g‘oyat quvonarlidir. Bu o‘rinda 2017 yil 10-11 noyabr kunlari Samarqand shahrida BMT shafe’ligida Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro konferensiyaga bag‘ishlab yozilgan «SAMARQAND SAMMITI: mintaqaviy xavfsizlik yaxlit va bo‘linmasdir», deb nomlangan maqolada olimning quyidagi nuqtai nazari diqqatga sazovor: «Markaziy Osiyodagi xavfsizlik yaxlit va bo‘linmasdir. U faqatgina mintaqada joylashgan barcha davlatlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari evaziga ta’minlanishi mumkin».

Bundan tashqari, hamkor davlatlar bilan munosabatlarning yuksalish dinamikasi, AQSh, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Pokiston, Turkiya, Fransiya, Italiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi kabi yetakchi davlatlar bilan o‘sib borayotgan strategik sheriklik aloqalari, Yevropa, Yaqin Sharq, Janubi-sharqiy Osiyo mintaqalarining boshqa davlatlari bilan yangi bosqichga chiqayotgan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ham kitobda batafsil qamrab olingani ayni muddaodir.

Unda jamlangan maqolalarda, eng avvalo, davlatlararo munosabatlarning uzoq va yaqin tarixi, umumiylik, madaniy va diniy qadriyatlar mushtarakligi, an’ana va urf-odatlar o‘xshashligi kabi omillarga urg‘u beriladi. Bunda alohida qayd etish kerak bo‘lgan jihati shundaki, mamlakatimiz rahbarining oliy darajadagi har bir tashrifi yoki boshqa muloqotlar nafaqat siyosiy-diplomatik, balki savdo va iqtisodiy-sarmoyaviy, xavfsizlik, madaniy-gumanitar mazmun-mohiyat bilan boyitilib, aniq kelishuvlar hamda yirik loyihalar asosiy natijaga aylanayotgani olimning sinchkov nazaridan chetda qolmaydi.

Muallifning fikricha, xalqaro maydonda oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan geosiyosiy to‘qnashuvlar kechayotgan bugungi murakkab vaziyatda O‘zbekistonning eng dolzarb masalalar bo‘yicha tutgan mavqei, tinchlik va hamkorlikka asoslangan progressiv va konstruktiv yondashuvlari uning tinchliksevar tashqi siyosatida konseptual jihatdan mujassam etilgan.

Bu tub milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda jug‘rofiy joylashuvi va mafkurasidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlar bilan do‘stona tashqi siyosat yo‘nalishiga asoslanadi. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Parlamentlararo Ittifoq, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Turkiy davlatlar tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, YuNESKO, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon savdo tashkiloti, Islom taraqqiyot banki singari xalqaro moliya institutlari bilan tobora faollashib, yuksalib borayotgan aloqalarga ham keng e’tibor qaratiladi.

Kitobda ayniqsa, YuNESKO faoliyati va uning mamlakatimiz bilan ko‘p qirrali aloqalari turkum maqolalarda aks etgani e’tiborimizni tortadi. 1995-2004 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi bosh eksperti sifatida faoliyat yuritgan muallif bu borada keng mushohadalarni ilgari suradi.

Jumladan, 2023 yil 13 aprelda Milliy axborot agentligi muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida juda qiziqarli ma’lumotlarni keltirib o‘tadi: «YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga shu paytga qadar O‘zbekistondagi 5 ta ob’yekt kiritilgan bo‘lib, bular – Xivadagi Ichan qal’a majmuasi, Buxoro shahrining tarixiy markazi, Shahrisabz shahrining tarixiy markazi, Samarqand – madaniyatlar chorrahasi hamda Buyuk ipak yo‘lining Zarafshon-Qoraqum koridoridir. YuNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga o‘zbek xalqi nomoddiy madaniy merosining 14 ta elementi kiritilgan. Bular – Shoshmaqom (Tojikiston bilan birgalikda), Boysun madaniy an’analar, Katta ashula, Askiya zukkolik san’ati, Palov bilan bog‘liq madaniyat va an’analar, Navro‘z bayramini nishonlash an’analari, Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi: atlas va adras tayyorlashning an’anaviy texnologiyalarini saqlash, Lazgi, Miniatyura san’ati, Baxshichilik, Ipakchilik va an’anaviy ipak tayyorlash san’ati, Xo‘ja Nasriddin haqidagi an’anaviy hikoyalar, O‘zbekiston kulolchilik san’ati, Illyuminatsiya san’ati: naqqoshlik, Iftorlik va uning ijtimoiy-madaniy an’analari.

YuNESKOning Butunjahon tabiiy merosi ro‘yxati ham mavjud bo‘lib, bu ro‘yxatga O‘zbekistonning ikkita ob’yekti kiritilgan. Bular G‘arbiy Tyan-Shan (2016) hamda «Turon cho‘llari» (2023)dir. YuNESKO «Jahon xotirasi» reyestri 1992 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi hujjatli meros – qog‘oz, audiovizual, raqamli yoki boshqa har qanday formatdagi muhim va doimiy qiymatga ega bo‘lgan hujjatlar yoki hujjatlar to‘plamining qaytarib bo‘lmaydigan yo‘qotilishining oldini olish, avaylab-asrash va keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat.

2023 yilga qadar YuNESKOning «Jahon xotirasi» reyestriga O‘zbekiston Respublikasidan Toshkent shahrida saqlanayotgan Muqaddas Usmon Qur’oni, Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qo‘lyozmalar to‘plami, Xiva xonligi devonxonasi hujjatlari kiritilgan edi. 2023 yilda esa O‘zbekiston tarixiga oid yana 2 ta hujjatlar to‘plami – Mavlono kulliyoti va Buxoro Amirligining qushbegi ma’muriyati arxivlari to‘plami ushbu reyestrdan joy oldi. Yana bir muhim yo‘nalish YuNESKOning Butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘i bo‘lib, unga O‘zbekistonning 2 ta ob’yekti kiritilgan. Bular – Chotqol davlat biosfera rezervati (1978) va Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati (2021)».

Q.Jo‘rayev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tajribali deputati, 30dan ortiq qonun loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etgan qonun ijodkori sifatida parlament diplomatiyasi, Oliy Majlisning xalqaro hamkorlik aloqalari, xususan, xorijiy mamlakatlarning qonun chiqaruvchi organlari bilan hamkorlik bo‘yicha do‘stlik guruhlari faoliyati, parlament nazorati instituti, xalq vakillari bo‘lgan deputatlarning xorijdagi vatandoshlar haq-huquqlarini himoya qilish borasida o‘sib borayotgan o‘rni, tashqi siyosat sohasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, xususan, mamlakatimizning xalqaro shartnomalari va konsullik masalalari bo‘yicha qabul qilingan yangi hujjatlar hamda xorijiy mamlakatlardagi elchilarimizning hisobotlarini milliy parlamentimizda eshitib borish mexanizmiga alohida to‘xtalib o‘tadi.

Chunonchi, «Parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari» nomli maqolasida bu muhim jarayonlarda qonun chiqaruvchi organning o‘rniga alohida baho beriladi: «O‘z navbatida, parlamentning tashqi siyosat sohasidagi faoliyatda ishtiroki nafaqat xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish, elchilarni lavozimga tasdiqlash orqali, balki bevosita xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama o‘zaro munosabatlarda ishtirok etish orqali ham amalga oshirilmoqda».

Maqolalarda chuqur o‘ylangan, amaliy tajribadan kelib chiqqan holda tashqi siyosatga doir ko‘plab e’tiborga molik ma’lumotlar, O‘zbekistonning jahonda e’tirof etilayotgan muhim xalqaro tashabbuslari va qat’iy pozitsiyalari keltirilgani kitobning salmog‘i va salohiyatini yanada oshiradi. 2016 yoki 2017 yilda e’lon qilingan maqolalar bilan tanishar ekansiz, ularni keyingi yillar, deylik 2023 yoki 9 2024 yildagi tadrijiy rivojlanishi bilan qiyosiy solishtirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shunda keng qamrovli va uzoq muddatli aloqalarning barcha yo‘nalishlardagi o‘sish dinamikasi, xalqaro reyting va indekslardagi ijobiy natijalar mamlakatimiz nufuzini va xalqimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qilayotgani yaqqol ko‘zga tashlanadi.

So‘nggi yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Strategik tahlil va istiqbolni belgilash Oliy maktabi, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida professor sifatida ishlab kelayotgan va 25 yillik pedagogik ish faoliyatiga ega, qator Ilmiy kengashlar va Ilmiy seminarlar a’zosi, 10ga yaqin fan nomzodlarini yetishtirib chiqqan, nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham ko‘plab ilmiy maqolalari e’lon qilingan, o‘ndan ziyod darslik va o‘quv qo‘llanmalar muallifi Q.Jo‘rayevning mazkur ilmiy-ommabop kitobi tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar sohasida tahsil olayotgan talabalar, tadqiqotchi olimlar, mavzuga oid qalam tebratayotgan jurnalistlar uchun foydali manba bo‘lib xizmat qilishi shubhasizdir.

Laziz Rahmatov, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring