Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Daryoqalb va betakror ijodkor

Daryoqalb va betakror ijodkor

Shu kunlarda «Oltin meros press» nashriyotida nozikta’b muallif, tom ma’noda ko‘p qirrali shaxs Bozor Bolta Boboning saylanma kitobi nashr etildi.

Aslida muallifning mehnat faoliyatiga nazar tashlasak, bu rang-baranglik yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

U 1972 yilda Samarqand davlat pedagogika institutini tugatgandan keyin (1984-1990 yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutida ham tahsil olgan) Shahrisabz shahar 16-sonli maktab ona tili va adabiyot o‘qituvchisi (1972-77), Shahrisabz tuman yoshlar qo‘mitasi 1-kotibi (1977-1984), tuman xalq nazorati qo‘mitasi raisi (1984-1988), «Guliston» xo‘jaligi raisi o‘rinbosari (1988-1989), 28-hunar texnika bilim yurti direktori (1989-1993), «O‘roq Ibragimov» xo‘jaligi raisi (1993-1995), 32-sonli kasb-hunar litseyi direktori (1995-2002), tuman madaniyat va sport ishlari bo‘limi boshlig‘i (2002-2005), Shahrisabz shahar 16-sonli maktab direktori (2007-2011) sifatida uzoq yillar samarali mehnat qildi.

U o‘zi tug‘ilib kamol topgan Shahrisabzni nihoyatda qattiq sevadi, shu sababli viloyat va mamlakat miqyosida qancha-qancha takliflar bo‘lmasin, rahbarlik lavozimlarida faqat o‘z manzil-makonida elga xizmat qilishni afzal bildi.

San’at va adabiyotga oshuftaqalb, beozor-beg‘ubor bu inson meni ilk bor Toshkentga olib kelganini hech qachon unutmayman. Adashmasam, 1996 yil edi. U paytlarda Bozor aka 32-sonli kasb-hunar litseyi direktori edilar. Ta’lim dargohidagi iqtidorli talabalarni yig‘ib, alohida bir badiiy dasta tuzilgan, bu yerda doimiy ravishda qizg‘in madaniy muhit hukmron edi.

Ta’lim dargohi ijodiy jamoasi tizimdagi ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, Toshkentdagi bosqichda ishtirok etish uchun tadorik yangicha shiddatli tus olgan edi. Repetitsiya jarayonlarining har bir kuni shu qadar qiziqarli, shu qadar jonli kechar ediki, bu olamdan sira chiqib ketging kelmas edi. Bozor aka jamoa bilan soatlar shug‘ullanishdan charchamas, sahnadagi har bir chiqish, har bir harakatga professional yondashar, talabalar o‘xshata olmasa, garchi tabiatan muloyim bo‘lishlariga qaramay, asabiylashib, qattiq jahli chiqib ketar edi. Aksincha bo‘lsa, bolalarday miriqib kular, rohatlanar va kayfiyati xushvaqt bo‘lardi.

«Nota asosida milliy musiqiy sozda ijro» shartida Qori-Niyoziy maktabidan meni jalb qildilar va o‘sha yili poytaxtda, hozirgi milliy teatrda o‘tgan respublika bosqichida faxrli 3-o‘rin egallandi.

Menga o‘sha paytda bu teatrda dramaturg Haydar Muhammad, yulduz aktyorlar Turg‘un Azizov, Erkin Komilov, Rixsi Ibrohimova, Dilbar Ikromova bilan qisqa muloqotda bo‘lish baxti nasib etgan, bolalik olamimga juda katta ijobiy taassurotlar uyg‘otgan edi. 

Bozor Boltayev barcha davralarda o‘zining shoirlikka da’vosi yo‘qligini, oddiy bir havaskor ekanini ta’kidlab kelsa-da, ko‘p yillar davomida o‘nga yaqin kitoblar nashr etdi. «To‘yona» she’rlar to‘plami, «Mangulik da’vati», «Aytilmagan qo‘shiqlar», «Otam tuygan g‘urur» va «Kuzda ungan chechaklar» kabi asarlari ixlosmandlar tomonidan yaxshi qabul qilindi.

Ammo bugungi to‘plam uning o‘quvchilar oldidagi o‘ziga xos ijodiy sarhisobi, yaxlitlashgan salmoqli ovozi deyish mumkin. Uning she’riyati haqiqatda go‘zaldir. Ularda insonlarning turfa xarakterlari juda chiroyli tarzda ifodalanadi. Emotsional, ochiqqalb, rostgo‘y, har qanday g‘iybatlardan yiroq bu samimiy insonning yillar o‘tgani sari tuyg‘u-tug‘yonlari sayqallashib, poetik olami yanada teranlashadi. Tarix ilmining puxta bilimdoni, paxtachilik sohasida katta tajriba ottirgan iqtisodchi, so‘zga chiqqanda butun auditoriyani o‘ziga darhol mahliyo etib oladigan notiq adabiyotning chinakam oshig‘idir.

Taniqli shoir va jurnalist Amirqul Karimov suhbatlarimizdan birida Bozor akaning ijodini ta’riflab, «u kishining ijodi meni doim o‘zgacha ta’sirlantiradi. Ota-onasini, Vatanini qaynoq mehr-muhabbat bilan yaxshi ko‘rgan farzandgina ana shunday kitoblar yoza oladi. Uning she’riyati soxta ko‘tarinkilik, adabiy ohangjamalikdan va zo‘rakilikdan xoli, musaffo tuyg‘ular hosilasidir. Bozor aka uchun Vatan moddiy hodisa, ota, ona, farzand timsolga va hayot mazmuniga aylanib ketgan», degan edi.

Jumladan, to‘plamdan joy olgan «Safar oldidan» she’rida qishloqdagi go‘zal qiz haqidagi quyidagi betakror satrlar kishini o‘ziga maftun etadi: 

U juda yaxshi qiz, oh biram dilkash,

Men uni ko‘rishni istayman mudom.

Birovlar dilimni gar qilishsa g‘ash,

Qizchaning xayoli beradi orom.

Institutni tamomlagach, qadrdon bo‘lib qolgan talabalardagi ayriliq hislari shu misralarda yaqqol namoyon:

Uzilgandek marjon shodasi,

Tarqab ketdi do‘stlar davrasi.

«Bir Kenagas qo‘shig‘i»da esa hech qachon kun tartibidan tushmagan bosqinchi-g‘animlarning asl basharasiyu yovuz niyatini tagdor nafrat va hikmatona ibora bilan aks ettiradi:

Bosqinchidan do‘st bo‘lmaydi, bo‘lmagandir hech qachon,

Ayo do‘stlar, fido bo‘lgan Turkiston deb yig‘larman.

«O‘zing hakamsan, xalqim» she’rida esa manmanlik, kalandimog‘lik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, munofiqlik, savodsizlik, e’tiqodsizlikni keskin qoralaydi. Dangasalik, ichkilikbozlik, qog‘ozbozlik, sotqinlik, xiyonat kabi illatlariga kinoya vositasida bolta uradi:

Sodiq qolsaydik biz har qanday holda,

Toza qalb buyrug‘i, vijdon amriga.

Sun’iy donolaru, kechagi mardlar,

Bugun yurishmasdi pisib panada.

Shoir tuman yoshlar qo‘mitasida ishlab yurgan kezlari, 1982 yilning fevral-mart oylarida Parijda cafarda bo‘ladi. Fransuzlar imperator Napoleonning Rossiyadan minib qochgan otlarini juda uchqur bo‘lganini haqida aytib, maqtanishganidan hayratlanib, «Faranglarning uchqur otlari» she’rini yozadi va har bir millat o‘zini har qanday vaziyatda ham sevishi zaruriyatini ta’kidlaydi.

Sodda o‘zbekman-da, tarix bilmagan,

Maqtanishni hanuz eplay olmayman.

Gap ketsa davrada Temur bobomdan,

Til yutib, o‘zgadan cho‘pchak tinglayman.

Napoleon – faranglarning ko‘kdagi oyi,

Aytib ham qo‘yganlar aytarlarini.

Fransuzlar hatto maqtashar ekan,

Rusdan minib qochgan baytallarini.

Bozor aka o‘zi ko‘p yillar kolxozlarda, keyin shirkat xo‘jaliklarida rais bo‘lib, yerning tilini yaxshi tushunadigan qishloq xo‘jaligi xodimi sifatida ayrim dalalarning haqiqiy dehqon qo‘lidan ketib, besh-begona shaxslarga tushib qolganini, bu kulguli fojealarga olib kelganini «O‘zbekning dalasi» she’rida qalamga oladi:   

O‘zbekning dalasi dehqon qo‘lida,

Bu udum hamisha tosh bosib kelgan.

Bir rassom do‘stimiz fermer bo‘lay, deb,

Urho-ur paytida yer olib qo‘ygan.

Tomosha boshlandi birinchi kundan,

Ketmon mo‘yqalamga o‘xshamas mutloq.

Biz dedik: «yer bilan tillashish mushkul,

«Quyon»ning rasmini chizgan ma’qulroq».

Bir she’rida shoirlar hayot falsafasini va fidoyiligini ko‘rkam shaklda tasvirlaydi:

Dunyoda bir zot bor tinmaydi sira,

Borlig‘i, qilmishi qalbga doirlar.

Hattoki non bermang, bermang nafaqa,

Oq qog‘oz bo‘lsa bas, yashar shoirlar!

«Yolg‘iz bo‘lmasin» she’rida otasidan yolg‘iz farzand (rahmatli Bolta Sherboboyev uzoq yillar tumandagi jamoa xo‘jaligi rahbari bo‘lib ishlagan) sifatida o‘sgani uchun achchiq armon va iztiroblar prizmasida baho beradi: 

Hovlida chopqillab yursin bolalar,

O‘g‘il bo‘ladimi yoki qiz bo‘lsin.

Iloji boricha tug‘ing, onalar,

O‘zbekning bolasi yolg‘iz bo‘lmasin.

Ota-ona ketgach telbadek zor-zor,

Bir g‘arib bo‘zlaydi mehrga mushtoq,

Tan berdim, «yolg‘izlik Allohga xosdir»,

Degan shoirimiz haq ekan, mutloq!

To‘plamning ikkinchi qismidan o‘rin olgan, sodda va ravon tilda yozilgan, qiziqarli syujetli nasriy ishlaridagi har bir qahramon va har bir voqea tabiiyligi, yumorga boyligi, xarakterlari serjiloligi bilan katta ahamiyatga molikdir.

Chehrasidan nur yog‘ilib turadigan, ko‘nglida zarracha kiri yo‘q, butun umr a’moli yaxshilik va ezgulik bo‘lgan, doim ulug‘ maqsadlar sari intilib kelayotgan Bozor aka doimo pok va halol, faqat vijdon amri bilan yashagan rahbar, yuksak madaniyatga ega, tanti va muloyim, barkamol inson timsoli bo‘lib qoladi.

Laziz Rahmatov,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
«Shuhrat» medali sohibi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring