Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Dubay amirligi valiahdini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Dubay amirligi valiahdini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, mudofaa vaziri, Dubay Amirligi valiahdi Shayx Hamdan bin Muhammad Ol Maktum boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvida ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish, iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni ilgari surish, mudofaa sohasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

BAA delegatsiyasi tarkibida uchrashuvda hukumat ishlari vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergaviy, energetika va infratuzilma vaziri Suhayl bin Muhammad al-Mazruiy, iqtisodiyot vaziri Abdulloh bin Tuk al-Marriy, sun’iy intellekt masalalari va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha davlat vaziri Umar bin Sulton al-Olama ham qatnashdi.

Suhbat avvalida Shayx Hamdan Ol Maktum davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, BAA Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon va mamlakat Bosh vaziri, Dubay Amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning samimiy salomini yetkazdi.

Uchrashuvda investitsiyalar, innovatsion rivojlanish, "yashil" energetika, infratuzilma, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, raqamli transformatsiya, turizm va boshqa muhim yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi uzoq muddatli kun tartibini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bugun kunning birinchi yarmida o‘tkazilgan o‘zaro manfaatli hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha qo‘shma forum hamda ikki tomonlama hukumatlararo va idoralararo muzokaralarning samarali yakunlari yuksak baholandi.

Strategik tarmoqlarda keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.

Ta’kidlash joizki, BAA O‘zbekistonning Osiyo mintaqasidagi asosiy hamkorlaridan biridir.

Oxirgi oliy darajadagi muloqotlar o‘tgan yil dekabr oyida Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan Global iqlim sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan edi.

Tovar ayirboshlash 2023 yilda 21 foizga o‘sib, 626 million dollarni tashkil etdi. Mamlakatimizda Amirliklar kapitali ishtirokida 320 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Amalga oshirilayotgan va istiqbolli investitsiya loyihalari portfeli qariyb 20 milliard dollarni tashkil etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring