Prezidentning Ozarbayjonga safari yakunlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Boku shahrida o‘ziga ajratilgan qarorgohda ozarbayjonlik adabiyotshunos va shoir Akif Bag‘irovni qabul qildi.
Akif Azalp taxallusi bilan tanilgan shoir Naxichevonda tug‘ilgan, ammo umrining katta qismini O‘zbekistonda yashab, ijod qilgan. Ozarbayjon xalqini o‘zbek adabiy muhiti bilan yaqindan tanitishda fidoyilik ko‘rsatib kelmoqda. U ko‘plab o‘zbek shoirlari, adiblarining asarlarini ozarbayjon tiliga o‘girgan. Xususan, yaqinda Sirojiddin Sayyidning «Vaqt haykali» kitobini tarjima qilgan. Shoir xalqimizning shonli tarixi va O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi yutuqlaridan, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlardan ilhomlanib yozilgan «O‘zbek kelayotir» qasidasi bilan ham mashhurdir.
Uchrashuvda Akif Bag‘irov yuksak hurmat va minnatdorlik ramzi sifatida Prezidentimizga o‘zi ozarbayjon tilida tayyorlagan «Shavkat Mirziyoyev fenomeni» kitobini taqdim etdi.
Kitobdan siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning "Mening Prezidentim" va "Millatparvar" kitoblaridan saralab olinib, shoir tomonidan ozarbayjon tiliga tarjima qilingan publitsistik esselar o‘rin olgan. U davlatimiz rahbari boshchiligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan asosiy islohot va o‘zgarishlarga bag‘ishlangan. Unda Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosatning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, iqtisodiy rivojlanish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, ijtimoiy sohani yaxshilash va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash masalalari yoritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga amaliy tashrifining nihoyatda mazmunli dasturi yakuniga yetdi.
Kecha, 12 noyabr kuni davlatimiz rahbari BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi doirasidagi Jahon yetakchilari sammiti yalpi majlisida nutq so‘zlab, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini birgalikda bartaraf etish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Sammit doirasida O‘zbekiston yetakchisi Yevropa kengashi Raisi Sharl Mishel, Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb, Chernogoriya Prezidenti Yakov Milatovich, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil-Reno Basso, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad al-Jassir, ICESCO bosh direktori Salim al-Malik, Yashil iqlim fondi ijrochi direktori Mafalda Duerte va Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Bler bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tashrif dasturining ikkinchi kuni, 13 noyabrda Prezidentimiz O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘rtasida "yashil" energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi uch tomonlama bitimni imzolash marosimida ishtirok etdi.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, uning yakunida davlat rahbarlari qo‘shma fabrikani ishga tushirdilar.
BMT iqlim sammiti doirasida Chexiya Bosh vaziri Petr Fiala, Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala va Global ekologik fond bosh direktori Karlos Rodriges bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Prezidentimiz O‘zbekistonning COP29dagi Milliy pavilonini ham ko‘zdan kechirdi.
Tashrif tadbirlari yakunlangach, davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi. Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportda Prezidentimiz va rafiqasini Ozarbayjon adliya vaziri Farid Ahmedov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter