«Yangi elektr hisoblagichlar qo‘shib yozmoqda»
Bugungi kunda xonadonlarga o‘rnatilayotgan yangi elektr hisoblagichlar iste’molchilarda ommaviy norozilikni yuzaga keltirmoqda. Qayd etilishicha, yalpi o‘rnatilayotgan yangi hisoblagichlar avvalgi hisoblagichlarga qaraganda 2,5 baravar ko‘p elektr energiyasini sarflamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda ko‘plab e’tirozlar yangramoqda.
Elektr energiyasi sarfini hisoblovchi yangi priborlarni o‘rnatish va uni ishlashi bilan bog‘liq murojaatlarga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi munosabat bildirdi:
«Hurmatli iste’molchilar!
Elektr energiyasi sarfini hisoblovchi yangi priborlar iste’mol qilingan elektr energiyasini haddan ziyod ko‘p ko‘rsatayotgani to‘g‘risidagi holatlarni atroflicha o‘rganib chiqish va tegishli choralarni ko‘rish maqsadida, mavjud e’tirozlarni qo‘mitaning Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida keltirilgan shaklda bizga yuboring. Bu murakkab jarayon emas, lekin yuzaga kelgan muammoni atroflicha o‘rganib chiqish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, o‘rnatilgan va o‘rnatilayotgan elektr energiyasi sarfini hisoblovchi yangi priborlar texnik talablarga muvofiq «O‘zbekenergo» AJ tomonidan sotib olingan. Ular sertifikatga ega va tegishli tartibda qiyoslovdan o‘tgan. Qiyoslov – bu hisoblagich to‘g‘ri ishlayotganini (ko‘rsatkichlarni to‘g‘ri ko‘rsatayotganini) tekshirish.
Agar sizda o‘rnatilgan yangi hisoblagich haqiqatda iste’mol qilingan elektr energiyasidan ko‘proq sarfni ko‘rsatyotgani to‘g‘risida shubha uyg‘onsa, siz o‘z hisobingizdan hisoblagichni qayta qiyoslovdan o‘tkazish to‘g‘risida tuman elektr tarmog‘iga buyurtma berishingiz mumkin. Shunda, tuman elektr tarmog‘i xodimlari hisoblagichni tarmoqdan uzib sizga beradi, siz esa hisoblagichni o‘z hisobingizdan «O‘zstandart» agentligida qayta qiyoslovdan o‘tkazasiz. Natijada, siz hisoblagichni qanday ishlayotgani to‘g‘risida aniq ma’lumotga ega bo‘lasiz. Shuningdek, siz yetgan zararni qoplash va hisoblagichni almashtirish to‘g‘risida ariza bilan tuman elektr tarmog‘iga murojaat qilishingiz ham mumkin.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasidan taklif:
Bu borada qo‘mita tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni faol sharxlab borayotganlar diqqatiga. Qo‘mita tashabbuskor iste’molchilardan iborat guruh tuzishni taklif qiladi. Agar shunday guruh tuzilsa, u holda guruh a’zolari biz bilan birga muammolarni joyiga chiqqan xolda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar», deyiladi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi murojaatida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter