Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xivaga yo‘lingiz tushsa, bu joyga bir kirib o‘ting!

Xivaga yo‘lingiz tushsa, bu joyga bir kirib o‘ting!

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz» muzeylar faoliyati, eksponatlari haqida foto va maqolalar berib borishni davom ettiradi. «Muzeyga boramiz» loyihasining bu galgi sayohati Xiva aloqa muzeyida bo‘lib o‘tadi.

Xiva aloqa muzeyi 1983 yil eski pochta binosida tashkil qilingan va hozirgi kunda Xiva aloqa muzeyi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Muzeyning tashkil topish tarixiga nazar solsak, Xiva xonligida Asfandiyorxon va uning bosh vaziri Islomxo‘ja davriga borib taqaladi. Chunki aynan ularning sa’y-harakati bilan 1913 yili Xivada pochta-telegraf idorasi ish boshlagan.

Foto: «Xabar.uz»

Manzil: Xiva shahri, Amir Temur ko‘chasi, 23 uy.

Kirish bepul.

Ish vaqti: Seshanba – yakshanba 09:00 dan 17:00 gacha.

Dam olish kuni: Dushanba.

To‘liq aylanish uchun: 30 daqiqadan 2 soatgacha vaqt sarflanadi.

Muzey mahalliy va chet ellik sayyohlarning sevimli maskaniga aylanib ulgurgan. Bu yerda mehmonlar aloqa sohasining rivojlanish davrlari, tarmoqdagi o‘zgarish hamda yangilanishlar xususida keng tasavvurga ega bo‘lishi mumkin.

Foto: «Xabar.uz»

Xiva aloqa muzeyi to‘rt bo‘limdan iborat: radio-televideniye, pochta, telegraf-telefon va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari. Hozirgi kunda muzeyda 1590 dan ortiq eksponat bor. Muzey eksponatlarining aksariyati O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyi va «Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi» tomonidan taqdim etilgan.

Eksponatlar orasida 1873 yilda ishlab chiqilgan Morze apparati, 1949 yilda Rossiyada ishlab chiqarilgan KVN televizori, Toshkent teleminorasi maketi kabilar mehmonlar e’tiborini ko‘proq o‘ziga tortadi.

Samuel Morze 34 yoshigacha rassom bo‘lgan va texnologiyalarga qiziqmagan. 1825 yilda u navbatdagi Yevropa safari chog‘ida otasidan maktub oladi. Xabarda uning xotini kasal bo‘lib qolgani va tez yetib kelishi haqida yozilgan edi. Bu xabar AQShdan Yevropaga yetib kelgunicha bir oyga yaqin vaqt ketgan va bu vaqt ichida ayolning ahvoli og‘irlashib, vafot etgan bo‘ladi. Morze uyiga yetib kelganida esa xotini allaqachon dafn etilganini biladi.  

Shu voqea sabab Morze rassomchilikdan voz kechib, xabarlarni uzoq masofaga tez yetkaza oladigan texnologiya ustida ish olib boradi. 1838 yilga kelib, elektr telegrafi va Morze alifbosini ixtiro qiladi.

Foto: «Xabar.uz»

Birinchi televizor KVN-49 deb nomlangan. Bu televizor Rossiyada ishlab chiqarilgan. Televizor ekranining kattaligi 11,5x16sm bo‘lgan. Ekrandagi tasvirni kattalashtirish maqsadida oldiga linza qo‘yilgan va linza ichiga suv solingan. Suv loyqalanib ketmasligi uchun bir tomchi glitsirin tomizilgan va shu suv yordamida tasvir kattalashtirib ko‘rsatilgan. Televizor 1949 yilda ishlab chiqarilgani uchun ham KVN-49 deb nomlangan. KVN deyilishi esa ishlab chiqargan mexanik olimlarning familiyalari bosh harflaridan olingan.

Foto: «Xabar.uz»

Xiva aloqa muzeyida shunga o‘xshash o‘zining qiziqarli tarixiga ega eksponatlar ko‘p. Xivaga yo‘lingiz tushsa, albatta, aloqa muzeyiga tashrif buyuring. Chunki Xiva tarixi aynan aloqa bilan uzviy bog‘liq.

Izzat Yusupov, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali direktori birinchi o‘rinbosari, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring