Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Yashil» energetika, bank-moliya sohasi, foydali qazilmalar va IT transformatsiya — Prezident ustuvor yo‘nalishlarni sanadi

«Yashil» energetika, bank-moliya sohasi, foydali qazilmalar va IT transformatsiya — Prezident ustuvor yo‘nalishlarni sanadi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotda chuqur transformatsiya jarayonlari, qulay investitsiya va biznes muhiti hamda sanoatda yuqori qo‘shilgan qiymatni yaratish izchil davom ettirilishini ta’kidlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Birinchi yo‘nalish: «yashil» energetika. Energetika tarmog‘i samaradorligini oshirish butun mintaqamiz uchun dolzarbdir. Bu borada mamlakatimizda 28 ta loyiha ustida ishlar davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston 2030 yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilgan.

Bugun forum doirasida investorlar uchun qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistondagi gidroelektr stansiyalarini birgalikda qurish loyihalari taqdimoti o‘tkaziladi. Prezident ushbu yo‘nalishda barcha davlatlar yetakchi kompaniyalarini ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka taklif etdi.

Ikkinchi yo‘nalish: bank-moliya sohasi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘plab xususiy banklar ochildi. Bozorimizga Yevropaning yetakchi banklari kirib keldi. Qator raqamli banklar o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda.

Forum doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan O‘zbekistonning yirik banklaridan biri bo‘lgan «Asakabank»ni xususiylashtirish bo‘yicha bitim imzolandi.

Moliyaviy resurslarga talabni qondirish uchun kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha yondashuvlar qayta ko‘rib chiqilmoqda. O‘zbekistonda xalqaro moliyalashtirish instrumentlarini rivojlantirish ustida ish olib borilmoqda.

«Xorijiy sarmoyalar oqimi bir necha barobar ortishi, korporativ boshqaruv sifati oshishi, yangi yetakchi bank-moliya institutlari kirib kelishini kutib qolamiz», - dedi Prezident.

Uchinchi yo‘nalish: foydali qazilmalar. O‘zbekiston – mineral resurslar va muhim metallarning katta bazasiga ega mamlakatdir.

O‘tgan oyda Yevropa Ittifoqi bilan o‘ta muhim xomashyo sohasida strategik hamkorlik o‘rnatildi. Amerika Qo‘shma Shtatlari va Buyuk Britaniya bilan ham shunday bitim ustida ish olib borilmoqda.

Bu borada zamonaviy xalqaro tajriba asosida yangi tahrirdagi «Yer osti boyliklari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinadi.

Davlatimiz rahbari strategik xomashyolarni chuqur qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish uchun yetakchi kompaniyalarni O‘zbekistonga taklif etdi.

To‘rtinchi yo‘nalish: mamlakatning IT transformatsiyasi. Bir yil ichida IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti ikki barobar oshdi. Kelajakda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish reja qilingan.

IT-park rezidentlari soni o‘n barobar ko‘payadi, kelgusida 100 ming yangi ishchi o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, uning bazasida xorijiy kompaniyalar uchun Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi yaratilmoqda.

Bu borada Saudiya Arabistonining «Data Volt» kompaniyasi bilan «yashil» energiya asosida ishlaydigan «Ma’lumotlar markazi» barpo etilayotgani ta’kidlandi. Bu mamlakatimizni raqamli iqtisodiyotga o‘tkazish va sun’iy intellekt asosida texnologiyalarni joriy etishga ulkan turtki bag‘ishlaydi.

Beshinchi yo‘nalish: transport infratuzilmasini rivojlantirish. O‘zbekiston qulay va zamonaviy transport tizimlarini yaratish vazifasiga ustuvor e’tibor qaratmoqda.

Temir yo‘l sohasida tub islohotlar olib borilmoqda, tarmoqqa xususiy investorlarni jalb etish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Pullik avtomobil va tezyurar temir yo‘llarni qurish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Toshkent, Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarini rivojlantirish va yangilarini qurish bo‘yicha salohiyatli xorijiy investorlar bilan hamkorlik loyihalari tayyorlanmoqda.

Ma’lumki, xorijiy sheriklar bilan birgalikda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston va O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘llarini qurish bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Ushbu strategik loyihalar mintaqadagi geoiqtisodiy vaziyatni butunlay o‘zgartirib, Markaziy Osiyoni Shimol va Janub, Sharq va G‘arb bilan bog‘laydigan global tranzit markaziga aylantiradi.

O‘zbekiston investorlarni va xalqaro tashkilotlarni bu yirik mintaqaviy loyihalarda qatnashishga, Buyuk Ipak yo‘lini zamonaviy asosda qayta tiklashga taklif qiladi.

«Sizlarga muhim bir fikrni yetkazmoqchiman: har bir tashabbus, har bir loyihangiz bo‘yicha davlatimiz, hukumatimiz a’zolari sizlarga yelkadosh bo‘lib, yoningizda turib, ularni to‘liq amalga oshirishda yaqindan yordam beradi.

Investitsiyalar – bu mamlakatimiz transformatsiyasining lokomotivi va iqtisodiy taraqqiyotimizning mustahkam drayveridir»,— dedi Prezidentimiz nutqining yakunida.

Xalqaro investitsiya forumi va sermahsul muzokaralar amaliy hamkorlikni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring