«Xayr, bepul ta’lim!» – Rossiyada migrantlarning farzandlari ta’limi uchun to‘lov joriy etilmoqda
Rossiya Davlat dumasi mehnat migrantlarining farzandlari o‘qishi uchun to‘lov joriy etishga doir qonun loyihasini qabul qilishi mumkin. Bu haqda TASS xabar berdi.
Hujjat loyihasi muallifi Dumaning mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Yaroslav Nilov fikricha, rossiyalik bolalar xorijlik ishchilarning farzandlari ko‘pligidan aziyat chekmasligi kerak.
«Xorijliklarning farzandlari Rossiya budjeti, soliq to‘lovchilarimiz hisobidan o‘qishiga doir xayriya epopeyasiga xotima yasashni taklif etmoqdamiz. Ular tekin o‘qiganlari yetmagandek, o‘z tartib-qoidalarini o‘rnatishadi, begona submadaniyatlarini tiqishtirishadi. Marhamat, chet ellik ota-onalar istasa, farzandlarini ta’lim muassasalarimizga tijoriy asosda joylashtirishi mumkin. Bemalol tijoriy sinflar tashkil etishsin», – degan Ya.Nilov.
Hozirda Rossiyadagi chet el fuqarolari – migrantlar bog‘cha va o‘rta ta’lim maktablarida farzandlarini bepul o‘qitib kelmoqda. Yangi loyihada esa «Rossiya Federatsiyasining ta’lim to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartirish kiritish va ular uchun tahsilni pullik qilish taklif etilmoqda.
Qonun tashabbuskorlari fikricha, so‘nggi yillarda Rossiyadagi bog‘cha va maktablarda MDH va O‘rta Osiyo mamlakatlaridan kelgan muhojirlarning bolalari soni keskin oshgan.
«Rossiya bolalar bog‘chalari va maktablarida migrantlarning farzandlari soni nazoratsiz ravishda o‘sib borayotgani joy yetishmovchiligiga olib kelmoqda. Ayni vaqtda Rossiya maktablarida qariyb 900 mingta joy yetishmayapti», – deyiladi qonun loyihasiga ilova qilingan asosnomada.
Tahlilchilar so‘nggi vaqtlarda Rossiyada mehnat muhojirlari va ularning oilalariga nisbatan toqatsiz munosabat shakllanayotganiga e’tibor qaratmoqda.
Yaqinda Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev OAV vakillari bilan uchrashuvda migrantlarning o‘z oilalarini Rossiyaga olib kelishini tanqid qilgan edi.
«Agar odam bizning mamlakatga mavsumiy ishga kelayotgan bo‘lsa, oilasini sudrab kelishiga balo bormi?!» – degan sobiq prezident D.Medvedev.
Shuningdek, u migrantlarning bolalari rus tilini bilmasligini ham nomaqbul hol deb baholagan.
O‘tgan hafta Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin ham migrantlarning oila a’zolarini Rossiyaga olib kelishi «muammolarni yuzaga keltirayotgani»dan bahs etgandi.
«Davlat dumasining ko‘pchilik deputatlari pozitsiyasini bildirib o‘tmoqchiman. (Rossiyaga) ishlash uchun keladigan malakasi past mehnat muhojirlari haqida gap ketganda, ular faqat mehnat bilangina mashg‘ul bo‘lishini inobatga olib qaror qabul qilishimiz kerak. (Migrantlarning) qarindoshlari, oilasiga kelsak, ular o‘z vatanida kutishi kerak. Ularni bu yerga olib kelish ma’qul ish emas», – degan Duma raisi.
Rossiyalik yuqori martabali rasmiylarning migrantlarga nisbatan tanqidiy mulohaza bildirishi yangilik emas.
Joriy yil iyun oyida RF Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin migratsiya siyosatini yanada qattiqlashtirish kerakligini ta’kidlagan, mamlakatdagi 13-14 million migrantning manfaat keltirishini shubha ostiga olgan edi. Bastrikin Rossiyadagi tadbirkor va ishlab chiqaruvchilarni chet elliklar o‘rniga mahalliy aholini ko‘proq ishga jalb etishga chaqirgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter