Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekneftgaz»: «Ishchi guruh» tomonidan konlar faoliyati tahlil etilib, aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etildi

«O‘zbekneftgaz»: «Ishchi guruh» tomonidan konlar faoliyati tahlil etilib, aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etildi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi «Ishchi guruh» tomonidan Qashqadaryo viloyatida joylashgan konlarda gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish va geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarning holatini nazorat qilish ishlari davom etmoqda.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi «Ishchi guruh»ning o‘rganish ishlarida konlarda amalga oshirilayotgan ayni holatni tahlil qilish, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish orqali neft va gaz qazib chiqarish hajmini oshirish ko‘zda tutilgan.

Nazorat tadbirining ikkinchi kunida Boshqaruv raisi boshchiligidagi «Ishchi guruh» Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli 10 ga yaqin kondagi quduqlar faoliyati bilan tanishildi.

«Ishchi guruh»i ayni paytda burg‘ilash jarayonlari ketayotgan «Zevarda» konidagi 335-, 336-, 321-sonli ishlatish quduqlarini borib o‘rgandi. Bu yerda burg‘ilash tashkiloti va Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbariyati bilan burg‘ilash ishlarining belgilangan reja bo‘yicha bajarilishi tahlil qilindi. Boshqaruv raisi tomonidan burg‘ilashni jadallashtirish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik resurslarni o‘z vaqtida yetkazib berish kabi muammoli masalalarni hal etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ayni paytda gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish maqsadida «Janubiy Kemachi» konidagi mavjud gaz quduqlar majmuasida yonlama o‘zanni burg‘ilash bilan quduqlarni murakkab ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. 2023 yilda ushbu kondagi 13 ta quduqda shu turdagi ishlarni amalga oshirish belgilangan bo‘lib, hozirda 1-, 2-, 24-, 64- va 144-sonli quduqlarda murakkab ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. O‘rganish jarayonlarida ta’mirlash ishlari uchun jalb qilingan maxsus texnika vositalari va ularning imkoniyatlari muhokama qilindi. Boshqaruv raisi mas’ul departament boshliqlariga mazkur quduqlardan olinadigan natijalarning samarasi asosida ushbu yo‘nalishdagi tadbirlarni keng tatbiq etish masalasini o‘rganish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ma’lumot uchun qayd etish joizki, murakkab turdagi ta’mirlash ishlari olib borilayotgan ushbu quduqlarni burg‘ilashga dunyoning ilg‘or kompaniyalaridan biri bo‘lgan «Yantai Jereh Petroleum Equipment & Technologies Co. LTD» korxonasining zamonaviy qurilmalari bilan jihozlangan «ZJ-20» va «ZJ-30» burg‘ilash dastgohlari jalb qilingan. Quduqlarni yo‘nalishli va gorizontal qismlarini burg‘ilash hamda texnologik nazorat qilish xizmatlari Xitoyning «KARAMAY JIANYE ENERGY Co.Ltd» kompaniyasining yuqori malakali mutaxassislari tomonidan zamonaviy texnologiyalari asosida amalga oshirilmoqda.

«Ishchi guruh» Muborak hududida uglevodorodlar zaxiralarini oshirish Dasturi doirasida 2022 yilda ochilgan yangi maydonlarda olib borilayotgan ishlar holatini nazorat qilish maqsadida «Tegirmon» guruhi konlarini ko‘zdan kechirdi. Dastlab «Tegirmon» konidagi 6-, 14-, 17-sonli, «G‘arbiy Tegirmon» konidagi 12-sonli ishlatish quduqlarini burg‘ilash ishlari o‘rganildi. Shuningdek, «Yangi Olot» maydonidagi 4-, 5- sonli va «Oltinko‘l» istiqbolli maydonidagi 1-sonli ishlov-qidiruv quduqlarida olib borilayotgan burg‘ilash jarayonlari bilan tanishildi.

Boshqaruv raisi tomonidan «Yangi Olot» konining istiqbollarini baholash maqsadida 10-OE-sonli ishlatish qudug‘ini burg‘ilash joyi belgilandi. Quduqlar o‘rnini belgilashda Modellashtirish markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlar hisoboti tinglandi. Mas’ullarga quduqqa burg‘ilash dastgohini o‘rnatish va burg‘ilash ishlarini boshlashga ruxsat berildi.

Boshqaruv raisi «Yangi Olot» konidagi ishlarni jadallashtirish maqsadida kon boshliqlari, burg‘ilash va kapital ta’mirlash ustalari bilan suhbatlashib, ular tomonidan bildirilgan o‘rinli taklif va mulohazalar bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tomonidan 2022 yilda 34 ta gaz konidagi 619 ta ishlatish quduqlaridan 14,7 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishga erishilgan edi. Konlardan qazib olingan gaz 15 ta gazni dastlabki va komleks tayyorlash qurilmalarida birlamchi tayyorlanib, 16 ta Siquv kompressor stansiyalarida bosimi oshirilib qayta ishlash uchun Muborak gazni qayta ishlash zavodiga uzatildi.

2023 yilda Muborak neft va gaz qazib chqarish boshqarmasida geologik texnik tadbirlar doirasida 26 ta quduqni burg‘ilash (shundan 16 tasi izlov-qidiruv qudug‘i), 245 ta quduqni kapital ta’mirlash va intensifikatsiya qilish hamda 8 ta texnologik ob’yektni ishga tushirish rejalashtirilgan. Buning natijada 1 630,6 mln kub metr tabiiy gaz va 14,3 ming tonna suyuq uglevodorodlar qazib chiqarishga erishiladi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring