Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Temir yo‘l sohasini xususiylashtirishga doir hujjat muhokamasi bo‘lib o‘tdi

Temir yo‘l sohasini xususiylashtirishga doir hujjat muhokamasi bo‘lib o‘tdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kechagi majlisida temir yo‘l transporti sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan «Temir yo‘l transporti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan sog‘lom raqobat muhitini yaratish, sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish, temir yo‘l transportini monopoliyadan chiqarish maqsadida tashuvchi va vagonlar, (konteynerlar) operatori huquq va majburiyatlari belgilab berilmoqda.

Shuningdek, loyihada temir yo‘l transportida yo‘lovchi tashish sohasini yanada rivojlantirish, ushbu sohada davlat-xususiy sheriklikning huquqiy asoslarini yaratish, investitsiyalarni jalb etishni kengaytirish hamda yo‘lovchilarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash imkoniyatlarini oshirishda nodavlat sektori ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida temir yo‘lda davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratilmoqda.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni yo‘lovchi poyezdlarda yurish imkoniyatini yaratish maqsadida temir yo‘l transportida yo‘lovchilarning imtiyozli yurishi, huquq va majburiyatlari ham belgilanmoqda.

Shu bilan birga, umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti infratuzilmasi obektlari davlat tasarrufida qoldirilmoqda. Vokzallar va vagonlar esa davlat-xususiy sheriklik shartnomalari asosida qurish, modernizatsiya qilish va boshqarish uchun xususiy sherikka berilishi belgilanyapti.

Deputatlarning aytishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi temir yo‘l transportini tartibga solish va boshqarish tuzilmasini takomillashtirishga, sohada raqobat muhitini yaratishga, fuqarolarning temir yo‘l transportida harakatlanishida sifat darajasini oshirish, narxni tushirish, yo‘lovchi va yuklarni xavfsiz tashishga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirishga va xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasining muhokamasi keyingi yalpi majlisda davom etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring