Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pandemiya va audit: muammoni qanday hal qilsa bo‘ladi?

Pandemiya va audit: muammoni qanday hal qilsa bo‘ladi?

Koronavirus fuqarolar sog‘lig‘iga xavf solish bilan birga, pandemiya davlatimiz boshqaruvi samaradorligi va mamlakatimiz iqtisodiyotining barqarorligini hamda jamiyatimizning yetuklik darajasini jiddiy sinovdan o‘tkazmoqda.

Bugungi kunda, O‘zbekiston moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizdagi 96 ta auditorlik tashkilotida 558 nafar auditor va bizning taxminlarimizga ko‘ra, yana 1000 dan ortiq yordamchi auditorlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan o‘tgan 2019-yilda 5467 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektda majburiy va tashabbus tarzidagi auditorlik tekshiruvlari va boshqa professional auditorlik xizmatlari amalga oshirilgan.

Respublikamizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlari sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari bilan, 2019-yil yakunlari bo‘yicha auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish muddati 2020-yil 1-oktyabrigacha uzaytirildi va auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish jarayoni amalda to‘xtab qoldi.

Biroq, pandemiya sharoiti auditorlik faoliyatiga oid quyidagi tabiiy savollarni yuzaga keltirmoqda.

Birinchidan, pandemiya tadbirlari sababli karantin davri mobaynida auditorlik tashkilotlari va auditorlar nima bilan shug‘ullanadi hamda ular faoliyati qanday moliyalashtiriladi?

Ikkinchidan, moliyaviy hisobotlardan foydalanuvchilar (davlat organlari, hamkorlar va investorlar) uchun xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar moliyaviy hisobotlarining ishonchliligi kim tomonidan kafolatlanadi va yuqoridagilar o‘z-o‘zidan uchinchi savolni, ya’ni pandemiya sharoitida yuqoridagi savollar bilan bog‘liq auditorlik xizmatlarini qanday amalga oshirish mumkinligini aniqlashtirishni talab etmoqda.

Fikrimizcha, karantin tadbirlari davrida, qanchalik murakkab bo‘lmasin, yuqoridagi masalalarning optimal yechimlarini topish kerak bo‘ladi. Bizningcha, pandemiya sharoitida yuqoridagi masalalarni hal etishning yagona yo‘li masofaviy (tezkor internet, dasturiy ta’minotlar, videotasvir va boshqa raqamli vositalar asosida) tarzda faoliyatni amalga oshirishdir. Pandemiya sharoiti bilan auditorlar birinchi marta to‘qnash kelayotganligi sababli, masofaviy tarzda ishni tashkil etish auditorlardan pandemiya natijasida yuzaga kelgan omillarni hisobga olgan holda tekshiruvlarda auditorlik amallarini bajarish, auditorlik xizmatlarini bajarishga ilmiy jihatdan yondashish va auditorlarni masofaviy ishlash vositalari (tezkor internet, dasturiy ta’minot turlari, videotasvir va boshqa raqamli vositalar)ni to‘liq o‘zlashtirish talab etiladi. Bugungi pandemiya sharoitida masofaviy tarzda auditorlik tekshiruvlari quyidagi ketma-ketlikda amalga oshirilishi maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:

  • Zamonaviy IT-texnologiyalar (tezkor internet, videotasvir va boshqa raqamli vositalar) asosida auditorlik dalillarini to‘plash jarayonini tashkil etish;
  • Pandemiya sharoitida tekshirilayotgan sub’yektning faoliyatida amalda qo‘llanilgan hisob siyosati va ichki nazorat qoidalari mazmuni bilan chuqur tanishish hamda ularga asosan qo‘llaniladigan auditorlik usullari va amallarini belgilash;
  • Har qanday sharoitda birinchi navbatda o‘rganiladigan auditorlik vazifalarini bajarish va tekshiruv natijalarini auditorlik ish hujjatlarida umumlashtirish;
  • Zamonaviy IT-texnologiyalar asosida tekshirilayotgan sub’yektning avtomatlashgan hisob tizimi (ma’lumotlar bazasi) axborotlarini baholash va tekshiruv natijalari asosida auditorlik fikrini shakllantirish;
  • Auditorlik tashkiloti nomidan auditorlik hisobotini tasdiqlovchi auditorni rozilik xati orqali tayinlash va u orqali auditorlik hisoboti hamda xulosasini tayyorlash;
  • Auditorlik hisoboti va xulosasini rozilik xati orqali tayinlangan auditor imzosi va elektron raqamli imzo talablari asosida tasdiqlash;
  • Auditorlik hisoboti va xulosasini tekshirilgan sub’yekt rahbariyatiga zamonaviy IT-texnologiyalar asosida taqdim etish va boshqalar.

Yuqoridagi auditorlik vazifalarini amalga oshirishda quyidagi ayrim muammoli jihatlarga e’tibor qaratish zarur bo‘ladi:

Birinchidan, pandemiya sharoitida auditorlik xizmatlarini tashkil etish va amalga oshirishning eng avvalo, me’yoriy-huquqiy, uslubiy va amaliy asoslarini qayta ko‘rib chiqish hamda ularni pandemiya sharoiti talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish zarur. Buning uchun avvalo, auditorlik faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlar (moliya vazirligi, auditorlar palatasi, buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi, buxgalterlar federatsiyasi) tomonidan rasmiy ko‘rsatma va yo‘riqnomalar yoki uslubiy tavsiyalar berilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Fikrimizcha, bu borada qo‘shni MDH davlatlari tajribasi va xalqaro buxgalterlar federatsiyasining internet sayti orqali berilayotgan uslubiy tavsiyalarni to‘liq o‘zlashtirish zarur.

Ikkinchidan, auditorlik xizmatlarni tashkil etish va uning natijalarini umumlashtirishda pandemiya ta’siri omillarini auditorlik ish hujjatlarida batafsil tahlil etish lozim;

Uchinchidan, pandemiya sharoitida asosiy muammo sifatida auditorlik hisoboti va xulosasini auditorlik tashkiloti tomonidan muhr hamda imzo bilan tasdiqlash masalasi «ko‘ndalang» bo‘lib chiqadi. Buning uchun bu hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 11-dekabrda qabul qilingan «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 26-sentyabrdagi «Elektron raqamli imzodan foydalanish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash orqali bu masalani hal etish lozim;

To‘rtinchidan, auditorlar tekshiruvlar davomida tekshirilayotgan sub’yekt tomonidan moliyaviy hisobotni tayyorlashda qaysi davrni hisobga olish qoidalaridan foydalanilganligi va tekshirilayotgan hisobotni pandemiyadan avvalgi davr bo‘yicha tuzilgan hisobotlardan farqli xususiyatlari mavjudligini aniqlashi talab etiladi;

Beshinchidan, masofaviy tarzda auditorlik tekshiruvini o‘tkazishda tekshirilayotgan sub’yektning buxgalteriya hisobi tizimining qanchalik avtomatlashtirilganligini baholash hisoblanadi. Buning uchun tekshirilayotgan sub’yektning tegishli mas’ullaridan tizimga kirish kalitlarini olish orqali undagi hisob jarayonlarini video tasvir yoki elektron skaner  vositalari asosida auditorlik dalillarini to‘plashi talab etiladi;

Oltinchidan, pandemiya sharoitida auditorlik tekshiruvlarini masofaviy tarzda tashkil etishning samarali vositalaridan biri bu hozirda rivojlangan Yevropa davlatlari va Rossiya auditorlik amaliyotida keng qo‘llanilayotgan AuditNET, ITAUDIT:Auditor, AUDIT XP «Kompleks Audit» va «Ekspress audit:PROF» singari eng professional dasturiy ta’minotlar orqali qisqa muddat va tartiblar asosida tekshiruvlarni sifatli tashkil etish deb hisoblaymiz. Shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyati tahlilini masofadan turib amalga oshirishda bugungi kunda moliyaviy tahlil jarayonlarida keng qo‘llanilayotgan «Audit Expert», «INEK – Analitik», «Alt – Finansi», «Financial Analysis» va «FinEk Analiz» kabi zamonaviy dasturiy ta’minot turlaridan ham foydalanish samaralidir.

Umuman olganda, yuqoridagilarning amalga oshirilishi pandemiya davrida auditorlarning ish bilan bandligini ta’minlash orqali moliyaviy daromad olish imkoniyatini yaratadi. Bu esa, moliyaviy hisobotlardan foydalanuvchilarning ishonchli axborotlar bilan ta’minlanishini kafolatlaydi va karantin davridan foydalangan holda xo‘jalik sub’yektlariga o‘z faoliyatini baholash orqali kelgusidagi strategiyasini belgilash imkonini beradi.

I.Meliyev,
Toshkent moliya instituti
«Audit va iqtisodiy tahlil»
kafedrasi dotsenti v.b., PhD.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring