Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston turizm salohiyati Malayziyada taqdim etildi

O‘zbekiston turizm salohiyati Malayziyada taqdim etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Malayziyaga rasmiy tashrifi arafasida, 3 fevral kuni ushbu mamlakatning Penang shtatida «O‘zbekiston - Buyuk Ipak yo‘li durdonasi» O‘zbekiston-Malayziya turizm forumi o‘tkazildi.

Tadbirda Turizm qo‘mitasi rahbariyati, Malayziya va Penang shtati hukumatlarining turizm yo‘nalishi rahbarlari, shuningdek O‘zbekiston va Malayziyaning turizm sohasidagi yetakchi mutaxassislari hamda biznes vakillari ishtirok etdilar.

Forumda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari, tarixiy obidalari, madaniy va tabiiy boyliklari haqida taqdimotlar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning turizm yo‘nalishlari, shu jumladan, Shahrisabz, Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa shaharlarining boy madaniy va tarixiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki mamlakatning 100 dan ortiq turizm biznesi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan «V2V» uchrashuvlari doirasida O‘zbekiston va Malayziya sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalari o‘rnatildi, hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi va turistlar oqimini oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, Malayziya sayyohlik kompaniyalari vakillari forum doirasi tashkil etilgan «Yangi O‘zbekiston» fotoko‘rgazmasi orqali so‘nggi yillarda O‘zbekiston hududlarida barpo etilgan yangi turizm maskanlari, yangilangan infratuzilmalar va madaniy meros obektlari bilan tanishdilar.

Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar yurtimizning boy va rang-barang madaniyati hamda an’analarini aks ettiruvchi milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar bilan yaqindan tanishib, o‘zbek milliy taomlaridan tatib ko‘rdilar.

Forum O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi turizm aloqalarini rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring