Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zAS» bosh muharriri nimalar qilmoqchi? Gazeta adadi oshadimi?

«O‘zAS» bosh muharriri nimalar qilmoqchi? Gazeta adadi oshadimi?

Xabaringiz bor, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi bosh muharriri o‘zgardi. Salim Ashur boshqa ishga o‘tib, bu kursiga Humoyun Akbarov o‘tirdi. Unga oson bo‘lmaydi. Sababi, gazeta adadi 1000 dona ham emas, qolaversa, bir vaqtlardagi obro‘-nufuzi pasaygan. Xabar.uz Humoyun Akbarovga bir necha savol bilan yuzlandi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi — Asqad Muxtor, Odil Yoqubovdek adiblar bosh muharrir bo‘lgan dargoh. Bugun ushbu mas’uliyatli vazifaga siz munosib ko‘rildingiz. Ishni nimadan boshladingiz?

– Ulug‘ ustozlar o‘z davrida «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati»ni xalqimizning qalbiga joylagan, uni eng e’zozli va e’tiborli nashr darajasiga ko‘targan. Hali-hamon ustozlarning ibrati, xizmati, nafasini his qilib turamiz. Bizning vazifamiz ustozlar boshlagan ishlarni munosib tarzda davom ettirish, azaliy qadriyatlarni asrab-avaylash, gazeta nufuzini avvalgi maqomiga ko‘tarishdan iborat bo‘lishi lozim, deb o‘ylayman.

Jamoamizda tajribali xodimlar yetarli, qolaversa, taniqli ijodkorlar orasida gazetamizning jonkuyarlari ko‘pchilikni tashkil qiladi.

– Yashirishning hojati yo‘q, gazeta adadi ancha tushgan, hatto 1000 donaga yetmaydi. Shtatlar ham qisqargan. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz?

– Bu jarayonni respublikamizdagi deyarli barcha nashrlar boshdan kechiryapti, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bugungi kunda gazeta-jurnallar o‘z faoliyatini qayta ko‘rib chiqishi, davrga hamnafas bo‘lib, jamiyat hayotidagi dolzarb muammolarni ko‘tarishi, xalq bilan hamdam, hamqadam bo‘lishi lozim.

Ayni jarayonda nashrlar va o‘quvchilar o‘rtasidagi aloqalar sust. Ya’ni gazetalarni muntazam va o‘z vaqtida joylarga yetkazib berish tizimi izdan chiqqani ham barchaga ma’lum. Xullas, bugungi muharrirlarning faoliyat doirasi har doimgidan ko‘ra keng va murakkabligini ta’kidlash joiz.

– Gazetaning nufuzi va adadini ko‘tarish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

– Gazetamiz nufuzi hamon avvalgidek deb o‘ylayman, ammo adadini ko‘tarish borasida jiddiy ishlash kerak. Jumladan, bevosita obunachilar bilan aloqa o‘rnatish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda. Qolaversa, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftaligi bir marta varaqlab o‘qiladigan nashrlardan farq qiladi. Chunki uning bundan o‘n yoki yigirma yil avval chiqqan sonini bugun o‘qisangiz ham materiallar hamon dolzarbligiga ishonch hosil qilasiz, unda bosilgan yaxshi she’r yoki hikoyalar esa, hech qachon eskirmaydi.

– «O‘zAS» mazmun-mundarijasi o‘zgaradimi? Yetakchi shoir, yozuvchilar, mualliflarni jalb etish uchun nimalar amalga oshriladi?

– Gazetani mazmunan boyitib borish lozim, albatta. Taniqli shoir, yozuvchilar bilan muntazam hamkorlik o‘rnatganmiz. Ammo  bugungi kunda yosh ijodkorlar orasidan yangi asrning 20-yillar avlodini shakllantirish, yangi nomlarni kashf etish birinchi galdagi vazifamizdir. Shuningdek, adabiy jarayondagi yetakchi tendensiyalarni yoritib borish, ijodiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, bu borada tanqid va adabiyotshunoslik sohasini jonlantirishimiz lozim.

Joriy «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da gazeta sahifalarida ta’lim sifatini yaxshilash, xususan, ona tili va adabiyoti fanlari o‘qitilishini takomillashtirish borasida ijodkorlar va mutaxassislarning davra suhbatlarini uyushtirish, ayniqsa, maktab o‘qituvchilariga ko‘mak beradigan turkum maqolalarni berib borishni rejalashtiryapmiz.

– Har qanday nashrning moddiy ahvolini yaxshilash muassisga ham bog‘liq. Hisob raqamingizni to‘ldirish masalalari ko‘rilmoqdami? Busiz qiyin bo‘ladi. O‘zingiz gazeta kelajagini qay darajada ko‘ryapsiz?

Gazetamiz — ijodkorlar minbari. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi har doim bizga eng yaqin ko‘makchi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.

Kelajak, bu — yangilik demak! Yangicha qarashlar, yangi asarlar demak.

Nashrning moddiy ahvoliga kelsak, biz muxlislarimizga suyanamiz va ishonamiz. Ishonchli, to‘g‘ri yo‘l mana shu. Biz ularning ishonchini oqlashga, barchaga manzur bo‘ladigan asarlarni tuhfa etishga harakat qilamiz. Shu munosabat bilan, birinchi navbatda, ijodkorlarni, ayniqsa yosh qalamkashlarni, adabiyotsevar xalqimizni gazetamizga obuna bo‘lishlariga, uning har bir sonini o‘qib borishga chaqiramiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring