Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘tgan iyun eng issiq iyunlar beshligiga kirdi

O‘tgan iyun eng issiq iyunlar beshligiga kirdi

Foto: Xabar.uz

O‘zgidromet qayd etishicha, O‘zbekiston hududining katta qismida 2024-yilning iyun oyi barcha kuzatuv yillaridagi eng issiq iyun oylari beshligiga kirdi. O‘tgan oyning 27−28-iyun kunlari harorat +43 darajagacha ko‘tarildi.

Toshkentda o‘tgan iyun oyi 2021 va 2023-yillarning iyunlaridan so‘ng uchinchi o‘rinni egalladi, ular me’yordan 2,8−3,2 daraja issiqroq bo‘lgandi.

Oy davomida harorat foni deyarli bir tekis kechgan. Mamlakatimizning katta qismida iyun oyida maksimal harorat asosan +32…+37, janubda va cho‘l hududlarida +36…+41 daraja atrofida bo‘lgan.

Eng issiq havo 27−28-iyun kunlariga to‘g‘ri kelib, harorat +39…+41 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarida +42…+43 darajagacha ko‘tarilgan.

Biroq bu iyun oyi uchun eng yuqori harorat qiymatlari emas.

Iyun oyidagi maksimal havo harorati rekordlari +42…+44 darajani, janubda va cho‘l hududlarida +45…+47 darajani tashkil etadi. Toshkentda 154 yillik meteorologik kuzatuvlar tarixida 1914-yil iyunida mutlaq maksimal harorat +43 darajani tashkil etgan.

O‘zbekiston bo‘yicha esa barcha kuzatuv yillari uchun mutlaq maksimum harorat 1914-yili Termiz shahrida kuzatilgan. O‘shanda Termiz shahrida harorat +49,6 darajaga yetgan. 1990-yil Qizilqum cho‘lida +47,4 daraja va 2022-yilda Muborakda +47,4 darajada hamda 2005-yilda Buxoroda 46,2 daraja harorat kuzatilgan.

2024-yil iyun oyida yog‘ingarchilik juda notekis bo‘lgan. Umuman olganda, O‘zbekiston hududining katta qismida o‘tgan iyun ekstremal quruq oy deb tavsiflanishi mumkin.

Oy davomida yog‘ingarchilik miqdori 0,0−4 mm ni, ayrim joylarda 6−11 mm.gachani tashkil etgan. Faqat Andijon, Farg‘ona viloyatlarida va Qoraqalpog‘istonning shimolida yomg‘ir yog‘ishi jadalroq bo‘lgan. Oy davomida yog‘ingarchilik miqdori ba’zi joylarda 15−22 mm.ga yetgan.

Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘irlar tez-tez kuzatilgan hamda ayrim kunlarda yomg‘ir kuchli — bir necha soat ichida 10−20 mm.gacha bo‘lgan. Bir oy davomida yog‘ingarchilikning umumiy miqdori 25−35 mm.ga yetdi, Farg‘ona viloyati tog‘larida va Toshkent, Qashqadaryo viloyatlarining baland tog‘li hududlarida 60−100 mm.gacha bo‘lishi kuzatilgan.

Shuningdek, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona viloyatlarining ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarida jala yomg‘irlar hisobiga sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelgan.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s.gacha tezlikda esgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarining ayrim joylarida shamolning kuchayishi 22−25 m/s.ga yetgan. Respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida shamolning ko‘chayishi changli bo‘ronlar bilan qayd etildi, ko‘rinuvchanlik 1000 metrgacha yomonlashgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring