Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda 2600 nafardan ortiq abituriyent test imtihonlariga kelmadi, 5 nafari chetlatildi

Buxoroda 2600 nafardan ortiq abituriyent test imtihonlariga kelmadi, 5 nafari chetlatildi

Oliy ta’lim muassasalariga test topshirish jarayonlarining oxirgi kuni. Nega abituriyentlar soni o‘tgan yilgiga nisbatan kam? Davlat oliy ta’lim muassasasi rektori nima deydi, xususiy oliygoh rektori-chi?

Joriy 2024-2025 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga test topshirishga ishtiyoqmand abituriyentlarning son jihatdan shashti pastroqdek tuyuldi, nazarimizda. O‘tgan yil ayni kunlarda test sinovlaridan o‘tish maskanlari oldi nisbatan gavjum edi.

«Ko‘proq abituriyentlar xususiy oliygohlarga kirish istagini bildirishganga o‘xshaydi. Vaholanki, qator xususiy oliygohlarda o‘qishga qabul qilishda abituriyentlar bilimi test sinovlaridan o‘tkazilmaydi. Bilimsiz yoki bilimli abituriyentlarning xususiy oliygohlarga imtihonsiz qabul qilinishi – ertangi kunda kadrlar salohiyatida muammolar keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas», — deydi davlat OTM rektorlaridan biri.

Buxoroda bir necha yildan buyon nodavlat oliy ta’lim muassasasi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Osiyo xalqaro universiteti rektori Suhrob Dehqonov esa ushbu munosabatga quyidagicha javob berdi:

«Xususiy oliygohlarga abituriyentlarning imtihonsiz qabul qilinishi haqidagi fikr biroz mulohazasiz bildirilganga o‘xshaydi. Bizda abituriyentlar o‘qishga imtihonsiz emas, imtihon orqali qabul qilinadi. Imtihonlar jarayoni davlat oliy ta’lim muassasalariga nisbatan biroz yengillashtirilgan tartibda o‘tkaziladi, xolos.

Bizda shunday tamoyil bor: «O‘qishga kirish oson, o‘qish qiyin». Bu narsani biz kursdan qoldirilgan va talabalar safidan chetlatilganlar foizi misolida isbotlab berishimiz mumkin. Chunki, o‘tgan o‘quv yilida talabalarimizning 11 foizi tibbiyot yo‘nalishida, 8 foizi ijtimoiy yo‘nalishda kursdan kursga o‘ta olmadi.

«Talabada bilim yetarli bo‘lmasa-da, kontrakt to‘lar ekan, tanish-bilish ekan» degan tushuncha bilan kursdan kursga o‘tkazish yo‘q. Shuni unutmaslik kerakki, hamma testlar kompyuter orqali amalga oshiriladi,inson omili aralasha olmaydi,shaffof. Talabalarni chinakam o‘qishga undayapmiz. Lekin, haqiqatan xususiy oliygohlarda ta’lim olish istagida bo‘lganlar joriy o‘quv yilida qo‘proq. Bundan tashqari, abituriyentlarning xususiy oliygohlarga oshiqayotgani talabalarga imkoniyat va shart-sharoitlarning keng yaratilgani bilan ham bog‘liq. Juda ko‘p talabalarimiz xorij davlatlariga amaliyotga borib kelishyapti. Ko‘p grant loyihalarga ega bo‘lishayapti, stipendiyalar har bir yil yoxud olti oyda emas, o‘qish va intilishiga qarab, lozim bo‘lsa, har oyda oshiriladi. Bu jarayonlar ertaga  kadrlar salohiyatini tushirishga emas,  yaxshilashga xizmat qiladi», — dedi Suhrob Dehqonov «Xabar.uz»ga bergan intervyusida.

Bildirilishicha, Buxoroda 2022-2023-o‘quv yilida 11-sinfni 22003 nafar o‘quvchi-yoshlar bitirgan bo‘lsa, 2023-2024-o‘quv yilida bitiruvchilar soni 21860 nafarni tashkil etgan.

«2024-2025-o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirib, Buxoro viloyatida test topshirish uchun 40 875 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Bu ko‘rsatkich 2023-2024-o‘quv yili qabulida 47 751 nafardan iborat edi.  Abituriyentlar soni o‘tgan yilgiga nisbatan kamroq bo‘lsa-da, oldingi yilgi qabul jarayonlaridan farqli o‘laroq, joriy yilda qabul jarayonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 81-sonli farmoniga asosan, oldin test keyin tanlov tamoyili asosida amalga oshirildi. Abituriyentlar sonini u yoki bu sabablar bilan oz-ko‘pligini bitiruvchilar soni kamligi yoxud ularning xususiy oliygohlarni tanlashayotganiga bog‘lamaslik kerak, deb o‘ylayman. Har kim xohishiga qarab, ta’lim yo‘nalishini tanlaydi», — dedi Bilim va malakalarni baholash agentligi Buxoro viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi Izzatulla Rahmonov.

Ma’lumki, test sinovlari 14 iyuldan 25 iyulgacha — 12 kun davom etishi belgilangan. Test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi Buxoro viloyati bo‘limi binosi va Buxoro shahridagi «Yoshlik» sport majmualarida o‘tkazilgan. Shaffoflikni ta’minlash maqsadida test jarayonlari onlayn translyasiya qilingan. Shuningdek, 80 dan ortiq videokameralar o‘rnatilib, jarayonlar to‘liq nazoratga olingan. 200 nafarga yaqin professor o‘qituvchi guruh nazoratchilari sifatida qatnashgan.

Ma’lumot o‘rnida: Buxoroda test sinovlari topshirishning birinchi  smenasida 1740 nafar abituriyent ishtirok etishi uchun joylar tayyorlangan. Bu esa ikkinchi smena bilan bir kunda 3480 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etganini ko‘rsatadi.

Ushbu test sinovlari o‘tkaziladigan binolarda abituriyentlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Har bir hududda ota-onalar uchun soya-salqin kutish joylari tashkil etilgan. Ularda o‘rnatilgan katta hajmdagi monitorlar orqali test jarayonlarini onlayn kuzatish imkoniyati mavjud.

Test sinovlarida Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkazilgan saralash tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va shartnoma imzolagan xodimlardan 133 nafari guruh nazoratchisi sifatida faoliyat olib borgan, shundan 4 nafari surdotarjimonlardir.

Bildirilishicha, joriy yilda 11,5 kun hisobida 2635 nafar abituriyent test sinovlariga yetib kelmagan bo‘lsa, o‘tgan yilda 2280 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etamagan. Bundan tashqari, test sinovlari jarayonlarida tartib-qoidalarga amal qilmagan 5 nafar abituriyent  chetlatilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan o‘quv yili qabulida 6 nafardan iborat bo‘lgan.

«Test sinovlaridan chetlatilgan 5 nafar abituriyentning 3 nafari jarayonda test materiallariga jiddiy shikast yetkazgan. 1 nafari «shpargalka» olib kirishga uringan va yana 1 nafari o‘ringa o‘rin kirishga harakat qilgan. Va bugun respublikamiz bo‘ylab abituriyentlarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishning oxirgi kuni. Test sinovlari Respublika bo‘yicha bugun kuni to‘liq yakunlanadi va abituriyentlarning natijalari e’lon qilingandan keyin ularga 15 kun muddatda o‘zi tanlab test topshirgan fanlariga mos bo‘lgan 5 tagacha ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati beriladi. Ushbu muddat yakunlangandan keyin 10 kun muddatda mandat yakuniy natijalar e’lon qilinadi», — dedi Izzatulla Rahmonov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring