Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘rtoq To‘qayev, Olmaota shahrini Rossiyaga qaytaring!» —Qozog‘istonlik siyosatdonlar rus deputatlarining da’volaridan juda darg‘azab

«O‘rtoq To‘qayev, Olmaota shahrini Rossiyaga qaytaring!» —Qozog‘istonlik siyosatdonlar rus deputatlarining da’volaridan juda darg‘azab

Prezidentlar Vladimir Putin va Qosim-Jo‘mart To‘qayev. Qozog‘iston rahbari hozircha rus deputatlarining hududiy da’volariga munosabat bildirganicha yo‘q.

Foto: «Akorda.kz»

So‘nggi hafta mobaynida Rossiya hamda Qozog‘iston o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar xiyla taranglashdi. Bunga esa rus deputatlarining «katta og‘alik» ruhidagi da’voyu iddaolari sabab bo‘ldi.

Joriy yil 10-dekabr kuni Rossiya Davlat dumasining ilm-fan va ta’lim qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonov 1-telekanalning «Bolshaya igra» dasturida Qozog‘iston degan davlat mavjud bo‘lmagan deya bayonot berdi. «Qozog‘iston hududi Rossiya hamda Sovet ittifoqi tomonidan berilgan katta sovg‘adir», — dedi u.

Keskin hududiy da’vo parlamentning qo‘mita raisi emas, kichikroq rutbadagi a’zosi tomonidan aytilganda, ehtimol, «ha endi bir deputatning almoyi-jalmoyi fikri-da» deyish mumkin edi. Ushbu fikr davlat telekanali dasturida yangragani, boz ustiga, V.Nikonov iqtidordagi «Yedinaya Rossiya» partiyasi a’zosi ekani vajidan bu da’vo Qozog‘iston siyosiy doiralarida katta xavotir ila qarshi olindi.

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi zudlik bilan Rossiyaning muvaqqat ishlar vakili (vaqtincha elchi) Aleksandr Komarovni chaqirib, diplomatning qo‘liga norozilik notasini tutqazdi.

«Rossiyalik ayrim siyosatchilarning Qozog‘istonga nisbatan provokatsion hamlalari davlatlarimiz o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlariga jiddiy zarar keltiradi. Qozog‘iston TIV Rossiyani bunday fikrlarga nisbatan munosib baho berish hamda kelgusida Rossiya Federatsiyasi davlat arboblari tomonidan bu kabi bayonotlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishga chaqiradi», — deyiladi TIV norozilik maktubida.  

Taomilga ko‘ra, tashqi siyosat mahkamasining norozilik notasiga maktubni qabul qilib olgan davlat TIV javob bermog‘i lozim. Ammo rasmiy Nursultonning norozilik maktubiga Rossiya TIV emas, Dumaning boshqa bir deputati, «Yedinaya Rossiya» partiyasi a’zosi  Yevgeniy Fyodorov javob qaytardi.

Deputat Ye.Fyodorov hamkasbi V.Nikonovning fikrini qo‘llab-quvvatlagan holda, Qozog‘iston Sovet ittifoqiga tegishli hududlarga noqonuniy ravishda egalik qilayotganini da’vo qildi.    

«O‘rtoq Nazarboyev, To‘qayev, TIV... Verniy — Olmaota shahri hududini qaytaring!» — deb talab qildi u. 

Bahsga almoyi-jalmoyi bayonotlari bilan tilga tushgan liberal-demokratik partiya yetakchisi Vladimir Jirinovskiy qo‘shildiyu tutab turgan olovga moy sepgandek bo‘ldi. Asli Olmaota shahrida tug‘ilgan 74 yoshli siyosatchi qozoq qabilalari  ko‘chmanchi tarzda hayot kechirganini yodga oldi.

«Chegara va hukumatga ega davlat yo‘q edi, ularning bari sovet hukumati tomonidan sun’iy tarzda yaratilgan», — dedi  V.Jirinovskiy.

Mojarolardan bir hafta o‘tib, Kreml bu borada rasmiy munosabat bildirdi. Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyada mamlakatning tashqi siyosatini prezident belgilashini ta’kidladi.

Deputatlarning hududiy da’vo bilan chiqishi, xususan, prezidentdan Olmaota shahrini topshirishni talab qilishi Qozog‘iston siyosatdonlari hamda ziyolilari tomonidan keskin tanqidlar bilan qabul qilindi.

Qozog‘iston senatining xalqaro aloqalar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Muxtar Qul-Muhammad deputat V.Nikonovni siyosiy mas’uliyatsizlikda aybladi va u da’vo qilayotgan Shimoliy Qozog‘iston hududida bir necha ming yil avval qozoqlarning ajdodi bo‘lgan elatlar yashaganini ta’kidladi

Siyosatshunos va «Nur Otan» partiyasi a’zosi Yerlan Sairov rus deputatlarining bayonotini xalqaro huquq me’yorlariga zid ekaniga e’tibor qaratdi hamda iqtisodiy qiyinchiliklar domida qolgan Rossiyada shovinizm kuchayotganidan ogohlantirdi.

Qozog‘iston senatining boshqa bir a’zosi Murod Baxtiyor o‘g‘liga ko‘ra, rus deputatlarining chiqishlari Rossiyaning imperiyacha siyosati davom etayotganini anglatadi. Moskva tomonidan bunday hamlalar kelgusida ham ro‘y berishiga ishora qilgan senator rasmiy Nursulton tashqi siyosatda Yevropa, AQSh hamda Turkiya bilan munosabatlarga jiddiy ahamiyat qaratishi lozimligini uqtirdi.  

Siyosatshunos Dosim Satpayev esa Qozog‘iston rahbariyatini bu kabi jiddiy da’volarga qarshi qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi. Qayd etilishicha, bunday haqoratomuz va xalqaro huquqqa zid bayonotlar uchun shunchaki diplomatik e’tirozlar bilan cheklanish to‘g‘ri emas. D.Satpayevga ko‘ra, Qozog‘iston o‘z suverenitetini muhofaza etish borasida chora-tadbirlar ko‘rmog‘i lozim. Bu borada eng so‘nggi javob chorasi sifatida Rossiya ishtirokida tuzilgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan chiqish, KXShTdagi a’zolikni vaqtincha to‘xtatish taklif etilgan

Qozog‘iston siyosiy jamoatchiligi rus deputatlarining fikrlaridan junbushga kelgani bejiz emas. Zero, joriy yil iyun oyida prezident Vladimir Putin «Rossiya. Kreml. Putin» nomli hujjatli filmda SSSR tarkibida bo‘lgan respublikalar Ittifoq tarkibidan chiqish payti o‘zi bilan Rossiyaga tegishli ulkan hududlarni ham olib chiqib ketganini da’vo qilgan edi. O‘sha paytdayoq Rossiya yetakchisi bu o‘rinda Ukraina va Qozog‘istonni nazarda tutayotgani taxmin qilingandi.

2014-yilda esa Putin bu borada yanada ochiqroq fikr bildirgan, qozoqlarda davlatchilik bo‘lmaganini aytgan edi

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring