Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘qituvchilar butun kuzni paxta dalasida o‘tkazardi» — hokim

«O‘qituvchilar butun kuzni paxta dalasida o‘tkazardi» — hokim

Joriy yilning 25 may kuni mamlakatning barcha hududlaridagi maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq yangradi. E’tiborlisi, barcha viloyat rahbarlari «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlarida qatnashib, maktab bitiruvchilarini tabriklash uchun vaqt ajratgan.

1987 yilda o‘rta maktabni tamomlagan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov o‘zi tahsil olgan G‘ijduvon tumanidagi 49-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazilgan «So‘nggi qo‘ng‘iroq»da qatnashgan.

Viloyat rahbari maktab bitiruvchilariga prezident tabrigini o‘qib eshittirgan. Shundan so‘ng, o‘qishda muvaffaqiyatlarga erishgan o‘quvchilar va ularning ota-onalariga tashakkurnoma, esdalik sovg‘alarini topshirgan. O‘ziga tahsil bergan ustozlarning so‘zlarini tinglagan.

«Bugun sizning chaqnoq ko‘zlaringizga qarab turib, o‘zimning o‘quvchilik davrlarim yodimga tushdi va ochig‘ini aytaman, havasim ham kelyapti. Bir paytlar men ham aynan ana shu maktabda ta’lim olganman. U paytlarda hozirgidek sharoit qayerda edi. Laboratoriya jihozlari u yoqda tursin, o‘quv qurollari yetishmasdi, sinfxonalar yetarlicha yoritilmasdi, qishda sovuq, yozda issiq bo‘lardi. O‘qituvchilarning oylik maoshi ham juda kam bo‘lgan. O‘qituvchilar asosiy vazifasi bir chetda qolib, faoliyatiga mutlaqo aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etilardi. Aniqroq aytganda, ular bolalarni o‘qitish, ta’lim berish o‘rniga butun kuzni paxta dalasida o‘tkazardi. Bu esa nafaqat ta’lim sifatiga, balki soha xodimlarining kasbiy munosabatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bugun esa vaziyat va sharoit o‘zgardi. Davlatimiz rahbari faoliyatining dastlabki kunlaridan yurtimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash maqsadida ta’lim tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda», — dedi viloyat hokimi o‘z so‘zida.

Qayd etilishicha, Buxoro viloyatida 534 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari bo‘lib, viloyat rahbarining shaxsan o‘zi yigirmaga yaqin maktablarda chalingan «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirlarida ishtirok etishga ulgurgan.

Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Farrux Qurbonovning ma’lum qilishicha, joriy o‘quv yilida viloyatdagi mavjud 546 ta maktabni 21944 nafar o‘quvchi tamomlagan bo‘lib, ko‘plab bitiruvchilar muddatidan oldin xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim  muassasalarining O‘zbekistondagi filiallari talabasiga aylangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring