Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘gay bolalarga «o‘z» bo‘lgan ona...

O‘gay bolalarga «o‘z» bo‘lgan ona...

«Damas»da o‘quvchi bor, to‘xtating»
maqolasidan so‘ng...

Shu kuni uyga xomush qaytdim. Ishdan charchamaganmanu, ammo, bo‘lib o‘tgan voqea butun tanamni ezardi. Harchand urinib, xotiramning eng kichik «sim»larigacha titkilamay, o‘qituvchimning ismi sharifini eslolmadim. Xotiram 70 yoshdan oshgan o‘qituvchimdek ham emasligidan biroz asabiylashdim ham... 

– Assalomu alaykum, muallimjon! (odatda bizga sinf rahbarlik qilgan xolamni haligacha shunday atayman)

– Vaalaykum assalom, «muallimjon» degan tillaringdan aylanay, yaxshimisan, jiyan! - muallimjon xolam ishga berilib, ko‘rinmayotganimdan, qishloqqayam tez-tez bormayotganimdan nolib qo‘ydi. Men  u kishiga bir necha kun oldin biologiya fani o‘qituvchisi bilan bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab berdim. Lekin hali-hanuz ismi sharifini eslolmay halak ekanimni aydim.

– Ehh, demak, Ochilovani ko‘ribsan-da, Muboshira... - dedi muallimjon xolam.

Shu top xotiram «sim»chalari «charsillab» ochildi.

– Ha, ha, ha, shu kishi, shu kishi, esladim, muallimjon, esladim, - dedim hayajonlanib.

– E-e, seni qara-yu, bor, kundaligingni olib kel, «2» baho qo‘yib beraman, - dedi muallimjon xolam hazillashib.

Menga muallimjon xolam ismini eslolmagan o‘qituvchimiz Muboshira Ochilovaning maktabni bitirib ketganimizdan keyingi taqdiri haqida so‘zlab berdi. Beixtiyor ko‘zlarim yoshlandi, ich-etim titradi.

– Biz ham shundan keyin ko‘rganimiz yo‘q. Ammo, nari-beridan hamkasbimiz haqida goh-gohda qulog‘imizga chalinib turadi. Yo‘qlab boraman, deyapsan, yasha! Bizning ham salomimizni yetkazib qo‘y! - dedi muallimjon xolam telefon orqali uzoq suhbatdan so‘ng xayrlashar ekan.

***

O‘qituvchilar bayrami kuni qo‘limga biologiya fani o‘qituvchimizning telefon raqami yozilgan qog‘ozni oldim. Telefon qilishga chog‘landim. Yo‘q, to‘xtadim. Qaysi tumanning qaysi mahallasi, qaysi qishlog‘ida yashashini bilaman-ku, qo‘ng‘iroq qilishga hojat yo‘q. «Siznikiga boryapman» deb ancha tashvishga qo‘yishim mumkin, deya o‘yladim. Eng chiroyli guldasta va eng xushbo‘y atir, shirinliklar olib, o‘qituvchim manzili sari oshiqdim.

Chang, shag‘al tashlangan bo‘lsa-da, o‘nqir-cho‘nqir qishloq yo‘llari osha o‘qituvimning uyiga yetib keldim.

... Uning xonadoni qarshisidaman. Shiftsiz tom. Devorlari to‘kilgan. Eski yog‘och darvoza. Bir ustuni qiyshaygan. Yuragim allanechuk bo‘lib ketdi. Darvozaning ochiq tabaqasini taqillatdim. Hech kim chiqavermadi. Sekin ichkariga odimladim.

– Ustoz! - dedim ildamlab.

– Kel, kel, qizim, - qumtuproqli supadan nogironlik aravachasini zo‘rg‘a sudragan ko‘yi menga tomon bir kishi kelardi.

Muallimjon xolamning: «Bir necha yil oldin Muboshiraning turmush o‘rtog‘i avtohalokatga uchrab, nogiron bo‘lib qolgan, deyishganini eshitgandim», - degan gapini esladim.

– Assalomu alaykum, Nosir tog‘a sizmisiz? - so‘rashdim kulib.

– Ha, menman, bolam, jurnalist qiz sen bo‘lsang kerak-a?

...

Hovli oddiygina bo‘lsa ham shinam, toza. Kaftdekkina yerga rayhonu chinni, sapsargullar fayz bag‘ishlab turibdi. Shu bog‘ ichida chog‘roqqina so‘rida ko‘rpachalar to‘shalgan. Hu-uv, nariroqda o‘choq va tandir. Yangigina o‘t yoqilgan, shekilli, tandirdan bilinar-bilinmas tutun chiqyapti. Bog‘dagi gullar va tandir tutuni isi qo‘shilishib beixtiyor bolalikni yodga soladi.

– Bay-bay-bay, mazaku-a, yurakka yaqin ifor... - deyman Nosir tog‘aga.

– Vuyy, seni ko‘rgandan buyon har kun so‘raydi. Bir xursand bo‘lar ekan-da. Onasi, hoo-o-ov, onasi, chiq buyoqqa, o‘quvching keldi!

Egnida barmoqlarining uchigacha yopib turgan yengli ko‘ylak, boshiga durra qilib tashlangan oppoq ro‘molini silkitgancha, ichkari uydan chiqqan buvijon-ustoz oyog‘iga kovushini ilib-ilmay, men tomonga otildi. Bag‘irlashdik. Ko‘rishdik.

– Bayramingiz muborak bo‘lsin, ustoz!

O‘qituvchim rahmat aytib, xuddi botib ketgudek bir dasta gulni mahkam bag‘irlab olgan ko‘yi meni ichkariga taklif qildi.

– Shu yerda o‘tiraylik, ustoz, qarang, havosi qanday ajoyib...

O‘qituvchim meni qo‘yarga joy topolmas, xursandchilikdan o‘zini to‘xtata olmasdi. Guldastani so‘ri ustiga qo‘ydi-da, tandir chetida turgan bankaga suv to‘ldirib keldi. Guldastani bankaga soldi. So‘ng pildirab borib, bir pasda ko‘cha ariqdan chelakda suv to‘ldirib keldi. Qo‘lidan chelakni olib, bog‘dagi chinni, rayhonlar ustiga suv sepdim. Qo‘shniga kelin bo‘lib tushgan qizini chaqirdi. Ko‘z ochib yumguncha vaqtda dasturxon ne’matlarga to‘ldi. Nevaralariyu kuyovlari kelishdi. Quda-andalari kelishdi. Qishloqning shunisi ajoyib-da. Kimning xonadoniga bir mehmon kelsa, mezbon qarindosh-urug‘lariyu, qo‘ni-qo‘shnilarniyam to‘plab, dasturxon tuzashadi. Suhbatlar qiziydi.

– Ertalab qizim non yopib berib ketgandi. Tandir cho‘g‘iga kartoshka va sholg‘om tashlagandim. Halizamon pishib qoladi, - dedi o‘qituvchim.

Dasturxon ustida tortilgan ne’mat borki, hammasi xonadonda tayyorlangan. Gilos sharbati, olmali murabbo, meva-cheva, qaymoq, chakka, sariyog‘, non, patir, ismaloq somsa, qovoq bichak, eh-he-ye... Xuddi o‘zimni bolalikdagi qishloq hovlisi, oila davrasidagidek his qildim. Bir gapirib, o‘n kuladigan qishloq odamlari, mehmon kelsa, davraga yaqinlashmay, eshikdan iymanib poylaydigan bolalari, «keling, o‘tiring, bo‘ldi» deyishingizga qaramay, o‘choqboshida kuymalanib, xil-xil ovqatlar pishirib keladigan kelinu yangalari...

Hamma-hammasi go‘zal va betakror...

Kun peshindan og‘di. Hamma uy-uyiga tarqaldi. Nosir tog‘a aravachasini haydab, ariqbo‘yiga ketdi. Ustoz va men qoldik.

– Meni ko‘p izlaganingizni aytgandingiz, ustoz?! - so‘z ochdim sekin.

– Ha, bolam, ko‘p izladim. Seni topdim ham, ammo jinurgur kasalim yana qo‘zib, oldingga borishga xijolat chekdim, - ustoz shunday deya barmoqlarini uchigacha yengi bilan berkitilgan qo‘llarini yashirishga urinardi.

Bu qo‘llaringiz tillo qadar... - ustozning qo‘llaridan sekin ushladim, siyladim-siypadim. – Nega xijolat chekasiz, Alloh bergan xastalik, o‘zi shifosini beradi...

***

1987 yilda biz tahsil olgan Romitan tumanidagi maktabga yangi o‘qituvchining kelgani hammamizni xursand qilgandi. Ayniqsa, uning juda chiroyli, xushchaqchaq ekani bizni quvontirardi. Fanni oddiy va qiziqarli tushuntirardi. Men uning ortidan qolmas: dars soatlarida jurnal va daftarlarini ko‘tarib yurardim. Hatto, sumkachasini ham yelkamga osib olardim. Qaysi sinfdoshim shu o‘qituvchining fanidan o‘zlashtirib kelmasa, ustozdan oldin o‘zim uning ta’zirini berardim. Onam tushligim uchun bergan qand-qurs, turshak va mayizlardan ustozgayam ilinardim. Ustoz «o‘zing ye»lasayam, qo‘yarda-qo‘ymay berardim. O‘quvchilik qiziq ekan-da, shu orqali ustozni yaxshi ko‘rishimizni bildirardik, go‘yo.

Bir kuni darsga kirishga qo‘ng‘iroq chalingach, eshik sekin chertildi. Birinchi partada o‘tirganim uchun yugurib chiqdim. Eshik ortida o‘qituvchim. Ustozning ko‘zlari ko‘kargan. Chap qo‘li yelkasiga bog‘langan. Xomush va tushkun.

– Sinfga darsga kirish noqulay. Yuqori sinf o‘quvchisisizlar, axir, - xo‘rsingan ko‘yi so‘zladi o‘qituvchim.

– Tushundim, ustoz, dars soatini o‘rningizga o‘zim o‘tib, vazifalar beraman. Sizni boshingiz og‘riganini aytaman, - dedim.

Bilinar-bilinmas kulimsiragan ko‘yi qo‘lidagi ko‘rgazmali qurollarni menga topshirib, o‘zi ortga qaytdi.

Meni sinfdoshlar «o‘o‘o‘o‘o‘o‘...ustoz» deb qarshilashdi kulib.

– Ha, - dedim xomush.

Darsga oid ko‘rgazmani doskaga ilar ekanman, sinfoshlarimizdan biri:

– Yana uribdimi? Jonga tegdi shu o‘qituvchimizning eri. Nima, axir, shunchaki qarab turamizmi, yaxshi ko‘rgan ustozimizning erini kaltaklashini ko‘ra bila turib. Yosh bola emasmiz! - dedi jahllanib.

Sinfda muhokama boshlanib ketdi.

– Ji-im! Bo‘ldi..! - so‘zladim ovozimni balandlatib, ko‘rsatkich tayoqni doskaga «to‘q-to‘q» urib. – Kattalar o‘zlari hal qilishadi. Bizga esa o‘qituvchimizdan talab: fanni yaxshi o‘zlashtirish va yaxshi o‘qish, yo‘qliklarini sezdirmaslik.

Sinfga sukunat cho‘kdi. Birozdan so‘ng hamma o‘zini qo‘lga oldi. Bugungi dars soatini kitobdan o‘qib berdim. Savol-javoblar qildik. Sinfdoshlarning biri qo‘yib, biri qo‘l ko‘tarar, hammasi yaxshi javob berishga harakat qilardi. Xullas, biologiya fanidan «o‘qituvchisiz» dars soatlari ko‘payadigan bo‘lgandi...

Oradan oylar o‘tdi. Bahor tugab, yoz keldi. Yoz tugab, kuz – yangi o‘quv yili boshlandi. Yana ancha katta bo‘lganmiz, ulg‘ayganmiz. Ammo, hamonki, biologiya fani o‘qituvchimiz hali ko‘kargan, hali singan ko‘yi maktabga qatnardi. Kunlarning birida xunuk xabar eshitib qoldik.

– Ustoz Ochilovaning eri uylanibdi. Uyiga boshqa xotin ham olib kelibdi. Hozir o‘qituvchimiz ham kundoshiga, ham uning ortidan ergashtirib kelgan o‘g‘liga qarayotgan ekan. Yetmaganiga eridan doim kaltak yeb, oilada quldek bo‘lib qolgan ekan, - dedi sinfdoshimiz Hotambek asabiylashib.

– Men senlarga o‘tgan yil aytgandim, borib, ustozning erini ta’zirini berib kelaylik, deb. Hammang tomoshabin bo‘lib o‘tirdilaring! - so‘zladi Barot.

– Ustoz mening qo‘shnim bo‘ladilar. Bechora o‘qituvchimizning ota-onasiyam yo‘q-da, tarafini oladigan. Aka-ukalariyam necha marta aralashishdi, befoyda. 5 yildan beri farzand ko‘rishmayotgani uchun oilada shunaqa azob berishyapti ekan. Ustozning o‘ziyam ota-onam yo‘q hovliga qaytib ketsam, aka-ukayu yanga-kelinlar yoniga sig‘indi bo‘lib qolamanmi, deb kaltaklarga chidab kelayotgan ekan, - yig‘lamsirab so‘zladi sinfdoshimiz Baxtigul.

Hamma sinfdoshlar o‘qituvchimiz qanchalar og‘ir damlarni boshidan o‘tkazayotganini his qilgandek jimib qoldik. Nechog‘li qayg‘urmaylik, ustozning oilaviy hayotiga hech qanday aralasha olmasligimizni anglab yetgandik...

Kunlar shu zayl o‘tardi. Biz ham, boshqalar ham, maktab ma’muriyati ham ustoz Ochilovaning «ko‘karib» kelishlariga ko‘ndik. Hatto, o‘ziyam shu ko‘yi dars soatlarini o‘tishdan tortinmay qoldi.

– Erta-indin maktabniyam tugatasizlar, Laylo qiz, yur, «sovxoz» markaziga borib, somsaxo‘rlik qilamiz, - dedi bir kuni ustoz men u bilan birga sumkachasini yelkamga ilib maktab zalidan tashqariga chiqar ekanmiz.

– Xo‘-o‘p! - dedim.

O‘qituvchim yo‘lbo‘yi bir nechta do‘konlarga kirib, bolalar kiyimlarini xarid qildi. «Kimga?» deb so‘ramadim, chunki bilardim: kundoshining o‘zi bilan olib kelgan o‘g‘liyu, uning yangi tuqqan qiziga atab kiyim-kechaklar olayotganini.

– Gullola qizimga yarashsa kerag-a, qara, qanaqa chiroyli ko‘ylakcha ekan,-dedi ustoz yana bir bolalar kiyimini olar ekan.

– Ha, - dedim ko‘zlari yonib turgan ustozga qarab.

Ikki sumka bolalar kiyim-kechaklari va o‘yinchoqlarini xarid qilgan ustoz bilan somsaxonaga kirdik. Bugun negadir o‘qituvchim xursand va kayfiyati yaxshi edi.

– Aminbekning tug‘ilgan kuni (o‘qituvchim kundoshining o‘zi bilan olib kelgan o‘g‘li haqida so‘zlardi) u bugun besh yoshga to‘ladi. Shu somsalardan uyga ham ko‘proq olib ketaman. Keyin  tort va shirinliklar ham olishim kerak, - chehrasi ochilib so‘zladi.

Bir tishlam somsani tishlar-tishlamas, ko‘zlarida yosh ko‘rindi.

– Yig‘lamang, ustoz!

– Hovliga kirishga yuragim bezillab qolgan. Erimnigina emas, kundoshimning ham turtkilaridan charchab ketdim. U hovlida xotinmanmi, cho‘rimanmi, bilmayman. Ota-onamning uyiga qaytib ketolmayman. «Chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqarida» bo‘lsa. Meni faqatgina kundoshimning bolalari o‘ziga ipdek bog‘lab olgan. Shundayam doim qizini mendan qizg‘onadi. Erkalab suysam, yomon ko‘rib, qo‘llarimdan tortib oladi. O‘z o‘g‘lini esa eriga begonaligini tushunib yetgani uchun ham mening tarbiyamga bergan. Shunisigayam shukur, - deb ko‘nglidagilarni to‘kdi o‘qituvchim.

– Keting, ustoz, shu oiladan, o‘z umringizni xazon qilyapsiz, juda chiroyli va yoshsiz, boshqa turmush quring, - dedim kattalarga xos so‘zlab azbaroyi o‘qituvchimga achinib.

Shu topda, kutilmaganda ustozim holsizlanib, hushini yo‘qotdi. Og‘zidan ko‘pik chiqib, ko‘zlari olayib boshladi. Qo‘rqib ketdim. Yuragim chiqib ketayozdi qayerdanam shu gapni aytdim, deb. Tezda atrofdagilar yordamga kelishdi. Qo‘shni qishloqdagi Fathulla amaki Muboshira ustozimizni «pat-pat» mototsikli – «Urali»ning aravasiga o‘tqazdi. Boshiga «kaska» kiydirdi. Mototsikl shamolida battar bo‘lmasin uchun o‘qituvchimning boshi uzra brezent mato tortdi. «Menam ketaman»lab, Fathulla amaki mototsiklining orqa o‘rindig‘iga o‘tirib oldim. Rayon markazidagi kasalxonaga ketdik. O‘sha paytlarda «Tez yordam»ning yetib kelishi amrimahol edi.

– Juda ko‘p toliqqan, asab tolalari charchagan. Qo‘l va badanlarida zarb dog‘lari bor. Ko‘ryapsizmi, tomog‘i ostida yangi iz paydo bo‘lgan. Militsiyaga xabar beramiz! Kimingiz bo‘ladi?  - so‘radi shifokor Fathulla amakiga qarab, bemorga birinchi yordam ko‘rsatib, tashxis qo‘yar ekan.

– Hech kimim, do‘xtir, qishloqdoshimiz, qo‘shni kelin... o‘zi yaxshi xotin, eri badjahl-da, do‘xtir, militsiyaga aytmay qo‘yaqoling, men shunchaki odamgarchilik uchun olib keldim, eridan baloga qolaman, do‘xtir, - dedi Fathulla amaki sarosima bilan har ikki so‘zining birida «do‘xtirlab».

Shifokor esa Fathulla amakining gapiga ko‘nmadi. Militsiyaga xabar berdi. Ustoz hushiga kelib, ko‘zini ochguncha vaqtda militsiya akalar Ro‘zi battolning (biz o‘qituvchimizning erini shunday atardik) oyog‘ini yerga tekkizmay olib kelishdi...

...Uch-to‘rt kundan keyin qishloqda «Ro‘zi battolni qamasharmish», degan gap-so‘z tarqaldi. Negadir, biz sinfdoshlar bundan xursand bo‘ldik. Yo‘q, ustoz erining xotini va bolalariga rahmi kelibdi. Militsiyaxonaga borib, eriga ish ochmasliklarini yozib beribdi. Biroq, qo‘shxotinlikka ayblashib, javobgar qilishibdi. Shundan so‘ng ustoz ota uyiga qaytibdi. Kundoshi esa «erim mening  o‘g‘limni o‘ziga begona ko‘rib, har kun cho‘qiyapti. Aminbekniyam olib keting, mendan o‘tganlari uchun kechiring, qiyomatli opa-singil bo‘lib qolaylik», - deb o‘g‘liniyam ustozga qo‘shib beribdi...

Ustoz ota uyiga qaytgach, asrab olgan arzandasi Aminbekni o‘zidan bir qadam ham uzoqlashtirmagan. Bora-bora o‘zi aytganidek, aka-ukayu, yanga-kelinlar oldida «sig‘indi»ga aylangan.

Bu ustozimizning keyingi «turmush - musht»lari sahifalarini yangilagandi...

– Sizlar maktabni tugatib ketdingizlar. Hatto, o‘zimni o‘ldirmoqchi ham bo‘ldim. Ammo, Aminbekning taqdiri uchun tashvishlardan osongina qutilish yo‘lini tanlash xayolidan kechdim. Nima bo‘lgandayam, kundoshimning menga ishonib bergan omonati. Bu hayotda boshqa suyanchig‘im bo‘lmasa. Avvaliga kundoshim kunora, keyinchalik haftada bir, oyda bir o‘g‘lidan xabar olgani kelib turadigan bo‘ldi. Biroq, erimning tazyiqlari unga ham tinchlik bermasdi. Bu orada u yana ikki o‘g‘il farzandli bo‘ldi.  Aminbek uchun bir qizu ikki o‘g‘lidan ham voz kecholmasdi. Aminbek ancha ulg‘ayib, aqlini yaxshigina tanigani uchun ham onasini tushundi. Katta bo‘lsa, o‘zi topib olishini aytdi. «Meniyam onam bor, oyi, singlim va ukalarimga yaxshi qarang», - deganida yoshidan ilgari ulg‘aygan o‘g‘lining gapidan kundoshim uni quchoqlab yig‘ladi.

Eh-heye, o‘zim tug‘ilib o‘sib, qaytgan hovlimda erimning uyidan ko‘ra ko‘proq azoblarni ko‘rdim. Hatto, yangalar Aminbekimga qasd qilib, uni hovuzga itarib yuborishdi. Allohimga shukr, bolaginam tirik qoldi, omon qoldi. O‘g‘lim ancha o‘ziga kelgach, qo‘limda bitta bo‘xcha bilan o‘g‘limni yetaklab, boshim oqqan tomonga, deb yo‘lga chiqdim. Kimga va qayerga borishni bilmayman. Katta «Zil» mashinasiga o‘g‘lim qo‘l ko‘tardi. «Zil» to‘xtadi. Biz mashinaga chiqdik. Keksa haydovchining «Qayoqqa ketyapsizlar» degan savoliga javob bera olmadik.

– O‘zimiz ham bilmaymiz, amaki. Meni yangam o‘ldirmoqchi bo‘lib, hovuzga itardi, - dedi o‘g‘lim ikkilanmay.

Haydovchi o‘g‘limning so‘zidanoq ko‘p narsani tushunib yetgandek bo‘ldi. Qoshlari chimirildi. Ammo, bosiqlik bilan.

– Iya, shundaymi, polvon. Unda omon qolganingni uyga borib nishonlaymiz. Xolabuving senga va oyingga zo‘r ovqat pishirib qo‘ygan, xo‘pmi? - dedi.

Men unamadim. Notanish odamning tomdan tarasha tushgandek uyiga olib «ketaman»lashi o‘zimga g‘alati tuyuldi. Eshitgan quloqqa yaxshi emas. Yo‘q joydan g‘alva orttirmay, dedim o‘zimcha o‘ylanib.

– Xotirjam bo‘l, qizim, ayolim ajoyib xotin. Ko‘nglingga har qanday yomon o‘ylarni keltirma. O‘g‘ling ham nevaralarim bilan chiqishib ketadi, - dedi bamaylixotir.

Jondor tumanidagi chekka qishloqlardan biriga keldik. Begona xotinni bir o‘g‘li bilan o‘ziga ergashtirib kelgan yoshi keksa haydovchini xotini qarshi olar ekan:

– Mehmonlar bilan keldingizmi, xush kelibsiz, bolam, - dedi xolabuvi meni ham, Aminbekni ham iliq qarshilab.

– Nosirjon ishdan qaytmadimi, nevaralar qani, ko‘rinishmaydi, chaqir, ularni sog‘indim. Keyin tezda ovqatingni suz, - dedi haydovchi amaki va menga qarab, yana so‘zida davom etdi, - qani, qizim, xolabuvingga qarash. Juda charchaganman.

Bir pasda xolabuvi bilan chiqishib ketdik. Oshxonada qovoq manti pishayotgan ekan. Dasturxon tuzadik. Negadir, ular mendan «kimsan, nimasan?» deb so‘rashmasdi. Men ham biror nima so‘ray olmasdim. Hozircha men va o‘g‘lim uchun muhimi boshpana edi. Ularning ikki qiz nevarasi bor ekan. Qizaloqlar ham Aminbekim bilan chug‘urlashib, til topishib ketishdi.

Oqshomda xolabuvi ichkari uyining birida ko‘rpa-to‘shak to‘shadi. «Aminjon, sen bu o‘ringa, Malika bilan Marhabo, senlar bu o‘ringa yotinglar. Biz esa buyoqqa», deya joy ko‘rsatdi xolabuvi va o‘ziga tegishli o‘rinda yonboshlab oldi.

– Odam keksayganda, pishir-tushir, mol-holga, bolalarga qarashga qiynalarkan-da, qizim. Hammayog‘im zirqirraydi-ya! - dedi.

– Uqalaymi, xolabuvi? - so‘rovimga «ep ko‘rsang, yo‘q demasdim», dedi.

Erimning kaltaklaganlaridan orttirganim chap qo‘l tirsagim o‘rnidan chiqqan va o‘z joyida shunday qotib qolgandi.

– Tirsagingga nima qilgan, qizim?

–...

– Ering tushmagurmi?

– Ha-a...

– Bilagingdagi bu ko‘karishlar hammi?

– Yo‘q, bu ko‘karishlar yangi, xolabuvijon... Akamdan ham ko‘p jabr ko‘rdim...

– O‘zim o‘rgilay, bolam, yarangni yaralamay, hammasi yaxshi bo‘ladi... Mening rahmatli kelinginam juda beozor edi-da. Ikki yil avval vaoft etdi. Qadri bilinyapti...

Xolabuvi bilan tonggacha chaq-chaqlashib chiqdik. Men o‘z hayotimni so‘zlab berdim. Aminbekka onalik qilib kelayotganimni, uning hayotini tahlikaga qo‘ymaslik uchun ota uyimdan ham chiqib ketganimni yashirmadim – o‘z taqdirini hikoya qilib berardi o‘qituvchim.

Ustozning so‘ziga ko‘ra, taqdir taqozosi ularni shu xonadonga yetaklab kelgan. Ayoli vafot etib, ikki qizi bilan qolgan Nosirjonga uni nikohlab berishgan.

– Bir o‘g‘lim yoniga ikki qizaloqliyam bo‘ldim. Allohimga shukur. Nosir tog‘ang ham Aminbekimga begonalik qilmadi. Qizlari qatori boshini siladi, - dedi ustoz.

Bir o‘g‘il, ikki qizga onalik qilgan ustoz o‘zi farzand tug‘masa-da, ularni ayab, asrab kelgan. Yillar o‘tib, o‘g‘lini oliygohda o‘qitishgan, qizlarni maktabga qo‘yishgan. O‘zi ham tumandagi maktablardan biriga ishga kirgan. 2004 yilda qayerdan ham Aminbekning o‘z otasi paydo bo‘lgan. Ularning oilasiga tahdid o‘tkazib, o‘g‘lini qaytarib olish talabi bilan chiqqan.

– O‘z tuqqan onamning turmushdagi adashuvlari sabab uch otani ko‘rdim. O‘z otam bo‘la turib, mendan, bolaligimda voz kechdingiz. Onamning ikkinchi eri qo‘lida xo‘rlanganimda qayerda edingiz?! Onam meni kundoshiga farzandlikka berdi. Endi mening onamdan yaxshi e’zozlaydigan onam bor. Menga hech qachon o‘gaylik qilmadi. Nosir otamdan ham minnatdorman va ular oldida qarzdorman. Siz esa menga hech kim emassiz, - deb Aminbekim otasini tan olmadi», - so‘zlardi o‘qituvchim.

Oradan 2 yil o‘tgach, Aminbekning o‘z otasi yana kelgan. Bu gal «meni boqasan!» degan talab qo‘ygan. Uni ayni uylantirish ma’rakalari bilan band bo‘lishgan bir paytda bu talab ustozning oilasini besaranjom qila boshlagan. Achinarlisi, bo‘lajak quda uyidan qaytayotgan ustozni ayni uyiga yaqin manzilda yolg‘iz uchratgan erkak unga jismoniy kuch ishlatgan: urgan, tepgan va yo‘lbo‘yidagi paxtazor yerga itarib yuborib, xo‘rlagan. Hayvoniy hirsga berilib, tajovuz qilishga ham uringan. Shundoq tomorqasi tomondan kelayotgan baqir-chaqir va qichqiriqdan Aminbek xavotirda otilib chiqqan va o‘z otasining betavfiqlarcha xatti-harakatini ko‘rib, g‘azabga mingan. Qo‘liga bolta ko‘tarib chiqqan.

– O‘g‘limning bolta ko‘tarib chiqqanidan bexabar edim. Faqat uning baqirib kelayotgan ovozini eshitib, «qutqar, o‘g‘lim, qutqar!» deb baqirardim. Kutilmaganda, menga tajovuz qilayotgan kundoshimning birinchi eri «vah» deb yubordi. Bir pasda hammayoq qonga to‘ldi. O‘g‘lim o‘zini ushlolmay, ustma-ust o‘z otasini bolta bilan ayamay urardi... «To‘xta, bolam, to‘xta!» deya chirmoviqday qo‘llariga yopishdim. O‘g‘lim hansirar, yig‘lar va uvvos solardi. «Men, men bo‘ynimga olaman, qoch, qoch», - deb ko‘p yalindim. O‘g‘lim qochmadi, ketmadi. Yolvorishlarim zoye ketdi. «Men uchun sizning nomusingiz muhim, onajon...» deya o‘g‘lim qontalash qo‘llari bilan titragancha meni mahkam quchoqlardi. Ona bola ancha paytgacha jim va sukutda bag‘irlashib qoldik. Bolam aybni men bo‘ynimga olishimga yo‘l qo‘ymadi. Militsiyaxonadayam, tergovdayam bu g‘ofilning qotili men ekanimni aytib, oyoq tirab oldim. Bo‘lmadi... O‘g‘ilginamni 14 yilga «kesishdi»...

Bu o‘y, bu dard meni yemirdi. Azbaroyi asab va og‘riqlardan bir yilda qo‘llarimdan boshlab, badanlarimda oq dog‘lar paydo bo‘la boshladi. Bir dardim o‘n dard bo‘lgandi. Bu holatda maktabdan ham ishdan chiqdim. Ro‘zg‘or yuki Nosir tog‘angga qolgandi. Shunday kunlarning birida qaynotam bilan erimning avtohalokatga uchrashgani haqidagi xabar hushimizdan ayirayozdi. Qaynotam voqea joyida o‘lgan, erim og‘ir tan jarohati olgan ekan. Bu og‘ir dard oilamizni tamoman sindirdi. O‘g‘lini nogironlik aravachasida ko‘rgan qaynonam bu dardni uzoq ko‘tara olmadi. «Menga bir narsa bo‘lsa, ikki nevaramu o‘g‘lim senga omonat, bolam», dedi va ketdi: qaynotamning yiloshini bermay turib, qaynonamniyam oxirgi manzilga kuzatdik...

Yaxshiyamki, shu ikki qizginamiz bor ekan, dardu jonginamizga malham bo‘lishdi. Men «kolxoz»ga ishga kirdim. Harna dori-darmon, qozon-tovoqqa yetar-yetmas bo‘lsayam... Bizga faqat bo‘lmay qolgan qudalarimiz qarashib turishdi. Ha, aytmoqchi, o‘g‘lim qamalgach, oradan 2 yil o‘tib, shunda ham bizdan rozilik olib,  keyin qizlarini turmushga uzatishdi. Na iloj, birovning baxtini ushlab turishga haqimiz qolmagan bo‘lsa.

Shundan so‘ng ayni balog‘at yoshidagi qizlarimga ko‘rpa qavish, tikish-bichish, pishir-tushirni o‘rgatdim. Qo‘ni-qo‘shnilarga ul-bul tikib, ro‘zg‘or ishlariga o‘zlari ancha bosh-qosh bo‘la boshlashdi. Erim ham poyafzalchilikni o‘zlashtirdi. Bilasan, el og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Har qadamda «qotilning onasi», «qotilning singlisi», «qotilning otasi» degan dashnomlar bizning ko‘cha-ko‘yga chiqib-kirishimizni ham ancha to‘sib qo‘ygandi. Ustiga-ustak,  «pesning qizi tikkan kiyimlarni kiymaymiz» deya qizlarimga aytilgan «otishmalar» ko‘ksimni xanjardek tilardi. Qizlarim bu gapni menga aytishmasa ham eshitardim. «Hafamasmisizlar, qizlarim. Menga yopishgan xastalik shu ekan,  ko‘ngillaringizga kelsa, mayli, osh-ovqatimni boshqa qilaman, rozi bo‘lsangizlar» dedim. Bu gapimni eshitgan qizlarim baqira ketishdi, bu mavzuga boshqa qaytmasligimni qattiq tayinlashdi. Biri qo‘yib, biri qo‘l-badanlarimga malham surishar, shifo istab, Allohga iltijolar qilishardi. Borlariga shukur ularning. O‘sha yillarda qishloq oqsoqoliga ko‘p bor yordam so‘rab chiqdik, evaziga kamsitilish oldik. Tuman markazidan ko‘mak so‘radik, ijirg‘anishdi, erta-indin, deb jim ketishdi. Oxiri, hech qayerga bormay qo‘ydik. Paxta dalalarida sochim ham oqardi. Gohida o‘qituvchilik chog‘larimni sog‘inar, o‘quvchilarga dars bergim kelar, ammo, qismatimning achchiq zarbalari jon-jonimni cho‘qirdi. Hech kimga aytolmagan dardlarimni dalalarga to‘kib, bo‘shataman. Shugina ikki qaro ko‘z qizim taqdirida baxtlar bitishini so‘rab-so‘rab yig‘lardim. Sog‘-salomat ulg‘ayishdi. Ko‘zga yaqin qiz bo‘lishdi. Maktabni tugatmay turib, ostonamizga sovchilar kela boshladi.  Shu orada seni ko‘p izladim. O‘g‘limning qamoqdan chiqishini tezlatish imkoni bormi-yo‘qligiga ko‘mak so‘rash uchun. Biroq, xastalik ustun keldi. Turli organlarga yugurganlarimiz ham zoye ketdi. Sud qarori chiqqan. Aybdor jazo muddatini o‘tashga majbur, deyishdi. Na iloj, onasining nomusi uchun navqironligini qurbon qildi bolaginam. Yillarning sinoatini qarang, Aminbekimning achchiq taqdirini eshitgan tuqqan onaizori – kundoshim ham bu dardni ko‘tara olmadi, 7-8 yil burun bandalikni bajo keltirgandi. O‘g‘lim qamoqdaligida bu xabarni yetkazmadik. Har yili zo‘rg‘a bir xabar olardik turmadagi bolamizdan. Tutingan otasi – Nosir tog‘ang ham ancha kuyindi Aminbek uchun. Katta qizim tushmagur ham toki Qarshidagi turmada «yotgan» akasidan fotiha olib qaytmadi – sovchilarga rozilik bermadi, - bir yig‘lab, bir kulardi ustoz.

Ustozning hikoyasiga ko‘ra, 2020 yil oxirlarida Aminbek jazo muddatini o‘tab qaytgan.

– Sochlari oqargan, g‘amdan ancha qartaygan salkam 36 yoshli qamalib chiqqan yigitga kim ham qiz berardi?! Ko‘p eshiklardan bo‘sh qo‘l bilan qaytdik. O‘g‘lim ish so‘rab borgan tashkilotlar ham yuziga eshik yopdi. Unga har ko‘zim tushganda, yuragim ilma-teshik bo‘lib ketardi. Ammo, yengilmadi, kurashdi. Nosir otasining hunarini oldi. Etikdo‘zlik bilan shug‘ullandi. Bo‘sh vaqtlarida odamlarning tomorqa ishlariga qarashdi. Tin olmay, mehnat etagidan tutdi bolaginam. Naridan-beri uy-joylarni suvoqladi. Qamoqdayam kitob o‘qib, ilmu hunar ham o‘rgangan ekan. O‘zini sinash uchun sirtdan o‘qishgayam topshirdi. Omadi chopdi. O‘zidan bir yosh katta, o‘qib-ishlab turmushga chiqmagan qiz bilan taqdiri bog‘landi. Hozir bir nafar bolasiyam bor. Quchog‘imni nevaraga to‘ldirishyapti. Ha, aytmoqchi, o‘g‘lim yaqinda kelinim bilan Romitandagi singlisiyu ikki ukasini izlab borgandi. Birinchi turmush o‘rtog‘im hali hanuz o‘sha qo‘polligini yo‘qotmagan ekan. O‘g‘limga jigarlarini ko‘rsatmay, qovoq-tushmuq qilibdi. O‘g‘lim «singlim va ukalarimni ko‘raman» deb o‘dag‘aylaganda, «san qotilsan-ku, maniyam o‘ldirmoqchimisan» deb izzat-nafsiga tegibdi. Bir necha bor qayta-qayta borishgandan keyin singlisi ham ikki ukasi ham akasi bilan yana qadrdon bo‘lishibdi. Ular ham turmush qurib, o‘z yo‘llarini topishgan ekan. Hozir aka-uka-singillar  tez-tez bizning hovlimizda ko‘rishib, to‘planishib turishadi. Hech biri bir-biriga o‘gaylik qilishmaydi. Alloh meniyam bag‘rimni to‘ldirib, shuncha farzandga onalik qilishimni taqdir qilgan ekan, bu man uchun ne’mat. Bularsiz hech kimman. Boriga shukur, yo‘g‘iga sabr qilib, umrim kosasini to‘ldirdim. Qizlarim o‘z-o‘zidan tinchishdi. Kuyovlarim tayinli chiqishdi. Aminbekimizning hali kam-ko‘sti ko‘p. Romitanlik ukalari Rossiyaga qatnashar ekan, olib ketamiz, deyishganda qarshilik qildim. Ko‘z oldimda yursin-da,  senlarni onang - kundoshginamning omonati, dedim. Shunday-da ham 14 yil uningsiz bag‘irginam tilinib yashagan bo‘lsam... Yo‘q, ukalari tushunishdi. «Akamning imoratini sozlab beramiz» deyishdi. Jonlari sog‘ bo‘lib, iymonlari butun bo‘lsa, qon-qarindoshlikni unutishmasa, bo‘ldi. Ortimizdan chiroq yoqib turishsa, bas...

***

O‘z tuqqan farzandi uchun bu qadar jonsarak bo‘lmaydigan ayrim onalar o‘rnida ustozni qo‘yib ko‘rdim. Bir umr «tug‘mas xotin», «qotil ona», «pes kampir» dashnomlarini sabr-bardosh bilan yengib, o‘zga onalar tuqqan farzandlarga mehru jonini bergan, turmush mushtlariyu zarbalari yo‘lida kasbu-koridan kechgan, 70 yoshdayam o‘z xohishi bilan paxta dalalariga oshiqib, dardu-hol, zahrini yerlarga sochib, uyiga yana mushfiqa bo‘lib qaytadigan ayol hali hanuz chinakam ustoz, degan maqomga munosib...

Suhbatga shu qadar singib ketgan edikki, tun atrofga to‘nini yoyganiniyam sezmay qolibmiz. Qaytishga oshiqdim. Qo‘yarda-qo‘ymay, «hali suhbatlarim ko‘p» deya bir kecha tunab qolishimni so‘radi.

Yana dasturxon atrofi bir-biriga uzoq, ammo, oqibat rishtalari bog‘lab turgan qon-qarindoshlarga to‘ldi. Oy g‘ira-shirasida yulduzlar miltillaguncha suhbat qizidi. Maktab davrlarida ustozning sumkachasini yelkamda ilib yurganimdan tortib, uning o‘rnida «o‘qituvchi» bo‘lganlarimgacha bolalariga so‘zlab berdi o‘qituvchim. Og‘riqli, tashvish sinovli onlardan tortib, mutoyibali onlarini biri qo‘yib, biri gapirib berayotgan, xuddi bir ota-onaning bolalaridek chug‘urlashayotgan aka-singillar chinakam mehr va oqibat siymolaridek ko‘z oldimda gavdalanishardi...

***

Oftob ko‘rpasidan endigina bosh ko‘tarib, xo‘rozlar qichqirayotgan pallada yo‘lga otlandim. O‘qituvchim sut, qatiq, saryog‘u meva-chevalardan hozirlab qo‘ygan ekan. «Bolalar uyg‘onishmasin, ustoz» deb darvozadan meni kuzatishga chiqayotgan ustoz bilan pichirlashib gapirayotganimda «Bizlar allaqachon uyg‘oqmiz, sizni turishingizni ko‘rib, beshtosh o‘ynamoqchi bo‘lib turgandik»-deya qiyqirib, qiqirlab bolalar paydo bo‘lishdi.  «Lanka»yu «uchar to‘p» ham o‘ynashdik bolalar bilan...

– Ustoz, «Damas» kelyapti. O‘zingizni asrang! - dedim kulimsirab atrofimdagi bolajonlar bilan ham xayr-xushlashar ekanman.

Yana ko‘rishishlik nasib etishini so‘rab, bag‘irlashdik. Ortdan qo‘l siltab qoldi ustozim bir etak bolalar bilan.

Yo‘l-yo‘lakay, shu mahalla raisining telefon raqamini izlab topdim. O‘zimni tanishtirib, mahallasidagi Muboshira buvining sobiq o‘quvchisi ekanimni aytdim. Bundan 10-15 yillar ilgari oilada sodir bo‘lgan og‘riqli holatlar, kamsitilish va turtkilashlar sabab  hech qayerdan yordam so‘rashmay qo‘yishgani, bugun uy-joyi, yashash sharoiti e’tiborga muhtojligi, oilani qo‘llab-quvvatlash lozimligi xususida insoniylik tushunchalarini o‘rtaga qo‘yib so‘zlagan bo‘ldim.

– Ha, xabarim bor, opa. Men bu hududga yaqinda mahalla raisi bo‘ldim. Bir necha kun ichida masala hal etiladi. Doimiy e’tibor va nazoratimga olaman, - dedi mahalla raisi.

***

Bugun tong saharda o‘qituvchimdan kelgan telefon qo‘ng‘irog‘ini hali chalinmay turib olgandek ko‘taribman.

– Nima qilding sen-a, bolaginam. Uch-to‘rt kun burun mahalla raisi kelgandi. Hashar uyushtirishib, devorlarimni sozlashdi. Kechagina yangi temir darvozayam o‘rnatishib ketishdi. Qishgacha tomlarimizni shefir ham qilib berisharkan. Kecha kechqurun hayron bo‘lib so‘raganimizda, ular sen telefon qilganingni aytishdi... -  hayajon bilan so‘zlardi ustoz.

– Yo‘g‘-ye, men emas, ustoz, hech kimga telefon qilmabman!

– Yana yolg‘on gapiryapsanmi, xuddi o‘tgan gal seni «Damas»dan ushlab, to‘xtatganimda «Sizni tanidim, esladim, ustoz...» deganingdek, - deya ham kulib, ham yig‘lab so‘zlardi ustoz.

Bo‘g‘zimga nimadir tiqildi.

– Ha. O‘shanda sizni tanimaganim va eslamaganim rost, ustoz.

– Sezgandim-da...

– Ammo, siz meni o‘zimga o‘zimni tanitdingiz! Ortda qolgan va chorak asrdan ortiq vaqt sizni bir marta ham yo‘qlamagan o‘quvchingizni kechiring... 

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring