Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Agar men ayol bo‘lganimda...

Agar men ayol bo‘lganimda...

Salomat trikotaj fabrikasiga shveysar (eshikbon – izoh A.A.) bo‘lib ishga joylashdi. U oyiga 80 lira maosh oladigan bo‘ldi. Buncha maoshga nafaqat bir odam,balki chorak odam ham o‘zini boqolmaydi. Ammo u o‘zining mehnatsevarligiga umid qilib ishlay boshladi. Xo‘jayin Salomatning tirishqoqligini ko‘rib maoshini oshirsa ajabmas.Shveysar lavozimi uning uchun past sanaladi albatta, lekin nima ham qila olardi? Dunyo o‘z muvozanatini yo‘qotgan bugungi kunda qanchadan-qancha odam bu lavozimga ham loyiq bo‘lmaganlar qo‘lida shveysarlikqilmoqda. Xo‘jayin va shveysarlar hozirda o‘zaro joy almashishgan.

 U maoshiga oz bo‘lsa-da qo‘shimcha daromad umidi bilan jonini jabborga berib tunu kun ishlay boshladi. O, agar u tungi qorovul bo‘lganidami edi!.. Fabrikaning tungi qorovuli oyiga 200 lira maosh oladi, ishi ham tinchroq.

 Agar inson bir narsaga erishishni chin dildan istasa, o‘sha orzusi ro‘yobga chiqadi. Kunlardan bir kun xo‘jayin uni huzuriga chaqirib dedi:

 – Ishing menga ma’qul.

 – Minnatdorman sizdan. Rahmat.

 – Oilalimisan, – so‘radi xo‘jayin.

 Salomat biron jinoyatda gumon qilinmoqdaman shekilli, deb tortinchoqlik bilan javob berdi:

 –Ha.

 Qilgan aybiga to‘laligicha iqror hamda xotirjam bo‘lish uchun boshini egib qo‘shib qo‘ydi:

 – Ikkita farzandim ham bor, bey afandi.

 Xo‘jayinning yuzida hamdardlik va andisha zohir bo‘ldi:

 – Iye, shu maoshga qanday yashayapsan?

 – Amal-taqal qilib yuribman, bey afandi.

 – Men senga bir yaxshilik qilay, ham shveysarlik, ham qorovullikni eplay olasanmi?

 – Eplay olaman, bey afandi.

 – Qisqasi, olti soat eshik oldida, yana sakkiz soat tungi navbatchilikda, jami o‘n to‘rt soat turishing kerak bo‘ladi. Shunda o‘n soat bo‘sh vaqting qoladi. Rozimisan?

 – Minnatdorman, bey afandi.

 – Tungi navbatchilikuchunmaoshingga o‘ttiz lira qo‘shaman.

 – Rahmat.

 Oyiga 200 lira maosh oladigan tungi qorovul ish payti qattiq uxlab qolgani sabab darhol ishdan bo‘shatildi, uning o‘rniga bizning shveysarni olishdi. Endiu kunduzi eshik oldida turadigan, tunda esa bo‘yniga soat osgancha fabrikani qo‘riqlaydigan bo‘ldi. Maoshi 110 liraga yetdi.

 U juda g‘ayratli va tartibli edi. Xo‘jayin ahmoq emas, kun kelib uning tirishqoqligini e’tiborga olib, o‘z xizmatchisini munosib mukofotlaydi, o‘ylardi u. Masalan, qani edi unga fabrika kotibi lavozimini bersa! Kotib oyiga uch yuz lira maosh oladi!..

 Agar inson bir narsaga erishishni chin dildan istasa, o‘sha orzusi ro‘yobga chiqadi. Xo‘jayin qorovulni huzuriga chaqirib dedi:

 – Ishing menga ma’qul, senga bir yaxshilik qilmoqchiman. Bilishimcha, sen tunda u qadar band emassan. Idora hujjatlari ishini ham olib borsang deb edim. Maoshingga 60lira qo‘shardim.

 Qorovul o‘yga cho‘mdi. U holda maoshi 170 lira bo‘ladi...

– Xudo xayringizni bersin, bey afandi, – dedi u xo‘jayinga.

 Oyiga 300 lira maosh oladigan fabrika kotibi ish payti xayol surish, kofe ichish, sigareta chekishdan bo‘shamagani uchun lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga bizning shveysar o‘tirdi. Endi u kunduzi eshik oldida turadigan, tunda esa qorovulxonaga yozuv mashinkasini o‘rnatib, turli-tuman qog‘ozlarga nimalarnidir ko‘chiradigan bo‘ldi.

 U ter to‘kib ishlay boshladi. Darhaqiqat, xo‘jayin ham ahmoq emas. Ertami yo kech o‘z xizmatchisi tirishqoqligini e’tiborsiz qoldirmaydi. Fabrika hisobchisi oyiga 400 lira maosh olarkan. Qani edi hisobchilik ham qilsa!..

 Agar inson bir narsaga erishishni chin dildan istasa, uning o‘sha orzusi ro‘yobga chiqadi. Kunlardan bir kun xo‘jayin Salomatni huzuriga chaqirdi.

 – Bilaman, bugungi kunda 170 lira pul emas, – dedi u, – maoshingizni oshirmoqchiman.

 – Minnatdorman, bey afandi.

 – O‘ylaymanki, bo‘sh vaqtingiz yetarli. Uyda bekor o‘tirgandan ko‘ra fabrika hisob-kitob ishlarini ham o‘z zimmangizga olsangiz yaxshi bo‘lardi.

 – Zimmamga olaman, bey afandi.

 – Juda yaxshi. Maoshingizga yana 45 lira qo‘shaman.

 Oyiga 400 lira maosh oladigan fabrika hisobchisi kirim o‘rniga chiqim, ko‘paytirish o‘rniga bo‘lish qilib yurgani uchun darhol ishdan haydaldi.

 Endi bizning shveysar 215 lira maosh oladigan bo‘ldi. U kunduzi olti soat eshik oldida turar, sakkiz soat fabrikani qo‘riqlar va bir vaqtning o‘zida yozuv mashinkasida nimalarnidir ko‘chirar, uyga kelgach esa hisob-kitob ishlari bilan band edi.

 Salomat tinim bilmay ishlaydigan bo‘ldi, vazifani talab etilayotganidan ham ortiq bajarishga urindi. Endi u ombor mudiri lavozimini ham olishni orzu qila boshladi. Mudir oyiga 400 lira maosh olardi!

 Agar inson bir narsaga erishishni chin dildan istasa, uning orzusi ro‘yobga chiqadi. Xo‘jayin uni yana xonasiga chaqirdi:

 – Sizga bir yaxshilik qilmoqchiman. Sizga fabrika ombor mudirligini taklif qilsam, nima deysiz?

 – Minnatdor bo‘lardim, bey afandi.

 – Juda yaxshi. Maoshingizga 35 lira qo‘shiladi. Boring, omborni qabul qilib oling!

 Ombor mudiri parishonxotir odam bo‘lib, ayrim mahsulotlarni omborga olib kirish o‘rniga beixtiyor o‘z uyiga kiritib yuborgani uchun darhol ishdan bo‘shatildi va uning vazifasini endi bizning qorovul bajaradigan bo‘ldi.

 U na kuch, na vaqtini ayamay tunu kun ishlayverdi. Axir xo‘jayin eshak emas, oxir-oqibat uning bunday fidoyiligini lozim darajada baholashi aniq. Darhaqiqat... Xo‘jayin uni chaqirib dedi:

 – Sizdan minnatdorman. Yaxshi ishlagan odam faqat yutadi. Shveysarlik ishi siz uchun munosib emas. Boshqa barcha lavozimlar zimmangizda qoladi. Ularga qo‘shimcha sizni fabrika direktori etib tayinlayman.

 Direktor? U o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi! Bu joyga u ko‘pdan beri ko‘z tikib kelardi. Agar inson bir narsaga erishishni chindildan istasa, o‘sha orzusi ro‘yobga chiqadi. Nihoyat, mana, u endi direktor.

 – Maoshingizga 90 lira qo‘shib beraman, – dedi xo‘jayin.

 Ammo agar u shveysarlik ishidan ozod etilsa, maoshi 80liraga kamayadi. Lekin direktorligi uchun maoshiga 90 lira qo‘shiladi, jami oyiga 260 lira bo‘ladi.

 Oyiga 500 lira maosh oladigan direktor xo‘jayinning kotibasiga «g‘amxo‘rlik » qilib yurgani sabab zudlik bilan ishdan haydaldi. Fabrikada qirqta ishchi, ikkita usta va yigirmata mashina bor edi. Salomat ishchi bo‘lib ishlamoqchimas – ishni bilmaydi, usta lavozimi xususida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Mashina ishini ham bajarolmaydi. Fabrika idorasida o‘zidan boshqa yana bir kishi – kotiba qiz qolgan.

 Ishdan bo‘sh paytlarida u kotiba qiz bilan gap sotib o‘tiradigan bo‘ldi:

 – Xo‘jayinning umri uzoq bo‘lsin, tilla odam. Men fabrikada shveysar bo‘lib ish boshlaganimda oyiga 80 lira maosh olardim. U menga tungi qorovul ishini ham berdi va oyiga 110 lira maosh oladigan bo‘ldim. Keyin meni kotib etib tayinladi, maoshim 170 liraga yetdi. So‘ngra hisobxonani ham ishonib topshirdi, oyiga menga 215 lira maosh to‘laydigan bo‘ldi. Keyin ombor mudirligini ham berdi, oyiga 250 lira ola boshladim. Endilikda esa boshqa lavozimlardan tashqari direktor ham o‘zim. Maoshim 260 lira!

 Kotiba qiz ham xo‘jayinni maqtay ketdi:

 – Men bu yerga 40 lira maoshga farrosh bo‘lib kelgandim. Keyin xo‘jayinning uyida tozalash va kir yuvish ishini ham oldim, maoshim 60 liraga yetdi. Keyin yozuv mashinkasida ham ishlaydigan bo‘ldim, maoshim 80 lira bo‘ldi. Bora-bora xo‘jayinga ovqat tayyorlash hamda xo‘jalik ishlarida yordam bera boshladim, buning uchun oyiga 100 lira to‘laydigan bo‘lishdi. Keyin esa... keyin, bilasizmi, men uning uchun kim bo‘ldim?.. Va buning uchun maoshimga 15 lira qo‘shildi. Endilikda oyiga 115 lira olyapman.

 Kunlardan bir kun u kotiba qizga dedi:

 – Sen juda ko‘p ishlayapsan va qattiq charchayapsan.

 Kotiba qiz ham unga muqobil javob qaytardi:

 – Nima, o‘zingiz kam ishlayapsizmi? Hozirgi maoshingiz kam emasmi? Nahotki qo‘shimcha daromad olishni xohlamaysiz?

 U kotiba qizga qarab o‘ylanib qoldi. Fabrikada uning o‘zi va shu qizdan boshqa hech kim qolmagani esiga tushdi. Kotiba qizning vazifasi haqida o‘ylay boshladi.

 – Yo‘q, yo‘q, – dedi u. – Hech qanday qo‘shimcha daromad topishni xohlamayman. Iltifot uchun rahmat. Agar men ayol bo‘lganimda-chi? Xo‘jayin seni ham ishdan haydar va mening maoshimga 20 lira qo‘shgan bo‘lardi... Yo‘q, yo‘q!.. Ishimdan juda mamnunman... Ha, ammo... agar men ayol bo‘lganimda!

(Aziz Nesin, turk yozuvchisi)

Abdumalik Abdurahmonov tarjimasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring