Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Tirikligim o‘limdan ham ortiq jazo bo‘ldi»: qotilning ayanchli hikoyasi

«Tirikligim o‘limdan ham ortiq jazo bo‘ldi»: qotilning ayanchli hikoyasi

Romitan tumanining chekka qishloqlaridan biriga kirib borar ekanmiz, mahalla raisi aytganidek haqiqatan ham bizni yo‘l muyulishida qo‘lbola yog‘och o‘rindiqda munkayib olib, etikdo‘zlik qilayotgan kishi qarshiladi.

Yuzlarini burama-burama keksalik ajinlari qoplab olgan, iyagi oldinga bo‘rtib chiqqan bu odamning do‘nqi peshonasi va kartoshkadek burni orasidagi ko‘zlari xuddi qisilib qolgandek. Bo‘yni orasiga botib ketgan boshini ko‘tarmay, poyafzal tikishdan to‘xtamadi. Bir bahya uni so‘zsiz kuzatdik.

— Jurnalistmisan, kel, aytishgandi,-bizga qarab-qaramay, so‘zladi u.

— Hm-m... assalomu alaykum, — deya oldik xuddi bolalikda qo‘rqitishgan devni ko‘rib turgandek zo‘rg‘a.

Haligi kishi xuddi nimadandir qo‘rqib, sapchib tushgandek bo‘ldi:

— Vaaleykum assalom..,— dedi, ko‘zlaridan yosh sizib chiqdi. Ko‘zyoshi shundoq yuzlarida o‘z izini qoldirdi. Hayron qoldik.

Biroz sukutdan keyin yana so‘z boshladi:

«...Menga hech kim shu paytgacha salom bermagan... Chunki shunga munosibman. Otamga o‘g‘il, onamga umid, xotinimga er, bolalarimga ota bo‘lolmadim.  Qo‘llarimni qonga bulab, 11 yildan ortiq vaqt qamoq jazosini o‘tab chiqqan bo‘lsam ham, marhumning ta’qibi menga tinchlik bermaydi. O‘zimni necha  martalab o‘limga mahkum qildim, yo‘q, bo‘lmadi. Tirikligim – menga o‘limdan ham ortiq jazo bo‘lyapti»,—qo‘llari qaltiradi etikdo‘zning.

Shuhrat Ortiqov - 1968 yilda, ukasi  Sherzod esa 1970 yilda Romitan tumanida tug‘ilgan.

Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, ota-onasi Botir Hamroyev hamda Xadicha Hamroyevalar noshud o‘g‘illar kasriga qolib, bevaqt o‘lib ketishgan.

«Hech esimdan chiqmaydi. Bolaligimizda ota-onamiz maktabda yaxshi o‘qishimiz uchun daladan beri kelmasdi, qora terga botib ishlashardi. Biz esa maktabda o‘qishni xohlamas, ularga yordam berishni istamas edik. Har doim qo‘limizga cho‘p va tayoq ushlab, bir-birimiz bilan «hujum-hujum» o‘ynardik, cho‘plarni pichoq qilib go‘yoki bir-birimizga sanchardik. Na tog‘ayu ammalarni, na amaki xolalarni tan olardik. Maktab boramiz, deb ko‘cha-ko‘ylarda sandiroqlab, kun o‘tkazardik. 18-19 yoshimizda ham bizga berilgan «tarbiya soat»lari bejizga ketgan. «Xudoni balosisanlar!» deya bizga baqirgan ota-onamizni ham xo‘rlab, kaltaklaganlarimiz ko‘p bo‘lgan. Yoz, hammasini ochiq yoz, yashirma, o‘sha paytda bizni Xudo urib qo‘ygan ekan. Bechora ota-onam eldan kam qilmay, ikkimizniyam uylantirdi. Birimiz ikki, birimiz uch nafar farzandli ham bo‘ldik. Ammo, bizni na xotin, na farzand, na ro‘zg‘or tashvishlantirardi. Ukamning xotini tikuvchilik ortidan ota-onamga qarashsa, men xotinimni qishloqdagi to‘ylarga raqqosalikka chiqishiga majburlaganman. Kunlarning birida ukam: «Xotining buzilib ketgan» degani uchun qirpichoq bo‘lganmiz. Ukam meni, men ukamni pichoqlab, bir-birimizga yaxshigina jarohat yetkazganmiz. Kunora biz uchastkavoy xonasida edik, tanbeh berishardi, mahalla-ko‘y aralashib, odamgarchilikka chaqirardi. Bari befoyda edi. Ukamning voyaga yetmagan o‘z qiziga tegajoqlik qilmoqchi bo‘lgani uchun xotini bolalarini olib, hovlidan chiqib ketdi. Bu ko‘ydan otam qon bosimi ko‘tarilib, vafot etdi. Oradan ko‘p o‘tmay, men ham xotinimni haydab soldim. Huvillagan hovlida ukam, men va onam qoldik. Bizning bevoshligimizdan noliyvergan onamizga ko‘p azoblar berdik. Urdik, tepdik, kaltakladik. Onaginam rahmatligimiz ko‘chaga otilib chiqmay, dardini ichiga yutib, umrguzaronlik qildi.

Shuhratning aytishicha, shunday kunlarning birida ularning hovlisiga uzoq yillardan buyon Rossiya Federatsiyasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan tog‘asi Komil Jabborov kelgan. Opasiga jiyanlari Shuhrat va Sherzodning bekor yurishgani, rozi bo‘lishsa, ularni chetga ishlash uchun olib ketmoqchi bo‘lganini, mehnatga o‘rgatishini aytgan. Avvaliga tog‘asining taklifiga ko‘nmagan aka-ukalar yaxshigina daromad, to‘kin  turmush taklifidan keyin rozi bo‘lishgan.

«Sank-Peterburgdagi hayotimiz birmuncha sokin o‘tdi. Tog‘amizning u-bu ishiga qarashib turdik. Karton qutilarga mevalar joylashtirish, ularni tashish va o‘rni kelganda, sotish ishlaridek. Jon kuydirib ishlamasak-da, yeganimiz oldinda, yemaganimiz ortda bo‘ldi. Bizga tog‘amiz ishonib, o‘ziga tegishli do‘konlardan tushadigan pullarni yig‘ishtirib olishni ham topshirdi. Biz esa pullarni to‘liq yig‘ib, yarmini tog‘amga, yarmini «hali berisholmasmish»ga chiqarib, cho‘ntakka ura boshladik. Shu ko‘yi yarim yilcha tog‘amning qo‘lida ishladik. Oradan ko‘p o‘tmay, tog‘am O‘zbekistonga bir necha oyga ketayotgani, barcha tadbirkorlik ishlarini ko‘nglidagiday uddalashimiz lozimligini ta’kidladi. Bu bizga yanayam qo‘l keldi. Qishloqqa ketgan tog‘am ikki-uch oycha qaytmadi. Biz ancha-muncha tadbirkorlikka «pishib» qolgandik.  Savdo pullarini o‘z vaqtida bermagan do‘kondorlarni ishdan haydadik. Do‘konlarimiz sifatli meva-chevalarga emas, arzon-garov mahsulotlarga to‘ldi. Bu bizga qiziqmas edi, shunday-da ham puldan pul  topib, «o‘ziga xon-ko‘lankasi maydon» yashay boshlagandik. Biz shunday nonko‘rliklar qildikki..»,-jahl aralash qo‘lidagi poyafzal tikuv ninasini taxta stolga urib-urib oldi suhbatdosh. U qizarib-bo‘zarib, qiyofasi yanayam xunuklashardi.

Shuhratning so‘zlashicha, tog‘asi qishloqdan qaytgach, jiyanlari uzoq yillik zahmatli mehnatlari evaziga erishganlarini parokanda qilishganiga guvoh bo‘lgan. Ularni ishdan haydamagan, ammo, yana shunday ko‘zbo‘yamachilik qilishsa, qat’iy chora ko‘rishini bildirgan.

«Tog‘am o‘ziga tegishli bo‘lgan eng yirik do‘konini sotdi. «Qo‘lida endi katta pul bor. Bizga emas, o‘ziga sarflaydi. Bunda bizning ham mehnatimiz bor. Nima qilib bo‘lsa ham bu pullarni qo‘lga kiritib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lish kerak!»  Ukam bilan shu o‘yga berilib, xufyona reja tuza boshladik. Tog‘am bilan bir uyda yashasak. Barcha pullar seyfda turadi. Seyfni buzib, barcha pullarga ega bo‘lish ishtiyoqi bizni o‘ziga mahf eta boshladi. Kunlarning birida aka-uka ikkimiz uyga vaqtli qaytdik va rejamizni amalga oshirishga kirishdik. Yerto‘ladagi bolta va armatura bo‘lagini olib chiqib, seyf qulfini buzdik. Seyfda biz yetti uxlab, tushimizda ham ko‘rmagan pullar bor edi. Bir chaqa ham qoldirmay, uydan endi olib chiqayotganimizda, eshikni o‘z kaliti bilan tog‘am ochib kirib keldi. Biz dovdirab qoldik. Avvaliga tog‘am hech nimani sezmadi. Hatto: «Iya, uydamidingizlar, shovvozlar. Ha, mayli, tog‘a-jiyanlar bir otamlashib o‘tiraylik. Sizlarga o‘zim qo‘lbola osh qilib beraman»,-dedi xushkayfiyat bilan... Biz esa ostonada qotib qolgandik. Ichkari uyga tog‘am kirar-kirmas biz juftakni rostlashga kirishgandik. Tog‘am uyga kirganda, ichkaridan eshikni qulflab ulgurgan ekan. Bizning qilmishimizni anglab yetishiga ulgurmay, ukam armatura bilan tog‘amning o‘ng qo‘liga zarb bilan urdi. «Bu pullar senlarga uy-joy uchun edi» degan so‘zini aytguniga qadar men tog‘amning boshiga boltani zarb bilan urib  bo‘lgan edim. Tog‘am polga hushsiz yiqildi. Ko‘p qon yo‘qotdi. Allaqachon uning joni uzilgan edi.. »,-bo‘g‘ilib so‘zladi suhbatdosh.

Holatga ko‘ra, aka-ukalar tog‘asini bolta va armatura bilan urib o‘ldirishgach, jasadni ko‘zdan yo‘qotish payiga tushishgan. Har qanday yo‘l bilan jasadni olib chiqishsa ham shubha ostiga qolishlari mumkin...

«Eng past va g‘ayir rejani tuzdik. Tog‘amning murdasini bolta bilan bir nechta bo‘laklarga bo‘lib, selofan xaltalarga soldik. Axlat olib chiqib tashlayotgandek xaltalarni tog‘amga tegishli bo‘lgan avtomashina yukxonasiga joyladik. Yashash joyimizdan uncha uzoq bo‘lmagan o‘rmonzorga kirib keldik. Atrofda hech kim yo‘q, havo sovuq, tuproq qattiq. Chuqur qazdik, choh kovladik. Tog‘amning bo‘laklarga bo‘langan jasadini ko‘mib tashlab, yerni tekisladik. Ustidan qurigan shox-shabbayu, xazon barglarni tashladik. Uyga qaytdik. Bitta ham iz qoldirmay, qotilligimizni «yopdik». Odam po‘stinini kiygan hayvonga aylandikmi, shunday paytda ham xech nima bo‘lmagandek, pullarni olib, Rossiyaning boshqa manziliga qochdik»,- voqelikni xuddi she’r yodlab olgan maktab o‘quvchisidek tez va vajohatda o‘ziga nafrat bilan so‘zlardi suhbatdosh.

Uning so‘ziga ko‘ra, oradan uch-to‘rt oy o‘tsa ham jinoyatlari fosh bo‘lmagan. Tog‘asiga tegishli do‘konlarni yurituvchi ishchilar uni va aka-ukalarni birorta azadorlikmi      yoki boshqa sabab bilanmi, Buxoroga vaqtincha muddatga qaytganga chiqarishgan. Biroq, so‘rab-surishtiruvlariga ko‘ra, hech qayerdan darak bo‘lavermagach, uning dom-daraksiz ko‘rinmay qolgani haqida politsiyaga xabar berishgan.

Ayni shu vaqtda o‘rmonda tozalash va ma’lum qismida qurilish ishlari boshlangan. Va qazilma ishlari jarayonida noma’lum shaxsning bo‘laklarga bo‘lingan ko‘milgan jasadi topilgan.

«2005 yilda sodir etilgan bu voqea Rossiya politsiyasi tomonidan ochilgan. Hali to‘liq chirib-bitmagan jasad egnidagi kostyum cho‘ntagidan Komil Jabborov shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, Rossiya Federatsiyasi tomonidan berilgan fuqarolik pasporti hamda haydovchilik guvohnomasi butunligicha saqlanib holda topilgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv hamda surishtiruv tadbirlari davomida aka-uka Shuhrat va Sherzod Ortiqovlarning qilmishlari fosh etilgan. Sud hukmi bilan ularning har biri o‘n bir yildan ortiq muddatga og‘ir tartibli kolonnalarda qamoq jazosini o‘tashgan»,-deydi holat yuzasidan ish olib borgan ichki ishlar xodimi Baxtiyor Rahmatov.

Sodir etgan qotilligi uchun  11 yildan ortiq muddat «o‘tirib chiqqan» Shuhrat Ortiqov o‘zi tikayotgan poyafzallarga olazarak tikilarkan, odamlar orasida shu poyafzallarchalik qadri qolmaganini aytdi.

«Tog‘amni o‘ldirib, jasadni bo‘laklarga bo‘lib, keyin ko‘mib, Rossiyaning boshqa shaharlaridan birida bir oycha yashab-yasholmay, qishloqqa qaytgandik. Jinoyatimiz ochilgach, bizga sud hukmi o‘qilayotganda, onam so‘z olib: «Ilohim, o‘lib o‘lmagin, o‘lim sendan yuz o‘girsin. Tirigingda xor bo‘lmasang, odamlar yuzingga qaray olmas darajada badbashara bo‘lmasang, oq sutimga rozi emasman!»-dedi. Qamoqda itday xor bo‘ldim. Turmadoshim bilan janjallashdim, yuzimga qaynoq suv sepdi. Burma-burish bo‘ldi yuzlarim. Ukam kasallikka chalinib, qamoqdayoq jon berib, vijdon azobidan qutildi. Mendan esa o‘lim ham hazar qildi. Jazoni o‘tab qaytdim. Odamlar nafratiga sazovormasmanmi, beshikdagi bolasigacha xuddi mendan hazar qilgandek. O‘zimni osdim, o‘lmadim. O‘zimni tokka tutdim, o‘lmadim. Bo‘ynimga tosh bog‘lab, suvga otdim, o‘lmadim. Onamning qarg‘ishi turma azobidan ham battar meni o‘tda kuydiryapti. Onamning tobutiga mahalla-ko‘y yelka tutgan. Biz, ikki bevosh o‘g‘il na onamizning, na otamizning tobutini yelkaladik. O‘tgan-qaytgan, katta-kichikka o‘zim salom beraman, ammo, na alik va na biror so‘z eshitaman. Meni tanimaganlar esa badbasharaligimdan ijirg‘anib qo‘yishadi. Shulardan biri – sen ham...»-ezilib so‘zlaydi Shuhrat.

«Agar men ijirg‘anganimda kelmas edim»,-deyman.

«Sen ham bir qarg‘ishga qolgan men – hayvondan ham battar bir odamning basharasini ochish uchun kelgansan-da. Ha, mayli, ammo, menga umuman rahming kelmasin»

«Sizga rahmim kelish haqida umuman o‘ylamadim, to‘g‘risi!»

«O‘tgan-qaytganning menga odamday o‘lim top, deb siylashiga muhtojman»

«Uzr, men qanday jinoyat sodir etganiga qaramay, o‘sha jinoyatchi qilmishidan ham ortiqroq jazo olishi tarafdoriman»

«Tushundim. Mening jirkanch hayotimni chiqar va bu boshqalarga saboq bo‘lsin»

Musofirchilikda qotillikka qo‘l urgan kimsa bilan suhbatimiz yakunlangach, ortga qaytdik...

***

Yaqinda qishloq chekkasidagi ariqlardan biridan uning jasadini topishibdi. Bir necha kun xazonlar tagida qolib, badbo‘y hid tarqatgan ekan. Odamlar qishloq mozoriga ko‘mishgan. Ketma-ket uch kun ko‘milgan jasadning go‘rdan tashqarida yotganiga guvoh bo‘lishgan.

«Go‘r qabul qilmadi, deyishgani shu-da! To‘rtinchi kun Shuhratning murdasini mozor chetiga ko‘mdik. Afsuski, bir necha kundan keyin jasadi shog‘ollar «hujumi»ga yem bo‘pti... Jasadning suyak va bo‘laklarini jamlab, xatmi qur’on tushirib, qayta ko‘mdik... »,— deydi qishloq oqsoqoli...

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring