Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Muqaddas narsasi grinkard bo‘lib qoladigan avlod paydo bo‘lmasligi kerak!» — Shodmonqul SALOM (video)

«110 metr balandlikda» loyihasida muqaddas tuyg‘ular haqida zabardast shoir, taniqli jurnalist, «Do‘stlik» ordeni sohibi Shodmonqul SALOM bilan suhbatlashdik.

Men nechun sevaman O‘zbekistonni,

Tuprog‘in ko‘zimga aylab to‘tiyo.

Nechun vatan, deya yeru osmonni,

Muqaddas atayman, atayman tanho.

– Shodmonqul vatanimizning muhtasham Toshkent teleminorasidan 110 metr balandlikdan O‘zbekistonni, Toshkentni kuzatib mana shu yuksaklikka chiqib beixtiyor xayolimdan Abdulla Oripovning ushbu satrlari o‘tdi... Qarang kuz tarovati taralib turgan ayni daqiqalarda sizning ham qalbingiz o‘zgacha yorug‘ tuyg‘ular bilan to‘lib toshayotgan bo‘lsa neajab. Suhbatimiz ham o‘zi-o‘zidan Vatan tuyg‘usi bilan boshlanadi. Nima deb o‘ylaysiz, shoir ulg‘aygani sayin uning Vatan haqidagi qarashlari, tuyg‘ulari ham o‘sib, ulg‘ayib boradimi?

 – Shoir tabiatning bir bo‘lagi. Xuddi daraxt kabi, giyoh kabi tabiatning farzandi. Daraxt qancha yoshi ulg‘aygani sayin ildizi, tomirlari yerga qancha chuqur botib borsa, shoir ham shu vatanga shuncha singib boradi. Inson ulg‘aygani sari Vatanni sevish degani, otaning ulug‘ligi, onaning qimmati degan tuyg‘ular kabi yanada mahobati, azizligi ortib boradi. Shuning uchun ham Vatan tushunchasiga har kuni murojaat qilolmaydigan bo‘lib qolarkansan...

Chunki Vatan mavzusi haqida shunchaki o‘ylash, hamisha bu haqida gapirish, shunchaki so‘zlash, shunchaki aytish azbaroyi gunohligini anglab borasan. Bugun muqaddas narsalarning nomi o‘zgarayapti, degan gaplar qulog‘imga chalinib qolayapti. Jumladan, Vatan mavzusida ham shunday. Qayerda kuning yaxshi o‘tsa o‘sha joy vatan, degan tushunchalar paydo bo‘layotgan emish?.. Men bunga qo‘shilolmayman, men bu fikrni kerak bo‘lsa tanqid qilaman. Hech qachon siyqasi chiqmaydigan so‘z bu: ONA DIYoR, shu VATAN!

Mening grinkardim chiqsa, Amerikada mazza qilib yashasam u yer mening vatanim bo‘lib qolmaydi. Inson insonligini unutsagina shunday bo‘ladi. Bobotog‘u Boysuntog‘larda cho‘ponlar yozda, qishda yana boshqa joylarda chorvasini o‘tlatib yuradi. Chorva uchun, molu podalar uchun qayerda qorni to‘ysa o‘sha yer yaxshi va qulay bo‘ladi. Lekin o‘sha tilsiz jonivorda ham vatan sog‘inchi bor. Uyini olti oydan keyin topib kelgan kuchuklar, itlarni bilaman. Shunday ekan odamning ham ko‘zga ko‘rinmas Xudo bergan ildizi bor. Bu ildiz shu Vatanning tuprog‘ida. Biz buni hech unutmasligimiz kerak! Qorin to‘yadi qayerda bo‘lsa, rizqni Alloh beradi. Lekin bu tuyg‘uni unutsak, bu tuyg‘udan mosuvo bo‘lsak biz hech kim bo‘lib qolamiz.

Shu o‘rinda Abdulla akaning bir she’ri bor: «Men bu yerda xorijda shifoxonadaman, o‘zimcha shoirman, O‘zbekistonda aziz kishiman, lekin bu yerda bitta bemorman, bitta o‘zbekman, bir musofirman» – deydi. Shuning uchun ham bejizga Vatan mavzusi hech qachon kun tartibidan tushib qolmaydi. Shuning uchun muqaddas narsalarimiz bo‘lishi kerak! Muqaddas narsasi grinkard bo‘lib qoladigan avlod paydo bo‘lib qolmasligi kerak!

Shuning uchun ham Vatan tushunchasi haqida har kuni gapirib bo‘lmas ekan. To‘g‘rirog‘i mumkin emas. Bizning vatandan qarzimiz ko‘p. Mana shu hudud, mana shu diyor bizni kamolga yetkazdi, ulg‘aytirdi, opichlab yuribdi. Biz bu yurtdan hamisha qarzdorligimizni hamisha his qilib turamiz. Siz tilga olgan Abdulla Oripovning she’ri ham bejiz yozilmagan, deb o‘ylayman. Mana shu O‘zbekistonning naqadar katta yurt ekanligini, o‘zbek qanday katta xalq ekanligini eslatadigan satrlar.

«Yurtning muhabbatini, erkni, istiqlolni birinchi bo‘lib istagan, qo‘msagan, his qilgan ham shoirlardir...»

– Xalq suyana oladigan ijodkorlar yaralishi kerak va bo‘lishi shart. Bugungi kunda shoirning jamiyatdagi vazifalari, mas’uliyati nimalardan iborat, deb bilasiz?

– Shoir hamisha vatanparvar bo‘lishi kerak! Shoir hamisha xalqining tarafida turib kurashishi, hamisha mana shu yurtning manfaatlari tomonida turib kurashishi shart. Bu uning Xudo buyurgan burchi. Shoir Vatan haqida yozmasa, Vatan xaqida bir so‘z aytmasa-da, yuragida aytilmagan, izhor qilinmagan bo‘lsa ham Vatanga katta muhabbati bo‘lmasa men bu shoirning e’tiqodiga, muhabbatiga shubha qilaman. Turli davrlarda ham ustoz shoirlarimiz bu vazifani bajarib keldi.

Vatanning dardi bilan yashash og‘ir yuk. Yurtning boshiga ish tushganda shoirlar hamisha birinchi qadamni qo‘ygan. Shuning uchun ham qatag‘on bo‘lgan ham, qatl etilgan ham shoirlar qavmidir... Yurtning muhabbatini, erkni, istiqlolni birinchi bo‘lib istagan, qo‘msagan, his qilgan ham shoirlardir... Shoir hamisha birinchi qadamda, oldinda bo‘lishi majbur va shart.

– Shoir bugun yelkasidagi yukni manzilga bekamu ko‘st yetkazayatimi?

– Bu savolga shaxsan o‘zim misolida aytsam, men o‘zimdan qoniqmayman. Yurtim va xalqim oldidagi mas’uliyatni to‘liq ado etolmayapman, deb o‘ylayman. Shoir hech qachon jamiyatdan yo‘q bo‘lib ketmaydi.

Albatta buning katta-kichik turli sabablari bor. Turmushning, hayotning tashvishlari bor. Lekin niyat ulug‘, maqsad katta, oldimga qo‘ygan vazifalarni albatta udda qilaman, bajaraman degan ahd bor, bel besh joyidan mahkam bog‘langan.

«Bugungi kunda Xalqining dilini, ko‘nglini asrab qolish, uning dardini olish shoirning muhim vazifasi, burchi deb bilaman.»

— Shoirning shaxsiyati nimalarda namoyon bo‘ladi?

– Shoir shaxsiyatining birinchi fazilati adolat. Adolatsiz shoir bo‘lmaydi. Agar shoir yolg‘onga qurbon bo‘lsa, uning yozganlari ham yolg‘on bo‘ladi. U hamisha haq va adolat tomonida bo‘lishi kerak! Shoir adolatdan, haq so‘zdan ko‘z yumsa, u Vatanga, she’rga xiyonat qilsa uning qalbidan she’r farishtalari ketadi. Bu ko‘ngli nozik she’r farishtalar bir ketsa qaytib kelmaydi.

Juda iste’dodli, nihoyatda talantli shoirlarni kuzatganman, ko‘rganman. Adolatga, haq so‘zga xiyonati tufayli o‘rtamiyonaga aylangan, hatto yozolmay qolishgan. Adolat birinchi o‘rinda shoirning qalbida hokim bo‘lishi kerak. Bugun biz turli darajadagi she’rlarni o‘qiyapmiz. Insonning ichki kechinmalari, shaxsiy tuyg‘ulari, hatto intim tuyg‘ulari ham she’rga ko‘chayapti. She’rning badiiy darajasi boshqa masala. Lekin mening nazdimda she’r birinchi o‘rinda rost so‘z bilan, haqiqat bilan yozilishi va xalqning dardi bo‘lib jaranglashi kerak!

Kimdir aytishi mumkin, stadionda G‘afur G‘ulomga o‘xshab 15 ming odamga she’r o‘qishning vaqti o‘tdi, deb. U davr qaysidir ma’noda o‘tgandir. Bugun bu vazifani ijtimoiy tarmoqlar bajarayapti. Bugungi ijtimoiy tarmoqda shu vazifani bajarish mumkin-ku? Bugungi shoirning mas’uliyati G‘afur G‘ulomning mas’uliyatidan og‘ir bo‘lsa og‘ir, lekin kam emas. Chunki odamlarni chalg‘itadigan, aldaydigan narsalar ko‘p. Bugungi kunda xalqining dilini, ko‘nglini asrab qolish, uning dardini olish shoirning muhim vazifasi, burchi deb bilaman.

«...Lekin men insonning insonga bo‘lgan sof, begidir, beta’ma, hech bir manfaatsiz muhabbatni ulug‘ tuyg‘u deb bilaman.»

— Muhabbat haqida fikringizni bilmoqchiman?

– «Muhabbatsiz kishidin qush bo‘lib qoch» – deydi So‘fi Ollohyor Hazratlari. U kishi nazarda tutgan muhabbat bandaning Alloh bilan o‘rtasidagi muhabbati deb talqin qilinadi. Lekin men insonning insonga bo‘lgan sof, begidir, beta’ma, hech bir manfaatsiz muhabbatni ulug‘ tuyg‘u, deb bilaman. Agar shu tuyg‘u bo‘lmasa biz ko‘rib turgan mana shu go‘zallikning bittasi ham bo‘lmasdi.

Agar dunyoda muhabbat bo‘lmasa, go‘zallikning hammasi yig‘ilib barbod bo‘lardi. Hayotda qiziq holatlar ko‘p bo‘ladi. Men bir holatdan doim hayratlanaman. Kimdir, kimgadir tug‘ilgan kuni munosabati yoki bir yaxshi kunida, yoki ko‘ngil izhori bilan bir dona gul sovg‘a qilish holati uchraydi. Dunyodagi ENG buyuk ishlarning bittasi mana shu! Hayotda insonning insonga gul sovg‘a qilishidek buyuk hodisa yo‘q. Men bu masrur holatni, dunyoda atom bombasini yaratishdan-da, dunyoni qutqarib qolishga arziydigan kashfiyotlardan ham kattaroq hodisa deb bilaman.

Bu gul bir necha soatlardan keyin so‘lishi, tarovatini, latofatini, iforini yo‘qotishi mumkin, lekin o‘sha lahza bor. Mana shu lahza, mana shu holat buyuk hodisa! Kimdir kimgadir ko‘ngil bog‘idan bir dona gul sovg‘a qilishida, o‘sha paytda o‘sha ko‘ngillarning qo‘l berib ko‘rishganini ko‘raman... ana shu paytda shu ikki bandaga Xudo xam mehr bilan qarasa kerak deb o‘ylayman. Yana aytaman, mana shu holat, insonning insonga gul sovg‘a qilishdek buyuk hodisa yo‘q men uchun dunyoda! Muhabbatsiz hayotning hech qanday ma’nosi qolmaydi. Hech qanday poeziya, she’riyat yo‘q, rishtalar, kashfiyotlar yo‘q . Busiz yashab bo‘lmaydi. Muhabbatsiz bu bo‘m bo‘sh dunyo!

«Abdulla Oripov bo‘lib rol o‘ynash shuncha mushkul bo‘lsa, Abdulla Oripov bo‘lib yashab o‘tish qanchalik qiyin bo‘lgan ekan degan o‘y o‘tdi»

– Yaqinda desam ham bo‘ladi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov haqidagi hujjatli film keng ommaga namoyish etildi. Filmda siz shoirning o‘smirlik, hayotining eng qizg‘in onlarini aks ettirgan davrini ekranda gavdalantirdingiz. Film haqida iliq gaplar bilan e’tirozlar ham yo‘q emas... Bunga munosabatingiz qanday?

– E’tirozlarga yaxshi qarayman. Abdulla Oripovning satri bor-ku, «har kimning go‘ri boshqa, azroili bo‘lakdir» – degan. Har kimning dunyoqarashi har xil, har kimning o‘z o‘lchovi bor. Qolaversa, har kimning o‘z Abdulla Oripovi bor. E’tirozlarning o‘rinlisi ham, mutlaqo assosizlari ham bor. Bitta gap. Abdulla Oripov shaxsiyatini 2 soatlik filmga sig‘dirib bo‘lmaydi. Bu film qancha chig‘iriqlardan o‘tib, xalqqa namoyish etildi. Eng muhimi xalqqa yoqdi. Minglab izohlarni o‘qib shu fikrni aytayapman.

– Nega aynan bu rolni siz o‘ynadingiz?

– Bu rejissyorning tanlovi. Bundan oldingi ovozsiz filmda ham men aynan shu rolni o‘ynaganman. Keyinchalik barcha jarayonlardan o‘tib bo‘lgandan keyin rejissyorga «meni tanlab to‘g‘ri qilibsiz» – dedim. Chunki men birinchidan Abdulla akaning shogirdiman. U kishini ozmi ko‘pmi bilaman. Shu jihatdan ozmi ko‘pmi nafim tegdi, deb o‘ylayman.

— Abdulla Oripov ruhiyatini qanchalik his qildingiz? Abdulla Oripov ruhiyati sizga qanchalik ko‘chib o‘tdi? Rol o‘ynash davomida qandaydir ilohiy hodisalar ro‘y berdimi?

– Abdulla aka tiriklik paytida o‘z hayotidan ko‘p voqea, hodisalarni aytib bergan. Men bu suhbatlardan Abdulla akaning tanlangan bandalardan ekanligini sezganman. Shubhasiz, Abdulla akaning qalbda iloh bilan bog‘liq rishtalar borligini sezganman. U Orif bobodek elni boqqan, elni ocharchilik paytlarida asrab qolgan insonning farzandi bo‘lib dunyoga kelgan, kamolga yetgan inson ekanligini tushunganman.

Insonni his qilish boshqa, lekin uning roliga kirish boshqa. Meni s’yomka jarayonida Abdulla akaning yuki bosgandek bo‘ldi. Ayniqsa, ustozning kayfiyatsiz holatlarini sur’atga olayotganda bu aniq sezildi. Shunda ko‘nglimdan bir gap o‘tdi, Abdulla Oripov bo‘lib rol o‘ynash shuncha mushkul bo‘lsa, Abdulla Oripov bo‘lib yashab o‘tish qanchalik qiyin bo‘lgan ekan degan o‘y o‘tdi.

«Agar sir qoladigan so‘zlar bo‘lmasa, qalb yalang‘ochlashsa, hammasi ochiq, oshkor bo‘lsa bu yerda poeeziya o‘ladi, biz istagan go‘zallik o‘ladi. Insonlarning yuragidagi cho‘g‘ o‘chadi.»

– Nima deb o‘ylaysiz she’riyat tarbiya vositasi bo‘lishi mumkinmi? She’r insonni tarbiyalay oladimi?

– She’r o‘qituvchi emas. She’rning bitta buyuk vazifasi bor, men uchun! She’r insonga insonligini eslatish uchun kerak! Aslida insonga insonligini eslata olsa bundan buyuk tarbiya ham yo‘q. U goho bir telbavor, goho bir selday shoshqin, dovulday bejilov... Lekin insonning qalbi bor.

Insonning qalbida qancha go‘zal, osuda kunlar bor bo‘lsa, shuncha qahraton qishlar ham bor. O‘zining harorati, o‘zining ranglari bor. Lekin u tabiatdagidek ketma-ket kelmaydi. U betartib keladi. She’riyat mana shuning aksi, ko‘rinishi, in’ikosi. Men ayrim she’rlarni o‘qib she’r deb e’lon qilinganiga e’tiroz qilgim keladi. Insonning eng nozik, o‘zi va Xudo o‘rtasida, ko‘ngil bergan va ko‘ngil qolgan kishisi o‘rtasidagi gaplarning she’r deb e’lon qilinishi munosib emas. Albatta, bu insonda bo‘ladigan holat. Aytilmaydigan, sir qoladigan so‘zlar bo‘lishi kerak! Agar sir qoladigan so‘zlar bo‘lmasa, qalb yalang‘ochlashsa, hammasi ochiq, oshkor bo‘lsa, bu yerda poeeziya o‘ladi, biz istagan go‘zallik o‘ladi. Insonlarning yuragidagi cho‘g‘ o‘chadi. Aytilmagan sir qolishi kerak! Aytilmagan muhabbatlar qolishi kerak, aytilmagan izhorlar qolishi kerak! O‘ziga bildirilmasdan qilingan yaxshiliklar ko‘p bo‘lishi kerak! Aslida poeziya mana shu! Agar men she’r yozmaganimda balki vrach bo‘lardim, kimyogar bo‘lardim, lekin juda qiynalib yashardim. O‘zimga yoqmagan bir hayotni yashab o‘tardim. She’r yozish, shoir bo‘lib yashash Xudo buyurgandek yashash deb bilaman! Xudo buyurgandek yashashni anglashning o‘zi katta yutuq!

– Adabiyotdagi renessansni nimalarda ko‘rasiz?

– Adabiyotda hali renessans bo‘lgani yo‘q. Biz o‘zbek jamiyatining uchinchi renessansiga Prezident boshchiligida poydevor qo‘yamiz deb bel bog‘lab turibmiz. Bu ish oson emas. Bu juda katta fidoiyliklar, zahmatlar hisobiga amalga oshadi. Ana shu renessensning ruhi she’riyatga ko‘chishi kerak! Qachon ko‘chgan, qachon bo‘lgan Renessans!? O‘sha Beruniy davridami, minglab giyohlarning nomini bilib, undan ortib mingdan ortiq ruboiylar yozgan Ibn Sino davridami? Yoki hammasi mana shu ko‘z oldimizdagi Shahidlar xiyobonida qatl bo‘lgan jadidlar davridami?

O‘sha paytdgai poeziyadan bugun biz uchinchi renessansni adabiyotga, she’riyatga ko‘chirishimiz uchun, buni she’rda aks ettirishimiz uchun eng avvalo o‘zimizdan g‘ururlana oladigan bo‘lishimiz kerak! Biz o‘zimizdan g‘ururlanmasdan, biz o‘zimizni to‘g‘ri ma’noda, yaxshi ma’noda yaxshi ko‘rmasdan buni qog‘ozga, she’rga, adabiyotga ko‘chira olmaymiz. Biz qachon faxrlanamiz? Biz o‘zimizning tilimizda gapirishni yaxshi ko‘rsak. Uch kishi turganda o‘zga tilda gapirganda, biz unga o‘zbekcha javob qaytaraolsak, o‘zbekcha gapirishini ta’minlay olsak, chinakam milliy g‘ururni ich-ichimizdan his qilsak, shundagina uchinchi renesansni adabiyotga ko‘chiramiz, ko‘chira olamiz!

«Mening ehtiyojim bor bu saytga. O‘ziga xos bir rakursi bor.»

– XABAR.UZ haqida sizning fikringiz qanday? Kuzatasizmi? Boshqalardan qanday farq qiladi?

– Mening kasbim yozish. Kasbim matbuot muharriri. Bu kasb bilan shug‘ulanganimiga ham 20 yil bo‘ldi. Men bu saytning o‘quvchisiman, kerak bo‘lsa foydalanganman, yangiliklarni kuzatib boraman. Ayrim saytlar uchta-to‘rttasi bir xil yangilikni bir xil tarzda beraveradi. Xabar.uzning o‘zining yuzi bor. Bu sayt voqeaga boshqacha qaraydi. Mening ehtiyojim bor bu saytga. O‘ziga xos bir rakursi bor. Operatoridan toritib, muxbirining izohi, sharhigacha. Bugungi dunyoda bo‘layotgan voqealarga xolis qarash Xabar.uzning asosiy mezoni, deb o‘ylayman. Jamoasi bilan tanish emasman. Lekin kadr ortidagi fidoyi, tinib-tinchimas, uzoqni ko‘ra oladigan muxbirlarning ishini sezaman.

O‘zbekiston xalq shoir Usmon Azimning shunday faylusufona she’ri bor ikki botir yurtga kelib qirning ustidan qarab, ikkita narsani ko‘rdi. Bu olamga kelgan odam istaganini ko‘rarkan, deb tugatadi shoir. Xuddi shunday Xabar.uzning ham o‘zining nigohi bor. Bu jurnalistikada eng muhim narsa. Xabar.uz jamoasiga rivoj tilayman, o‘quvchilari ortib, nufuzi yanada oshishini istayman.

 Ozoda Bekmurodova suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring