Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Meksikada koronavirusga chalingan uch egizak tug‘ildi

Meksikada koronavirusga chalingan uch egizak tug‘ildi

Foto: «RIA Novosti»

Meksikada dunyoga kelgan uch egizakda koronavirus aniqlandi, mahalliy tibbiyot boshqarmasi xodimlari ushbu holatdan hayron, deya xabar berdi «Sol de México» gazetasi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki o‘g‘il va bir qizdan iborat egizaklar 17-iyun kuni Meksika markazida joylashgan San-Luis-Potosi shtatidagi shifoxonalardan birida Kesar kesish bilan dunyoga kelgan. Qabul qilingan tibbiy qoidalarga binoan, chaqaloqlardan COVID-19 ga test olingan: baxtga qarshi, ular musbat chiqdi.

«COVID-19 ga chalingan egizaklarning dunyoga kelishi butun dunyo uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Eng hayratlanarlisi, ularning ota-onasida kasallik alomatlari yo‘q», — dedi shtat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Migel Anxel Lutsou Steyner. Uning ta’kidlashicha, egizaklardan faqat bittasida koronavirus alomatlari namoyon bo‘lgan.

«Bolalardan ikkitasining ahvoli barqaror deb baholanmoqda, faqat uchinchisida pnevmoniya qayd etilgan», — dedi shifokor.

Mutaxassislarning aytishicha, bu bir nechta chaqaloqning koronavirus bilan tug‘ilishiga oid birinchi holat sanaladi. Mahalliy tibbiyot muassasalari xodimlari virusning yo‘ldosh orqali yuqish-yuqmasligini o‘rganmoqda.

Hozir egizaklarning ota-onasi nazorat ostiga olingan. Ular COVID-19 ga tahlil topshirishgan: test natijalari hali chiqmadi. Chaqaloqlar va ularning ota-onasi bilan aloqada bo‘lgan tibbiyot xodimi ham izolyasiyaga olinib, koronavirusga tekshirilyapti.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring