Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

Markaziy Osiyoda yagona, lekin chet davlatlar tan olmaydigan Milliy universitet

Markaziy Osiyoda yagona, lekin chet davlatlar tan olmaydigan Milliy universitet

Taqdir taqozosi bilan chet elda magistratura bosqichini o‘qish nasib qildi. Bu bir tomondan O‘zbekistondagi bir qator kamchiliklarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rishga ham imkon yaratdi.

Avvalroq O‘zbekiston banklari orqali chet eldagi o‘qishga pul o‘tkazish masalasi juda qiyinligini blogimda yozgandim. Bu galgisi undan-da jiddiyroq muammodir. Quyida qisqacha shu haqda gaplashamiz.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti mamlakatimizdagi otaxon oliygohlardan sanaladi. Uning yoshi bir asrdan ham o‘tib ketgan. Ayrim iddaolarga ko‘ra, bu universitet Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi.

Lekin shunday nufuzli universitetni bitirib, magistraturani chet elda osongina o‘qiyman desangiz, adashasiz. Chunki OTM rahbariyati xorijiy davlatlarning OTMlari ro‘yxatiga Milliy universitetni kiritmagan.

Men ana shunday muammoga duch keldim. Men ketayotgan davlatning immigratsiya xizmati viza berish uchun Milliy universitet O‘zbekistonda tan olingan bo‘lishi kerak ekan. Axir u Markaziy Osiyoda yagona, eng mashhur va ko‘hna universitet-ku, deb qancha urinmay, bari befoyda ketdi.

Ma’lum bo‘lishicha, xorijiy davlatlarning viza berishga mo‘ljallangan xizmatlarida yoki ularning oliy ta’lim tizimida boshqa chet davlatlardagi barcha OTMlarning ro‘yxati bor. Ya’ni O‘zbekistondagi ko‘plab oliygohlar ham ushbu ro‘yxatga kiritilgan. Bunga o‘sha universitet rahbariyati va mas’ullari javob beradi. Afsuski, Milliy universitet mutasaddilari mazkur holatga yetarlicha e’tibor bermagan ko‘rinadi.

Masalani joyida hal qilish va shaxsan o‘rganish uchun universitetga bordim. Rektor qabulxonasidan o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor xonasiga yuborishdi. U yerdagilar esa o‘quv uslubiy kafedra mudiriga. Kafedrada Vohid aka bilan shu haqda gaplashdim. U ham nega bundayligiga hayron qoldi (balki shu paytgacha biror kimsaning aynan shu yo‘nalishga ishi tushmagandir). Keyin u ehtimol Milliy universitetning eski nomi (Toshkent davlat universiteti) qolib ketgandir, deya xulosa berdi.

Xullas, Milliy universitet O‘zbekistonda oliy ta’lim dargohi ekanini isbotlovchi biror hujjat ololmadim. Ular o‘sha chet davlatdan rasmiy murojaat yuborishsa, keyin bir parcha qog‘ozni berishlari mumkinligini ma’lum qilishdi.

Lekin yolg‘on bo‘lmasligi uchun aytishim mumkin, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘sha davlatning tan olingan ro‘yxatida borligi aniq dalil ekanini ayta olaman.

Bu yerda kim aybdor, aniq bilmayman, ammo shunisi ma’lumki, Milliy universitet xorijiy davlatlarning tan olingan ro‘yxatiga kiritilmagan. OTM rahbariyati shu paytgacha bunday yaxshi amalni bajarmagan.

Faqat bitta taskin bor, agar men eplab shu bir parcha qog‘ozni ololsam va O‘zMU oliy ta’lim dargohi ekanini chet elliklarga isbotlasam, OTMni bitirib, xorijga magistraturaga topshirgan mendan keyingi talabalar ko‘p va xo‘b duo qilishadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring