Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Sud zalida qamoqdan ozod qilindi» — Milliy universitetda yo‘qolgan nodir kitoblar ishi bo‘yicha qamalgan kutubxonachiga chiqarilgan hukm o‘zgardi

«Sud zalida qamoqdan ozod qilindi» — Milliy universitetda yo‘qolgan nodir kitoblar ishi bo‘yicha qamalgan kutubxonachiga chiqarilgan hukm o‘zgardi

Foto: «Xabar.uz»

2022-yil 10-oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida O‘zbekiston Milliy universitetining Axborot resurs markazi «Sharqiy» fondining umumiy bahosi 2 656 600 000 so‘m qiymatga ega noyob – 57 ta tarixiy qo‘lyozma asarlari, XIII-XIX asrlarga oid 12 ta toshbosma va 9 ta tarixiy hujjatlarini talon-toroj qilinib, juda ko‘p miqdorda davlat manfaatlariga zarar yetkazish hamda o‘ta muhim ahamiyatga ega, tarixiy-madaniy qimmatliklar haqida ma’lumot beradigan 341 ta inventar kitoblarini taqdim qilinmasligi oqibatida 45 ta noyob qo‘lyozmalar, 104 ta noyob toshbosmalarni, ya’ni davlat va jamoat tarixiy-madaniy boyliklarining yo‘qolib ketishiga sabab bo‘lgani yuzasidan O‘zbekiston Milliy universitetining Axborot resurslar markazi rahbari I. K. (1962 yilda tug‘ilgan) ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, hukm o‘qilgan edi.

Sud hukmi bilan Axborot resurslar markazi rahbari I.K. Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilib, 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan va 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Bugun, 6 dekabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasida Axborot resurslar markazi rahbari I. K. ga oid ish yuzasidan chiqarilgan sud hukmiga sudlanuvchi va uning advokati tomonidan berilgan apellyasiya shikoyati ko‘rib chiqildi.

Apellyasiya instansiyasi sudi shikoyatda keltirilgan vajlarni o‘rganib, sudlanuvchining ayblovidagi kitoblarni o‘zlashtirganligi tasdiqlanmaganligi, balki u o‘z mansab vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi o‘z tasdig‘ini topganligi sababli, Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2022 yil 10 oktyabrdagi Axborot resurslar markazi rahbari I. K. ga oid hukmi o‘zgartirilib, uning harakatlari Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandidan 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilindi.

Sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 227-moddasi 2-qismi «a,b» bandlari bilan, 45-moddaga asosan tayinlangan jazolar aslicha qoldirildi.

Jinoyat kodeksining 59, 61, 62-moddalari tartibida Axborot resurslar markazi rahbari I. K. ga o‘tash uchun uzil-kesil 6 oy 23 kun ozodlikni cheklash va 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, sud hukmining sudlanuvchidan O‘zbekiston Milliy universiteti foydasiga 2 642 600 000 so‘m miqdoridagi moddiy zararni undirish belgilangan qismi chiqarildi.

Axborot resurslar markazi rahbari I. K. ga tanlangan qamoqda saqlash ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring