«Mamlakatda eng ko‘p oylikni o‘qituvchilar oladi». Finlandiyadagi hamyurtimiz bilan suhbat (1-qism)
Bir necha oy muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda finlandiyalik o‘smir yigitning o‘zbek tilida o‘zbekistonliklarni o‘z mamlakatiga taklif etgani qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqargan edi. Garchi, videomurojaat hazil-mutoyiba tarzida qilingan bo‘lsa-da, ko‘plarimiz fin yigitining o‘zbek tilidagi biyron talaffuzidan xursand bo‘ldik. E’tiborlisi, mazkur holat hamyurtlarimizda Finlandiyaga nisbatan qiziqishni oshirdi.
Demak, «Xorijdagi vatandoshlar» loyihasining navbatdagi mehmoni Finlandiyada tahsil olayotgan hamyurtimiz Sunnat Samadov bo‘ldi. U Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Hozirda poytaxt Xelsinkidagi «Lappeenranta University of Technology»da magistratura bosqichida o‘qiydi.
— Suhbatimiz avvalida siz bilan yaqinroq tanishib olsak.
— Avvalo, «Xabar.uz» sayti uchun intervyu berayotganimdan xursandligimni aytib o‘tsam. O‘zim haqimda to‘xtalsam, maktab va akademik litseyni Buxoroda o‘qiganman.
2016-yili Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Telekommunikatsiya fakulteti bakalavr bosqichini tamomladim. Keyin bir muddat universitetimizning o‘zida labaratoriya mudiri, so‘ng «Innova» kompaniyasida tarmoq injeneri bo‘lib xizmat qildim. Ish davomida bilimlarimni oshirish va xorijga borib tajriba to‘plash istagi paydo bo‘ldi.
2017-yilning iyun oyida Yevropa Ittifoqining «ERASMUS MUNDUS» loyihasi doirasidagi PERCCOM (Pervasive Computing and Communications in Sustainable Development) dasturi bo‘yicha magistratura bosqichiga qabul qilindim.
Ushbu magistrlik dasturi orqali har bir semesterni Yevropaning turli davlatlarida o‘qishingiz mumkin. Shunga ko‘ra, men birinchi semesterni Fransiyadagi «University of Lorraine»da, ikkinchi semesterni hozir o‘qiyotgan oliygohimda, uchinchi semesterni Shvetsiyadagi «Lulea University of Technologies»da o‘qidim. Ayni paytda to‘rtinchi semestr yana Finlandiyada davom etyapti.
— Fransiya, Finlandiya va Shvetsiya davlatlarining taraqqiyot omillarini nimalarda ko‘rdingiz?
— Ochig‘i, bu haqida o‘zim ham juda ko‘p o‘ylaganman. Ba’zida o‘zimga «O‘zbekistonni mana shunday rivojlangan davlatlar darajasiga olib chiqish uchun nimalar qilish kerak?», «Men buning uchun nimadir qila olamanmi?» kabi savollarni berib turaman. Chunki har bir inson qayerda bo‘lmasin, o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurti har jihatdan obod bo‘lishini xohlaydi...
O‘ylashimcha, bu davlatlarning rivojlanish omiliga sabab ularning o‘z mamlakatida sifatli ta’lim tizimini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ya olganida bo‘lgan. Buni nafaqat ushbu davlatlar, balki qolgan boshqa ko‘plab rivojlangan mamlakatlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Yana qariyb ikki yildan beri yashab ko‘rganlarimdan – yevropaliklarning o‘z xizmat vazifasini kichik xodimdan to katta rahbargacha hamma sidqidildan bajarishga intilishi havasimni keltirgan. Bu ham o‘z navbatida ta’limga borib taqaladi. Ya’ni yevropaliklar ta’lim jarayonida o‘quvchi ongiga o‘z xizmat vazifasini vijdonan bajarishni singdira olgan.
— Finlandiyadagi ta’lim jarayonining O‘zbekistondagidan qanday farqli jihatlari bor?
— Fikrimni bildirishdan oldin Finlandiya Ta’lim vazirining so‘zlaridan iqtibos keltirib o‘taman: «Biz (Finlandiya)da o‘quvchilarga uyga vazifa deyarli berilmaydi. Bolalar, avvalo, bola bo‘lishi va hayotdan zavq olishi uchun ularda vaqt qolishi kerak!..» Bu gaplardan tushunishi mumkinki, Finlarning ta’lim tizimiga bo‘lgan qarashi biznikidan tamoman farq qiladi. Bilishimcha, boshlang‘ich sinf bolalari maktabda o‘rtacha haftasiga 20 soat vaqt sarflaydi va bu tushlik vaqtini ham o‘z ichiga olgan.
E’tiborlisi, bu yerda o‘quvchilar standart test imtihonlarini topshirishmaydi. Bunga javoban «Biz bolalarni imtihonga emas, balki hayotga tayyorlaymiz» – deyishadi, fin o‘qituvchilari. Bundan tashqari maktablar reytingi ham tuzilmaydi.
Maktablar poytaxtda bo‘ladimi yo kichik bir hududdami hammasi bir xil sharoit va jihozlanishiga alohida e’tibor qaratiladi. O‘quvchilar o‘rtasida ham raqobat rivojlantirilmagan, ya’ni bir o‘quvchi boshqasining bahosini bilmaydi.
Menga eng yoqadigan jihatlardan biri o‘qituvchilarni odatda hech kim tekshirmaydi. Ya’ni o‘qitish metodlarini tanlash o‘qituvchining o‘ziga bog‘liq. Albatta, Ta’lim vazirligi tomonidan o‘qitish dasturi tasdiqlangan. Ammo u faqat tavsiyalarni o‘z ichiga olgan.
Shuningdek, Finlandiyada o‘qituvchilik kasbi eng sharafli va nufuzli kasblardan. Shu boisdan bu kasbni egallovchilarga qat’iy qo‘yilgan talablar bor. Ammo o‘qituvchining maoshi ham shunga yarasha. Mamlakatda eng ko‘p oylikni o‘qituvchilar oladi, desa ham bo‘ladi.
Mana shunday ta’lim tizimi va o‘qituvchilarga e’tiborni O‘zbekistonda ham bo‘lishini istardim. O‘ylashimcha, bizdagi eng katta kamchiliklardan biri bu – o‘qituvchilarimizning qog‘ozbozliklarga ko‘mib yuborilgani va ana shu qog‘ozlarni tekshiradigan turli xil tashkilotlardan keluvchi «komissiya»lardir.
Ochig‘i, oilamizda ko‘pchilik o‘qituvchi bo‘lib ishlagani uchun ularning soatlab vaqtlarini turli hisobotlar tayyorlash, konspektlar yozish, jurnal to‘ldirishga va hakazolarga sarflab kelishini ko‘rib ulg‘ayganman.
Xohlardimki, Yevropada bo‘lgani kabi o‘qituvchilarimiz faqat bor e’tiborini dars o‘tishga qaratishi, va eng muhimi o‘z kasbini sevib undan bahra olib yashashi kerak.
— Finlandiyadaliklar O‘zbekiston haqida qanday taassurotga ega?
— To‘g‘risini aytsam, finlandiyaliklar mamlakatimiz haqida ko‘p ham ma’lumotga ega emaslar. O‘zbekiston deganimda, aytilishi yaqin bo‘lganidanmi ko‘pincha Afg‘oniston yoki Pokiston bilan adashtirishadi.
Lekin o‘zbekcha gapira oladigan finlar ham bor. Misol uchun yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali fin yigitining o‘zbekcha gapirib o‘zbeklarni Finlandiyaga taklif qilgan videosi tarqaldi. Bu albatta quvonarli holat.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Intervyuning ikkinchi qismi tez kunda saytimizda e’lon qilinadi. Keyingi qismda finlar xarakteri, fincha hammom va shu kabi boshqa qiziqarli ma’lumotlarni olishingiz mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter