Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mamarizo Nurmurodov: «Pulni almashtirish bilan valyutamiz qadri oshib qolmaydi»

Mamarizo Nurmurodov: «Pulni almashtirish bilan valyutamiz qadri oshib qolmaydi»

Bugun, 26 oktyabr kuni Markaziy bankda matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi va unda MB raisi Mamarizo Nurmurodov hamda qator rasmiylar ishtirok etishdi.

Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bazaviy inflyasiya yil boshidan pasayib sentyabrda 10,3 foizni tashkil qilgan. Aholi va tadbirkorlarning kelgusi 12 oylik inflyasion kutilmalari avgust oyidagi o‘sishdan so‘ng mos ravishda 13,5 va 14,2 foizgacha pasaygan. Markaziy bankka ko‘ra, global inflyasion jarayonlarning davomiyligi bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Asosiy savdo hamkorlardagi inflyasiya darajasi va almashuv kurslarining joriy dinamikasidagi vaziyat so‘mning real samarali almashuv kursini mustahkamlanishiga bosimlarni kuchaytirmoqda.

Iqtisodiyotning real sektorida ijobiy tendensiyalar kuzatilib, joriy yilning 9 oy yakuniga ko‘ra, YaIM o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 foizga o‘sgan. Iqtisodiyotda yalpi talabning ijobiy o‘sish dinamikasi davom etmoqda, bu ko‘rsatilayotgan bozor xizmatlari hajmining o‘tgan yilga nisbatan 12,1 foizga, savdo va pullik xizmatlardan pul tushumlari hajmining 28 foizga o‘sishida namoyon bo‘lgan.

Shu bilan birga, transchegaraviy pul o‘tkazmalari yuqori baza effekti hisobiga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33,7 foizga qisqargan bo‘lsa-da, 2021 yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga o‘sgan.

Banklararo pul bozoridagi faollikda ham o‘sish kuzatilib, o‘rtacha tortilgan banklararo depozit va repo stavkalari to‘liq foiz koridorida shakllangan.

Ijobiy real foiz stavkalari depozit bozorining chakana segmentida yuqori faollikni ta’minlamoqda. Sentyabr oyida aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 21,1 foizni tashkil etib, 1 oktyabr holatiga muddatli depozitlar qoldig‘ining yillik o‘sishi 47,1 foizni, jumladan, jismoniy shaxslarning muddatli omonatlari o‘sishi 52,3 foizni tashkil etgan.

«So‘mning qadrsizlanib boraverishi ortidan pulni almashtirish masalasi ko‘rib chiqilmayaptimi?» degan savolga Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov shunday javob berdi:

– Avvalo bir ma’lumotni eslatib o‘tsam – yil boshidan beri dollar qiymatining o‘sishi 8,3 foizni tashkil qilgani holda inflyasiya bu davrda 9,2 foizni tashkil qildi. Ya’ni dollar kursi o‘sishi inflyasiyadan past. Eng muhimi, biz bir narsani bilib olishimiz kerak, pulni almashtirish, undagi nollarni olib tashlash bilan valyuta qadrli bo‘lib qolmaydi. Bunga erishish uchun boshqa omillar kerak.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring